Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:42

Toshkentda odam savdosida ayblangan sobiq militsioner va sheriklari sudlandi


O‘zbekistonda 2013-2015 yillar orasida yurtdoshlarini Qozog‘iston va Rossiyaga noqonuniy ravishda jo‘natish bilan mashg‘ul bo‘lgan guruh ustida hukm o‘qildi. Sputnik nashrining xabar qilishicha, odam savdosida ayblangan bu guruh a’zolaridan biri sobiq militsioner bo‘lgan.

To‘rt kishidan iborat jinoiy guruh faoliyatini tekshirgan tergovchilar undagi har bir a’zoning o‘z vazifasi bo‘lgan, degan xulosaga kelganlar.

Xususan, Fazliddin Husanov xorijda ishlashni istagan kishilar ro‘yxatini tuzish bilan shug‘ullangan. Buning uchun u alohida daftar tutgan va bu o‘ziga xos “ma’lumotlar ombori”da muhojirlarning ism-familiyasidan tashqari ularning jo‘nash va chet eldagi ish joyiga yetib borish muddatlari ham batafsil yozilgan. Guruh buxgalteriyasi bilan ham shu odam shug‘ullangan.

“Poytaxtda asosan Farg‘ona vodiysidan kelgan odamlarni maxsus joylarda yig‘ish ishlari uchun Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasining sobiq xodimi Qobil Tolipov mas’ul bo‘lgan.

Tolipov sherigi tuzgan ro‘yxat bo‘yicha odamlarni “Qo‘yliq” bozori oldida to‘plagan va ularni o‘zining “Damas” avtomashinasida o‘zbek-qozoq chegarasidagi chegara-nazorat maskaniga qadar olib borgan”, deb yozadi Sputnik nashri huquq-tartibot idoralaridagi manbasi so‘zlariga tayangan holda.

Guruhdagi Hasan Fayziev zimmasiga esa mehnat muhojirlarini “G‘ishtko‘prik” chegara-nazorat punktidan o‘tkazib, qozog‘istonlik sheriklari qo‘liga topshirish vazifasi tushgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Fayziev huquq-tartibot idoralarida tanish-bilishlarga ega bo‘lgan, bu esa jinoyatchilarning ma’lum muddatgacha javobgarlikdan qutulib qolishi uchun zamin yaratgan.

Guruhning to‘rtinchi a’zosi Olimjon Ortiqboev viloyatlardan “jonli tovar” yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, u xorijga ketishni istagan muhojirlar to‘planadigan va vaqtincha yashab turadigan joylarda nazoratchi vazifasini ham bajargan.

Guruhning barcha a’zolari Toshkent viloyatida yashaganlari, muhojirlar to‘planadigan maskanlar ham shu viloyatda bo‘lgani aytilmoqda.

Jinoiy guruh muhojirlarning so‘nggi partiyasini Qozog‘istonga 2015 yil may oyida chiqargan va o‘sha paytda huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur ish bo‘yicha mahkama jarayonida guruh a’zolari ayblariga to‘la iqror bo‘lganlar va qilmishlaridan pushaymon ekanlarini bildirganlar.

“To‘rtala jinoyatchi ham O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortildi” deb yozgan Sputnik nashri guruh a’zolarining qaysi biriga qanday jazo berilganiga aniqlik kiritmagan.

XS
SM
MD
LG