Линклар

O‘zbekistondagi eng yirik banklardan biri hisoblangan “Asaka” bankining boshqaruv raisi Qahramon Oripov hibsga olinishi ortidan moliyaviy idoraning qator boshliqlari ham valyuta ayirboshlash bo‘yicha jinoyatlarga aloqadorlik gumoni bilan so‘roq qilinmoqda. Bank mulozimlari avtomobil savdosi bilan bog‘liq valyuta ayirboshlash operatsiyalaridan tushadigan valyutani muntazam ravishda "qora bozor"ga chiqarib, ikki baravar qimmatga sotish bilan shug‘ullangani haqida iddaolar bor.

“Asaka” bankidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Toshkent shahar prokuraturasining Valyuta, soliq va noqonuniy daromadlarni legallashtirish jinoyatlariga qarshi kurash departamenti bir haftadan buyon bankda taftish o‘tkazmoqda.

"Asaka" banki boshqaruvi raisi Qahramon Oripov 2 fevral kuni lavozimidan chetlatilgan.

"Asaka" banki boshqaruvi raisi Qahramon Oripov 2 fevral kuni lavozimidan chetlatilgan.

Olib borilayotgan surishtiruvlar shubhali valyuta operatsiyalari bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, taftish doirasida “Asaka” bankining Investitsion faoliyatni muvofiqlashtirish va monitoring deparatmenti, Kreditlash departamenti boshliqlari vazifasidan chetlashtirilgan.

"Bankning asosan valyuta, kreditlash departamenti faoliyatini qattiq tekshirishyapti. O‘tgan hafta bank boshqaruvi raisi hisbga olinganidan keyin Kreditlash boshqarmasi boshlig‘i Sulton Qoldiboev lavozimidan olindi. Investitsion faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring deparatmenti boshlig‘i Jahongir Gaybullaevich ham ishga kelmayapti, xonasi muhrlangan. U ham ketgan bo‘lishi mumkin",- dedi "Asaka" bankining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan xodimi.

1996 yilda ta’sis etilgan “Asaka” bankining asosiy faoliyati O‘zbekistondagi avtomobilь ishlab chiqarish sohasini kreditlashga qaratilgan. Bankning asosiy hissadori “O‘zavtosanoat” shirkati hisoblanadi.

O‘zbekiston hokimiyat idoralariga yaqin deb ko‘riladigan Uzmetronom.com nashri mamlakatda mahalliy avtomobillar savdosi sxemasi mavjudligi, avtomobil savdosidan keladigan valyuta tushumlari "Asaka" bankiga tushishi va bu mablag‘lar bankdagi maxsus odamlar tarafidan suiste’mol qilinishi haqida yozdi.

O‘zbekistondagi bank amaldorlari valyuta kursining hukumat belgilagan va "qora bozor"dagi kursi o‘rtasidagi farqdan mo‘may daromad ko‘rib kelishgani aytiladi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va narxi AQSh dollarida belgilanadigan mashinalarni sotib olish uchun xaridor avvalo O‘zbekistondagi “Kapitalbank” yoki "Asaka" bankida valyuta hisobini ochishi va mashina narxining 85 foizini naqd dollarda shu hisobga qo‘yishi talab qilinadi.

Uzmetronom.com nashriga ko‘ra, valyuta ayirboshlash operatsiyalaridan keladigan dollarlar muntazam ravishda "qora bozor"ga chiqarilib, ikki baravar qimmatga sotiladi.

O‘zbekistonda so‘nggi oylarda “qora bozor”da so‘m qadrining keskin pasayishi va dollar narxining keskin ko‘tarilishi ortidan banklardagi shubhali valyuta operatsiyalari hukumat tepasidagilar e’tiborini tortgan, demoqda kuzatuvchilar.

Bundan oldin Toshkentdagi “Ipoteka” bankining bir necha rahbar xodimlari valyuta ayirboshlash bo‘yicha jinoyatlarga aloqadorlik bilan hibsga olingani xabar qilingandi.

O‘zbekistondagi “Ipoteka” banki boshqaruvi a’zolari valyuta boyliklarini noqonuniy sotish kanalini tashkil etish va aholiga sotish uchun ajratilgan valyutalarni o‘z tanish-bilishlari orqali o‘zlashtirganlikda ayblanib, uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi “Xalq banki” va “Kapitalbank”da ham Toshkent shahar prokuraturasining Valyuta, soliq va noqonuniy daromadlarni legallashtirish jinoyatlariga qarshi kurash departamenti xodimlari tekshiruv olib borayotgani haqida xabarlar bor.

XS
SM
MD
LG