Линклар

Qoraqalpog‘istonning Amudaryo maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchilariga yana metallolom solig‘i solindi. Kollej o‘quvchilarining Ozodlikka iddao qilishicha, 30 kilogrammdan metallolom yoki 10 ming so‘mdan pul topshirmasa, amaliyot o‘tkazishga ruxsat berilmasligi aytilgan. Kollej rahbariyati bu iddaoni inkor qilmoqda.

Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumani maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining barcha o‘quvchilariga o‘n kun ichida 30 kilogrammdan metallolom topshirish majburiyati yuklandi.

Bu haqda Ozodlikka maktub yozgan bir guruh kollej o‘quvchilariga ko‘ra, agar ular topshiriqni bajarmasa, amaliyot o‘tkazishga ruxsat berilmasligi aytilgan:

“Biz Amudaryo maishiy xizmat kasb-hunar kollejining uchinchi bosqich o‘quvchilarimiz. Kecha sinf rahbarimiz har birimiz o‘n kun ichida 30 kilodan metallolom topib, kollejga olib kelishimizni buyurdi. Kollej direktori aytgan ekan. Kollejimizdagi 400 o‘quvchining hammasi, qiz bolalar ham topshirishi shart ekan. O‘tgan yili ham shunday topshiriq bo‘lgandi. Temir-tersakning o‘zi hech qaerda yo‘q. Qaerdan qidirib topishga ham hayron bo‘lib qoldik. Toki shuni topshirmas ekanmiz, amaliyot o‘tishga ruxsat berishmas ekan”, deb yozadi bir guruh o‘quvchilar.

Ozodlik bog‘langan kollej o‘quvchilaridan birining iddao qilishicha, metallolom topolmagan o‘quvchilar, uning o‘rniga pul topshirishi aytilgan:

“O‘qituvchimiz kimki metallolom topolmasa, 10 ming so‘mdan beradi, dedi. Temir-tersak topolmasligimiz aniq. Endi otamdan shuning pulini so‘ramoqchi bo‘lib turibman”, dedi o‘quvchilardan biri.

Amudaryo maishiy xizmat kasb-hunar kollejining direktori Bahrom Qodirov Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchilarga metallolom solig‘i solingani to‘g‘risidagi iddaoni inkor qildi:

“Bizda metallolom degan narsa yo‘q. Qaysi kollejning texnikasi bo‘lsa, o‘shalarda bor, bizning o‘quvchilar metallolom yig‘maydi”, dedi kollej direktori Bahrom Qodirov.

Ozodlikning Amudaryo tumani hokimiyatida ishlaydigan manbasi esa hatto maktab o‘quvchilariga ham metallolom yig‘ish topshirilganini aytadi:

“Kollej direktori bekor aytibdi. Hokim hamma tashkilotlarga shunday topshiriq bergan. Maktab o‘quvchilari ham yig‘yapti, duxturlar ham yig‘yapti, boshqa tashkilotlar ham. Temir-tersakning urug‘i ham qolmagan. Lekin buyruq bor, qaerdan bo‘lmasin topish kerak. Bo‘lmasa pulini yig‘ib berish kerak”, dedi manba.

O‘zbekistonda o‘quvchilardan metallolom, makulatura yoki obuna uchun pul talab qilinishi mamlakatning barcha kollej, litsey va maktablarida muntazam davom etayapti.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining metallolom jamg‘arish haqidagi qarorini bajarish mas’uliyati, asosan, maktab-kollejlar o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangan.

Keyingi paytlarda hatto bog‘chalarga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga ham metallolom solig‘i solinmoqda.

XS
SM
MD
LG