Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:20

Jizzaxda fermerlardan 13 000 so‘mlik no‘xatni 2 500 so‘mdan olmoqchilar


Jizzax viloyati Baxmal tumanilik fermer Ozodlikka yo‘llagan xatida tuman hokimi fermerlarni dalasining bir qismiga no‘xat ekish, yetishtiriladigan hosilni esa, u aytgan shirkatga sotish nazarda tutilgan shartnomani imzolashga majburlayotganidan shikoyat qildi.

Baxmal tuman hokimligi mulozimi, Ozodlik savoliga javoban, fermer shikoyatida tilga olingan holatni na tasdiqladi va na inkor etdi. Biroq u masalaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan muhim bir gapni aytdi.

Baxmallik fermerdan kelgan:

“Baxmal tumani hokimi kechagi majlisida fermerlarga majburiy kredit olishini aytdi. Bundan tashqari dalaga kamida bir gektar yerga majburiy no‘xat ekishi va uni yetishtirgandan so‘ng hosilni hokim aytgan firmaga kilosini 2500 so‘mdan topshirishini aytdi. No‘xatning hozirgi narxi 13 000 so‘m”.

Ozodlik xat muallifi bilan bog‘landi. Ismi aytilmasligi va ovozi eshittirmasligini so‘ragan fermer xatida keltirilgan gaplarni tasdiqladi, kredit va no‘xat masalasi ko‘tarilgan yig‘ilish 10 fevral kuni bo‘lib o‘tganini aytdi.

Fermer xatidagi gaplarni boshqa baxmallik tasdiqladi

Fermer suhbat chog‘ida aytgan boshqa gaplarni keltirmaymiz, chunki uning aytganlarini boshqa bir baxmallik – Ozodlikning faol tinglovchisi Ochil Mirzaevdan eshitdik.

- Kredit masalasini bilmadimu lekin no‘xat masalasidan xabarim bor, dedi Mirzaev.

Uning aytishicha, Baxmalning lalmi yerlarida dehqonchilik qiladigan fermerlar, odatda, har yili yer maydonining 10 foyiziga dam beradi, 10 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ana o‘sha dam olishi kerak bo‘lgan yerga bu yil no‘xat ekish buyurilgan.

Shartnoma sharti

Ochil Mirzaev 10 fevral kuni yig‘ilishda qatnashgan qishloqdoshlari - mahalliy fermerlarning aytganlariga tayanib, bunday dedi:

- Bir ishbilarmon gektaridan 350 kilodan no‘xatning har kilosini 2500 so‘mdan topshirish to‘g‘risida fermerlar bilan shartnoma tuzayapti.

No‘hat narxi va "orti baquvvat" ishbilarmon

Mirzaevning aytishicha, shu kunda eng arzon no‘xat Baxmalda:

- O‘zbekiston bo‘ylab no‘xatning eng arzoni bizda. Kilosi 13 000 so‘m. Mana shunday sharoitda o‘sha ishbilarmon fermerlar bilan 2500 so‘mdanga shartnoma tuzayapti ekan, chunki uning orqasi baquvvat, dedi Ochil Mirzaev.

- Kim o‘sha baquvvat odam? Tuman hokimimi?

- Yo‘q, bizda hokim majbur qilmaydi. Uning bajaruvchilari bor. Qiladigan ishlariga shayton ham hayron qoladigan amaldorlar bor, hamma ishni o‘shalar bajaradi, dedi Ochil Mirzaev.

- Shaxsan Siz taklif qilinayotgan shartnomani imzolagan bo‘larmidingiz?

- Bunday shartlar bilan imzolash u yoqda tursin, bunday shartnomani taklif qilgan odamni sudga bergan bo‘lardim, dedi Ochil Mirzaev.

Uning gaplaridan kelib chiqilsa, shartnomani imzolagan fermer, no‘xatni topshirish muddati kelganda, qarz bo‘lib qolishi ham turgan gap:

- Men no‘xat yetishtirish bo‘yicha mutaxassisman. Bir gektar yerdan ob-havo yaxshi bo‘lgan yilda 500 kilogacha no‘xat olish mumkin. Lekin buncha hosil olish uchun juda katta harajat qilish kerak bo‘ladi. Ba’zi yillarda 200 kilo ham, hatto 100 kilo ham no‘xat ololmaysiz, dedi Ochil Mirzaev.

Ilm-fan nima deydi?

Baxmallik suhbatdoshimizning gaplari tasdig‘ini Navoiy viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi rasmiy saytida e’lon qilingan maqoladan topdik:

“Agarda namgarchilik kam bo‘lsa no‘xat past bo‘yli bo‘lib kam shoxlaydi va hosildorligi <har gektaridan> 2-3 sentner, nam ko‘p bo‘lgan yillarda esa 5-6 sentner don olinadi”.

Maqolada aytilishicha, lalmi sharoitda no‘xat gektariga 50-60 kg.dan kam ekilmasligi shart. Aks holda tup sonini kamayishi evaziga hosildorlik pasayib ketadi.

Bo‘sh vaqtingizda hisoblab ko‘rishingiz uchun ma’lumot:

Demak, baxmallik fermer 1 ga yerga ekish uchun 60 kg no‘xatni bozordan 13 000 so‘mdan sotib oladi. Urug‘lik sotib olishga ketadigan mablag‘ga hosilni yetishtirish uchun qilinadigan harajatlarni qo‘shing.

Har gektaridan 350 kilo hosilni esa, kilosini 2500 so‘mdan topshiradi.

Baxmal tuman hokimligi mulozimi Ozodlik savoliga fermer shikoyatida tilga olingan holatni na tasdiqladi va na inkor etdi. Lekin u bu yil no‘xatning eksport qilinadigan mahsulotlar qatorida ekanligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG