Линклар

logo-print

Tarkibiga o‘n yetti davlat, BMT va Arab mamlakatlari vakillari kirgan Suriyani dastaklash guruhi a’zolari bu mamlakatda bir haftadan keyin otashkesim joriy qilish haqida o‘zaro kelishib oldilar. Bu haqda Rossiya, Eron, Turkiya, Saudiy Arabistoni va boshqa mamlakatlardan bo‘lgan hamkasblari bilan Myunxenda besh soatdan ko‘proq muzokara olib borgan AQSh davlat kotibi Jon Kerri jumaga o‘tar kechasi bildirdi.

Kerriga ko‘ra, muzokaralarda Suriyaning qamalda qolgan shahar va qishloqlaridagi aholiga insonparvarlik yordami etkazib berish ko‘lamini kengaytirish va tezlashtirish haqida ham kelishuvga erishilgan.

Bu kelishuv BMT homiyligida o‘tayotgan va o‘tgan haftada to‘xtab qolgan Suriya bo‘yicha tinchlik muzokaralarining qayta boshlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, AQSh va Rossiya raisligidagi ishchi guruh bir hafta ichida sulh bitimiga oid detallarni o‘zaro muvofiqlashtiradi. Biroq, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bitimni hayotga tatbiq etishning kechiktirilishi Rossiya tomonidan dastaklanayotgan Suriya hukumati kuchlariga isyonchilarga qarshi hujumlarni davom ettirish imkoniyatini beradi.

Vashington Suriyada o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan, Moskva esa otashkesim sanasini 1 martga ko‘chirishni istayotgan edi.

XS
SM
MD
LG