Линклар

Ukasi va qarindoshlarini sotib yuborgan qashqadaryolik yigit 5 yilga kesildi. Andijonda dollarni qalbakilashtirgan guruh ushlandi. Hujjatsiz kirakashlar kasriga qonuniy taksi korxonalari kasodga uchramoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Yangi elektron gaz hisoblagich o‘g‘irliklarni kamaytiradi

Joriy yildan Toshkent shahri va viloyati, birinchi galda Yunusobod va Qibray tumanlari xonadonlarida elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatila boshlaydi (“Oila davrasida”, 11 fevral). “O‘ztransgaz” kompaniyasi boshqarma boshlig‘i Erkaboy Alievga ko‘ra, 2017 yilgacha mamlakatdagi 1 million 172 ming abonent to‘liq elektron hisoblagichga o‘tkaziladi. Iste’molchida gaz sarfi bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelsa, elektron hisoblagich avtomatik ravishda tabiiy gazni blok holatiga tushiradi. Pul to‘langanidan keyin gaz uzatish yana avtomatik ravishda tiklanadi. Shu bilan birga, yangi hisoblagichlar vositasida gazdan o‘g‘rincha foydalanishga chek qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Dollarni qalbakilashtirgan guruhga namanganlik ayol boshchilik qilgan

Andijon viloyat prokuraturasi katta miqdordagi AQSh dollarini qalbakilashtirgan jinoiy to‘dani fosh qildi (“Huquq”, 11 fevralь). Jinoiy guruhga asli namanganlik, Turkiyaning Istanbul shahrida yashagan Unsin Rahimova boshchilik qilgan. Rahimova Turkiyada tergovda aniqlash imkoni bo‘lmagan yo‘llar bilan tayyorlangan soxta dollarlarni yordamchilari orqali O‘zbekistonga olib kirib tarqatgan. Shu tariqa O‘zbekistonning turli bozorlarida 80 ming AQSh dollari miqdoridagi soxta banknotlar muomalaga kiritib yuborilgan. Jinoiy ishning boshqa tafsilotlari ma’lum qilinmagan. Qayd etilishicha, jinoiy to‘da a’zolari qilmishiga yarasha jazolangan.

“Islom davlati” ijtimoiy tarmoqlar orqali 17-40 yosh oralig‘idagi kishilarni o‘z safiga og‘dirmoqda

WhatsApp ayni paytda O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olinayotgan dastur sanaladi. Shu bilan birga Telegram ham keng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlardan hisoblanadi. Har kuni 3000 o‘zbekistonlik Telegram’ga a’zo bo‘lmoqda (“Postda”, 6 fevral). Toshkent islom universiteti tadqiqotchisi Komiljon Shermuhammedovga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar odamlar og‘irini yengil qilish barobarida, millatlar va dinlar o‘rtasida nizo hamda adovat uyg‘otuvchi xabarlar makoni bo‘lib qolmoqda. Masalan, “Islom davlati” jangari guruhi 17-40 yosh oralig‘idagi kishilarni ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z saflariga og‘dirmoqda. Shu sababli mutaxassis ijtimoiy tarmoqda ongli ravishda foydalanishni tavsiya etgan.

O‘zbekiston mehnat migrantlarini yuborish bo‘yicha Polsha va Ummon davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqda

O‘zbekiston mehnat migrantlarini yuborish bo‘yicha Polsha hamda Ummon davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqda (“Xalq so‘zi”, 10 fevral). Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi yuristi Aziz Inakov ma’lum qiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyada ishga yollashni tashkillashtirish to‘g‘risidagi bitim loyihasi ko‘rib chiqilish bosqichida turibdi. Agentlik vakili O‘zbekiston mehnat migratsiyasi bo‘yicha Koreya bilan hamkorligiga ham alohida to‘xtalgan. Qayd etilishicha, Janubiy Koreyada ayni paytda 15,1 mingdan oshiq o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda.

Ukasi va qarindoshlarini sotib yuborgan qashqadaryolik yigit 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Qashqadaryo viloyati Koson tumani Yangiobod mahallasida yashagan Madrahim Nodirov odam savdosida ayblanib 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Qarshi tumani prokurori Akmal Sayfiddinovning “Huquq” gazetasiga ma’lum qilishicha, sudlanuvchi M.Nodirov mo‘may daromadli ish bor deya va’da berib, tug‘ishgan ukasi Akmal Nodirov, jiyanlari J.Mirkuyotov, B.Jumaqulov va yana olti nafar mahalladoshini Qozog‘iston fuqarolariga sotib yuborgan. Jabrdiydalar O‘zbekistonga qaytgach, huquq idoralariga murojaat etgan va M.Nodirov mahkamaga tortilgan.

Behayo videosi tarqalgan xonanda Tamillani qo‘llab-quvvatlagan Lola Yo‘ldoshevaga chora ko‘rilishi mumkin

Behayo videosi tarqalgan xonanda Tamillaning xatti-harakatini ijtimoiy tarmoqlar qo‘llab-quvvatlagan xonandalar Lola Yo‘ldosheva va Aziza Nizomovaga chora ko‘rilishi mumkin (“Darakchi”, 11 fevral). “Instagramda xonandalar L.Yo‘ldosheva va A.Nizomova hamkasbining xatti-harakatini qo‘llab-quvvatlayapti. Bu uyat-ku! Aksincha, Tamillani tartibga chaqirish o‘rniga tarafkashlik qilishyapti. Yaqin kunlarda shu masala yuzasidan katta yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirganmiz... Ularga bunday behayolikni qo‘llab-quvvatlashni qat’iyan man qilamiz”degan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi litsenziya bo‘limi boshlig‘i Odil Abduqahhorov. Joriy yil 27 yanvar kuni Telegram tarmog‘ida xonanda Tamilla aks etgani taxmin qilinayotgan ikki behayo video tarqaldi. Buning ortida xonandaning litsenziyasi bekor qilingan.

Hujjatsiz kirakashlar kasriga qonuniy faoliyat yuritayotgan taksi korxonalari kasodga uchramoqda

Toshkent shahrida shaxsiy avtomobilida kirakashlik qilayotgan haydovchilar ko‘paygani sababli qonuniy tarzda faoliyat yuritgan taksi korxonalari kasodga uchramoqda (“Toshkent oqshomi”, 9 fevral). Shahar hokimiyatga nashriga ko‘ra, litsenziyasiz kirakashlik qilayotgan haydovchilar byudjet tushumlarini kamaytirib qolmay, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi hamda avtohalokatlarga sabab bo‘lmoqda. “Aholi o‘rtasida yo‘nalishsiz taksiga ehtiyoj ko‘payayotganidan foydalanib, shaxsiy avtomashinasida kirakashlik qilayotganlar ko‘paygandan ko‘paydi. Xalq ham ularni tanib qoldi: ularga “ucharlar” deb ot qo‘yib olgan” deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, noqonuniy kira qilayotgan shaxslarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda. 2015 yilning 11 oyida noqonuniy yo‘lovchi tashiyotgan 1200 dan oshiq yengil avtomobil haydovchisiga 894 million so‘mlik jarima solingan.

XS
SM
MD
LG