Линклар

Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi 64/48 sonli qamoqxona ma’muriyati 11 fevral kuni mahkum 44 yashar Doston Abdurahmonovning vafot etgani haqida uning yaqinlariga xabar qildi. Diniy ayblovlar bilan qamalgan, 9 yillik jazo muddati 17 yilga cho‘zdirilgan Doston Abdurahmonovning qiynoqlardan vafot etgani iddao qilinmoqda.

Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 64/48 sonli qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan 44 yashar Doston Abdurahmonovning vafot etgani haqida 11 fevral kuni uning Toshkent viloyati Chinoz tumanida istiqomat qiladigan oilasiga qamoqxona ma’muriyati xabar bergan.

Payshanba kuni marhumning uyiga borgan O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning aytishicha, Doston Abdurahmonovning jasadi hali olib kelingani yo‘q:

- Menga xabar berishdi, keyin o‘zim bordim Chinozga. Uydagilari jasadni olib kelgani ketishgan ekan. Men bu oilani yaxshi bilaman. Doston diniy ayblovlar bilan qamalgan edi,- deydi Sur’at Ikromov.

Huquq faoli mahkumning qiynoqlardan o‘lganini iddao qiladi:

- Bu bolaning qiynoqdan o‘lgani aniq. Nega bunday deyapman, chunki uni ilgari borib ko‘rib kelgan yaqinlari unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganini ko‘p marta aytgan. Mana, uch oy oldin go‘yoki kolonna tartibini buzgani uchun uchinchi marta yana uch yil qo‘shib berilgan edi. U 46-dan 48-koloniyaga etap qilingan edi. Etapda mahkum bir oy karantinda o‘tiradi. Karantinda diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlar qiynoqqa solinishini yaxshi bilamiz. Qamoqdagi o‘limlarning aksariyati mana shunaqa raskrutka qilingan paytda bo‘ladi, dedi Sur’at Ikromov.

Huquq faoliga ko‘ra, ayni paytda marhumning uyida militsiya xodimlari navbatchilik qilmoqda:

- Chinoz militsiyasi juda qattiq turibdi. Militsiya xodimlari kelib, uydagilarga telefonlarini o‘chirishni va bu haqda hech qaysi bir qarindoshga xabar bermaslikni buyurgan. Odatda bunaqa jasadlarni yarim kechasi olib kelishadi va militsiya boshida turib erta tongda ko‘mdirib yuboradi,- deydi Sur’at Ikromov.

“Hizb ut tahrir” diniy oqimiga a’zolikda ayblangan Doston Abdurahmonov 1999 yilda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159, 244- moddalariga ko‘ra 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Doston Abdurahmonov 2008 yilda ozodlikka chiqishi kerak edi. Lekin u qamoqda uch marta raskrutka qilingan va yana 9 yil qo‘shib berilgan.

Sur’at Ikromovning aytishicha, so‘nggi paytda O‘zbekistondagi qamoqxonalardan mahkumlarning o‘ligi chiqish holatlari ko‘paygan:

- Qamoqxonalardan jasadlar chiqishi ko‘paysa ko‘payayaptiyu, lekin kamaymayapti. So‘nggi paytda, IShID bahonasida diniy ayblovlar bilan qamalganlarga nisbatan qiynoqlar ko‘paydi, deydi Sur’at Ikromov.

O‘tgan haftada Navoiydagi qamoqxonadan diniy ekstremistik guruhga a’zolikda aybdor deb topilib, 9 yilga qamalgan 42 yoshli Mahmudjon Hasanovning ham jasadi chiqqan edi.

Xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekiston qamoqxonalarida mahkumlar muntazam qiynoqqa solinishi haqida bong urib keladi.

Xalqaro Qizil Xoch yoki BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi uchun yopiq qolayotgan O‘zbekiston qamoqxonalaridagi inson huquqlariga oid vaziyat tashvishga solayotganini bildirgan.

Mazkur tashkilot vakillari O‘zbekiston qamoqxonalariga borib, u yerdagi haqiqiy ahvol, xususan, qiynoqlar vaziyatini o‘rganishga bir necha yildan beri urinayotgani, biroq hozircha so‘rovlari javobsiz qolayotganini aytib kelishadi.

XS
SM
MD
LG