Линклар

logo-print

O‘zbekistonlik taniqli huquq himoyachisi Dmitriy Tixonov mamlakatni tark etdi. Ozodlikka 12 ferval kuni qo‘ng‘iroq qilgan Tixonov hozirda qaysi mamlakatda ekanini oshkor qila olmasligi, O‘zbekistonni tark etishiga esa, o‘ziga nisbatan militsiya xodimlari tarafidan ta’qiblarning kuchaygani sabab bo‘lganini bildirdi. O‘tgan yilgi paxta mavsumida majburiy mehnat muammosini yoritishi ortidan bezorilikda ayblanib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan Tixonov bu ta’qiblarning kuchayishiga, xususan, “Zamondosh” saytida chiqqan "tuhmat maqolalar" hissa qo‘shganini ham ta’kidladi.


Angrenlik huquq faoli Dmitriy Tixonov Ozodlikka 12 fevral kuni qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lganini bildirdi. Tixonov mamlakatni qachon tark etgani va hozirda qaerdaligini ochiqlay olmasligini bildirdi.

Lekin huquq faoli O‘zbekistondan chiqib ketishiga huquq-tartibot idoralari tarafida ta’qiblarning kuchaygani sabab bo‘lganini bildirdi. Tixonov 11 fevral kuni Ozodlik saytida e’lon qilingan o‘zbekistonlik jurnalist Galima Buxorboeva “Zamondosh” sayti ustidan sudga murojaat qilgani to‘g‘risidagi xabarga munosabat bildirish istagida tahririyatimizga murojaat qilishga qaror qilganini aytadi.

Tixonovning iddao qilishicha, O‘zbekistonni tark etishiga sababchi bo‘lgan ta’qiblarning kuchayishiga “Zamondosh” saytida u haqda e’lon qilingan bir necha “tuhmat” maqola hissa qo‘shgan.

- Mening ham “Zamondosh” saytiga o‘zimning e’tirozlarim bor. Bu saytda mart oyida men haqimda maqola chiqdi va unda meni birinchi bor millatchilikda ayblashgan edi. Men o‘shanda Angrenda haykal buzilgani haqida Fergana.ru saytida maqola e’lon qilgan edim. O‘tgan yilning 20 dekabrida esa, ayni saytda yana bir maqola chiqdi. “Zamondosh” saytida o‘zini Igor Golenko deb tanishtirgan muallif o‘z maqolasiga: “Huquq-tartibot idoralari qachongacha Dmitriy Tixonov faoliyatiga barmoq orasidan qaraydi?”, deb sarlavha qo‘ygan edi, deydi Tixonov.

Huquq faolining iddao qilishicha, bu maqolada unga nisbatan terrorchilik va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz ayblovlari ilgari surilishi ortidan militsiya xodimlari tarafidan ta’qiblar kuchaygan.

- Bu maqolaning Golenko ismli muallifi meni ideologik diversant, deb atagan va mening butun faoliyatim amaldagi hokimiyat va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilganini yozadi. Bundan tashqari maqola muallifi o‘tgan yili yonib ketgan Angrendagi uyimdan portlovchi moslamalar yasash bo‘yicha instruktsiyalar topilganini iddao qiladi va meni qonunga ko‘ra javobgarlikka tortishni talab qiladi. Bu maqola men uchun mamlakatni tark etishim kerakligi to‘g‘risida mujda bo‘ldi. Bu taxminlarim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Chunki O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, o‘tgan bir oy davomida militsiya xodimlari mening tanishlarim va do‘stlarimning uylariga borib, “kimda-kim Tixonovni yashirsa uning jinoyatiga sherik bo‘ladi. Uning uyidan portlovchi moslama yasash bo‘yicha instruksiyalar chiqqan”, deya qo‘rqitib yurgan ekan. Ya’ni “Zamondosh”da chiqqan tuhmat ayblovlarni endi mening zimmamga yuklashmoqchi,- deydi Tixonov.

Huquq faoli o‘tgan hafta o‘z advokati orqali Igor Golenko ismli maqola muallifi ustidan huquq-tartibot idoralariga tuhmat qilganlik bo‘yicha shikoyat arizasi bilan murojaat etganini qo‘shimcha qildi.

Shu hafta boshrog‘ida o‘zbekistonlik jurnalist, bundan o‘tgan yilning boshida Uznews.net sayti bosh muharriri bo‘lgan Galima Buxorboeva “Zamondosh” saytida berilgan qator maqolalarda o‘ziga nisbatan tuhmat ma’lumotlar berilganini da’vo qilib, nashr muassisi, Hollandiyada muhojiratda yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Rizo Obid ustidan sudga murojaat qildi.

Ozodlik tahririyati Buxorboeva va Tixonov tuhmat tarqatganlikda ayblayotgan jurnalist Rizo Obid bilan bir necha kundan beri bog‘lanishga harakat qilmoqda, lekin hozircha buning uddasidan chiqib bo‘lgani yo‘q.

Huquq faoli Dmitriy Tixonov 2015 yilgi paxta mavsumida hukumat odamlarni majburan dalaga chiqarayotgani holatlarini yoritgani ortidan ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanib, sudga tortilgan edi. O‘shanda noma’lum vaziyatlarda faolning Angrendagi uyi yonib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG