Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 06:55

Rahmon umrbod prezidentlikda qolish uchun referendum o‘tkazadi


Tojikiston parlamenti mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasida 22 mayda umumxalq referendumi o‘tkazish haqida qaror qabul qildi. Bu referendumda Imomali Rahmonning bir umr prezident bo‘lib qolishi, prezidentlikka nomzodlar yoshining pasaytirilishi nazarda tutilgan o‘zgartishlar umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi. Kuzatuvchilar fikricha, bu referendum bilan tojik prezidenti o‘zini va oilasini bir umr hokimiyatda qolishini ta’minlaydi.

Tojikiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar 22 may kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida muhokama qilinadi. Bu haqda tojik parlamenti 10 fevral kuni qaror qabul qildi.

Referendum byulletenida faqat bitta savol bo‘ladi: “Siz Tojikiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni qabul qilasizmi?”

Parlamentning ikkala palatasi vakillari tayyorlagan o‘zgartishlar loyihasiga ko‘ra, Konstitutsiyaning 65-moddasi quyidagi so‘zlar bilan to‘ldiriladi:

“Mazkur moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan cheklov, Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat peshvosiga taalluqli bo‘lmaydi. Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat peshvosining huquqiy maqomi va vakolatini Konstitutsiyaviy qonun belgilaydi”.

Tojikistonni 1992 yildan boshqarib kelayotgan hozirgi prezident Imomali Rahmon, respublika Konstitutsiyasiga binoan 2020 yilda o‘z nomzodini prezidentlikka qayta qo‘ya olmaydi. Agar mazkur o‘zgartish referendumda qabul qilinsa, u o‘z nomzodini hech qanday to‘siqlarsiz yana prezidentlikka qo‘yishi mumkin.

Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish loyihasidagi ikkinchi muhim jihat shuki, endi prezidentlikka nomzodlar yoshiga ham o‘zgartish kiritiladi, prezidentlikka nomzodlar yoshi avvalgi 35 yoshdan emas, balki 30 yoshdan qilib belgilanadi.

Bu o‘zgartish, prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Imomalining 2020 yilda o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘yish imkonini beradi. O‘shanda prezident o‘g‘li 33 yoshga to‘ladi.

Loyihadagi o‘zgartishlarning uchinchi muhim jihati, diniy partiyalar faoliyatiga qaratilgan. Agar loyihadagi o‘zgartishlar qabul qilinsa, bundan so‘ng mamlakatda diniy va millatchilik ruhidagi siyosiy va diniy partiyalar hamda birlashmalar tashkil etilishi taqiqlanadi.

Shuningdek, yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, parlament deputatligiga, Konstitutsiyaviy, Oliy, Iqtisodiy sudlarga nomzodlar yoshi 30dan past bo‘lmasligi va ular oliy ma’lumotli bo‘lishligi shart qilib qo‘yiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu o‘zgartishlar¸ Rahmonning istasa o‘lguncha prezident bo‘lish¸ istasa o‘g‘lini prezident qilib¸ o‘zi uni nazorat qiluvchi oliy peshvo bo‘lib yashashiga zamin yaratadi.

XS
SM
MD
LG