Линклар

Brayan Uitmor

Keyingi paytlarda Kreml rasmiysi haqiqatni gapirsa, suyinish kerak bo‘lib qoldi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova shu hafta boshrog‘ida NATOning Sharqiy Yevropaning olti mamlakatida – Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Estoniya, Latviya va Litvada – havo, dengiz va piyoda qo‘shinlarni joylashtirish rejasi Rossiyani “jilovlashga” qaratilgan, degan fikrni ilgari surdi.

Ha, chindan ham shunday. Agar Rossiya Qrimni anneksiya qilib olmaganida, Donbasda urush boshlamaganida hamda Boltiq bo‘yi mamlakatlariga tahdid qilmaganida, NATO bunday qarorga kelmagan bo‘lardi.

NATOning bu rejasidan tashqari, AQSh ham Yevropa mudofaasiga ajratadigan mablag‘ini to‘rt barobarga oshirib, 3,4 milliard dolllarga etkazdi. Bundan tashqari, AQSh Yevropaga, jumladan, Boltiqbo‘yi davlatlariga 6 ming askar jo‘natmoqchi.

Buyuk Britaniya ham Shimoliy Atlantika, Shimoliy dengiz, Boltiqbo‘yi mamlakatlari hamda O‘rta Yer dengiziga beshta harbiy kemani yubormoqchi.

Reuters agentligining xabar berishicha, ismini oshkor qilmagan NATO rasmiysi Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi mojaroni nazarda turib, “Bu tezda o‘tib ketadigan momaqaldiroq emas. Iqlim o‘zgarmoqda va biz kelajakka tayyorlanishimiz kerak,” degan fikrni ilgari surgan.

Rejalashtirilayotgan bu harakatlar alyansning shimoliy qanotidagi zaifliklarni, jumladan, Moskva gibrid urush boshlash maqsadida “yashil odamchalarni” yuborishi xavfini bartaraf qilishga qaratilgan yirik qadamdir.

Amerikalik general-leytenant Ben Xojes ham Belarus bilan Rossiyaning Kaliningrad viloyati o‘rtasida joylashgan taxminan 100 kilometr uzunlikdagi Polsha-Litva chegarasini qattiqroq nazorat qilish kerakligini aytdi.

Atlantika kengashi a’zosi, “Jinoyatlardan keyin: Yangi Rossiya imperiyasi” kitobi muallifi Agina Grigas “Suvalki yoki chegaradosh Litva hududini dushman qo‘shinlari egallab olsa, uch Boltiqbo‘yi davlati boshqa NATO mamlakatlaridan uzilib qoladi. Tahlilchilar Suvalkini Sovuq urush davridagi Fulda bo‘shlig‘iga o‘xshatadi. O‘shanda NATO bu hududda Sovet Ittifoqi qilishi mumkin bo‘lgan taxminiy hujumga tayyorlangan edi,” dedi.

NATOning bu harakatlari Rossiya tug‘diradigan kinetik xavfga – bu alyansga a’zo mamlakatga harbiy hujum, gibrid hujum yoki boshqa tahdid bo‘ladimi – qarshi javob bo‘la olsa-da, Moskva G‘arb uchun tug‘diradigan xavf kinetik emasdir.

Sodda qilib aytganda, bu G‘arbdagi liberal tuzumga tahdid soluvchi, taraqqiyot bilan bog‘liq xavfdir.

Kreml kuzatuvchisi, Chatem-Xaus xalqaro aloqalar instituti xodimi Jeyms Sher yaqinda chop etilgan maqolasida “Rossiya “mavjudligigimizga tahdid soluvchi” dushman emas, balki raqibimizdir. Rossiyaning Yevropadagi qiziqishlari u yerdagi aksar mamlakat qiziqishlaridan boshqachadir”, deb yozdi.

Sher Yevrosiyo qit’asida “ikki normativ tizim” yuzaga kelgani, “biri huquq va qoidalarga asoslangani, ikkinchisi esa aloqalarga, tanish-bilishchilikka hamda qonunning hokimiyatga bo‘ysunishiga asoslangani” haqida yozdi.

Tahlilchi Vladimir Putin tuzumi “o‘z asboblari yordamida Yevropadagi normativ tizimni chetlab o‘tishga hamda uni kuchsizlantirishga” urinayotganini qo‘shimcha qildi.

Kreml G‘arb institutlarini kuchsizlantirish uchun Rossiyaning global iqtisodga integratsiya bo‘lganidan foydalanmoqda.

Rossiya globalizatsiyani o‘z quroliga aylantirgan, desak ham bo‘ladi.

Kreml xalqaro moliya hamda biznesdan xorijda rossiyaparast lobbi yaratish uchun foydalanmoqda.

Bundan tashqari, Kreml G‘arbdagi elitalarni o‘ziga og‘dirish hamda ularni Moskvaga tobe qilish uchun poraxo‘rlik qilmoqda.

Jeyms Grin Chatem-Xaus uchun 2012 yil yozgan hisobotida “Rossiyadan sobiq sovet davlatlariga muammosiz chiqib, undan nari boshqa mamlakatlarga tarqalgan xalqaro korrupsion sxemalar” yordaminda Vladimir Putin tuzumi “Rossiyaning ta’sirini mamlakat tashqarisiga kengaytirib, tabiiy, “asir olingan” hamkorlarni yaratdi”, deb yozgan edi.

Kreml uyushgan jinoyatchilik yordamida nomaqbul ishlarni amalga oshirib, aybini tan olmay keladi. Bundan tashqari, shu yo‘l bilan Kreml qora niyatli amaliyotlarini moliyalashtirib keladi.

Rossiyadagi uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha mutaxassis, Nyu-York universiteti professori hamda Ozodlikning Power Vertical ruknining olib boruvchilaridan biri Mark Galeotti Putin Rossiyasi “mafiya davlatidan ko‘ra ko‘proq milliylashtirilgan mafiyaga o‘xshaydi”, dedi.

Qolaversa, Moskva Internetdagi muhokamalarga halaqit berish uchun minglab trollni ishga solmoqda. Bundan tashqari, Kreml G‘arbdagi bir necha tashkilotga onlayn hujum uyushtirdi.

Yevropa Ittifoqi birligiga putur yetkazish uchun Moskva ekstremistik partiyalarni qo‘llash orqali siyosatdan ham foydalanib keladi.

Bundan tashqari, Kreml G‘arbdagi o‘quvchilarni gangitish, fikrini buzish hamda ularda shubha uyg‘otish maqsadida xabar urushini boshlagan.

Bu nafaqat NATO, balki G‘arbdagi hukumatlar hamda fuqarolik jamiyatlari hamkorlikda kompleks yechim topishini talab qiluvchi murakkab xavfdir.

“Yevropa xavfsizligi uchun Yevropa Ittifoqi NATOdek mas’uliyatli bo‘lishi kerak. Amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan “gibrid” tahdidlarga qarshi ijtimoiy, iqtisodiy, ma’muriy hamda harbiy himoya bo‘lishi kerak”, deb yozdi Sher.

“Hukumatning harbiy bo‘lmagan qanotlari (sud, moliya hamda boshqaruv) o‘z mas’uliyatlarining mudofaa hamda xavfsizlik bilan bog‘liq oqibatlarini anglab yetmasa, ularning foydasi tegmaydi. Erkin matbuot trollik, hukumat boshqaruvidagi manipulyatsiya hamda onlayn hujumlar oldida ojiz bo‘lmasligi lozim. Biznes hamda moliyaviy sektorlarga tijorat bilan bog‘liq maqsadlar har doim ham milliy maqsadlarga muvofiq emasligi eslatib turilishi kerak”.

XS
SM
MD
LG