Линклар

logo-print

Navoiydagi qamoqxonadan o‘g‘irlikda ayblanib 16 yilga qamalgan jizzaxlik 29 yoshli mahbusning jasadi chiqqan. Shahob Mahkamovning mayiti 13 dekabr kuni Navoiydagi 64/46 sonli qamoqxonadan Jizzax shahrining Ko‘tarma mahallasidagi uyiga keltirilgan va shu kuni tuproqqa qo‘yilgani haqda Ozodlik shanba kuni xabar topdi. Shahob Mahkamov bundan 7 yil avval Jizzaxdagi Asakabankni o‘marganlikda ayblanib, 16 yilga qamalgan edi.

Shahob Mahkamovni o‘ligini olib kelgan qamoqxona nozirlari mahkum o‘z joniga qasd qilganini aytishgan.

Mahkumning yaqinlari uni qiynoq oqibatida hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda mahkumning mahalladoshlari qamoqdan olib kelingan murdaning orqa tomonida qattiq jism bilan urilgan izlari va yorilgan joylari bo‘lganini aytishdi.

Oilada besh o‘g‘ilning biri bo‘lgan Shahob 2009 yilda Jizzaxdagi Asaka bankida sodir etilgan katta o‘g‘irlikda ayblanib, 16 yilga qamalgan edi.

Shahob Mahkamovni oila-a’zolari uning o‘limi haqida Ozodlikka gapirishni istashmadi.

Bu so‘nggi ikki oy ichida Ozodlik o‘rgangan o‘zbek qamoqxonasidagi uchinchi o‘lim holatidir.

11 fevral kuni Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 64/48 sonli qamoqxonadan 44 yashar Doston Abdurahmonovning o‘ligi chiqqani haqda Ozodlik xabar berdi.

Diniy ayblovlar bilan qamalgan, 9 yillik jazo muddati 17 yilga cho‘zdirilgan Doston Abdurahmonovning qiynoqlardan vafot etgani iddao qilinmoqda.

O‘tgan hafta esa Navoiydagi 64/46 sonli qamoqxonadan diniy ekstremistik guruhga a’zolikda aybdor deb topilib, 9 yilga qamalgan 42 yoshli Mahmudjon Hasanovning ham jasadi chiqqan edi.

Xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekiston qamoqxonalarida mahkumlar muntazam qiynoqqa solinishi haqida bong urib keladi.

Xalqaro Qizil Xoch yoki BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi uchun yopiq qolayotgan O‘zbekiston qamoqxonalaridagi inson huquqlariga oid vaziyat tashvishga solayotganini bildirgan.

Mazkur tashkilot vakillari O‘zbekiston qamoqxonalariga borib, u yerdagi haqiqiy ahvol, xususan, qiynoqlar vaziyatini o‘rganishga bir necha yildan beri urinaëtgani, biroq hozircha so‘rovlari javobsiz qolaëtganini aytib kelishadi.

XS
SM
MD
LG