Линклар

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining hisobot yig‘ilishida qatnashgan Islom Karimov sobiq ittifoq davrida pioner va komsomoldan chiqqan yoshlar orasida etakchilar bo‘lmaganini aytar ekan, sobiq komsomolni sotqinlar tayyorlaganlikda aybladi. O‘zi ham komsomolga a’zolikdan so‘ng, kompartiyaga o‘tgan Islom Karimov yig‘ilishda qilgan chiqishida ijtimoiy tarmoqlarni “balo” deb atadi.

O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 11 fevralda o‘tkazilgan homiylik kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlagan prezident Islom Karimov sobiq ittifoq davridagi pioner (sobiq ittifoq davridagi maktab o‘quvchilari tashkiloti – tahr.) va komsomol (yoshlarning kommunistik ittifoqi – tahr.) tashkilotlarini tanqid qilar ekan, komsomolni sotqinlar tayyorlaganlikda aybladi:

“Bu sovet tizimini faqat pioner, komsomollar ustavi bilan, nizomlari bilan hammani boshini aylantirib, aytmoqchimanki, komsomoldan bir yetakchi, har tomonlama bizlarni qoniqtiradigan, bugungi talabimizni qoniqtiradigan bollar bo‘lmagan. Ko‘proq sotqinlikka tayyor bo‘lgan odamlar tarbiyalangan”, dedi prezident.

Sobiq ittifoq davrida Islom Karimovning o‘zi ham pioner bo‘lib qizil galstukda maktabga borgan, komsomolga o‘tganidan so‘ng kommunistlar dohiysi Leninning aksi tushirilgan ko‘krak belgisi taqib yurgan. Karimov kommunistik partiyaga a’zo bo‘lganida esa unga muqovasida Lenining aksi bor, a’zolik bileti topshirilgan.

Islom Karimov o‘z chiqishida, u bosib o‘tgan ko‘priklar yoqib yuborilganini va hech qachon ortga qaytmasligini aytdi:

“Yo‘q, qo‘rqmanglar endi, O‘zbekistonda zamon o‘zgarmaydi. Mana shu zamon oxirigacha boradi. Buni aytishga 100 foiz, 120 foiz, 200 foiz haqqim bor va bilib qo‘yinglar, hech qachon qaytmaydi. Bizlar shu ko‘prikdan o‘tdik va bu ko‘priklar hammasi yondirilib, yo‘q bo‘lgan. Hammamiz faqat oldinga qaraymiz endi. Oldinga qaraymiz, xatolarga yo‘l qo‘yishimiz mumkin, lekin orqaga qaytish yo‘q!”, dedi Islom Karimov.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekistonliklar orasida ham keng yoyilayotgani Islom Karimovni tashvishga solgan ko‘rinadi. Prezident Internetni cheklab bo‘lmasligini ta’kidlar ekan, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar uchun “balo” ekanligini ta’kidlaydi:

“Mana Internet deganni albatta foyda tomoni juda ko‘p. Internetni to‘xtatishga kim urinsa bu ahmoqona. Unga chegara qo‘yish mumkin emas. Lekin ba’zi tomonlari shunda ichadiki, anavu ijtimoiy tarmoqda tarqaladigan tvitter bo‘ladimi, boshqasi bo‘ladimi, hammasini inobatga oladigan bo‘lsak agar, bu shunday balo bo‘lyaptiki, buni to‘xtatib bo‘lmas ekan. Faqat bolaning o‘zi qorani oqdan ajratishga qurbi etishi kerak. Boshqa yo‘li yo‘q, hech qanday Internetni to‘xtatib bo‘lmaydi”, deydi Islom Karimov.

XS
SM
MD
LG