Линклар

logo-print

Bosh prokuratura rasmiylari 11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida o‘nlab moldovalik pul evaziga ayirmachilar safida jang qilgani aniqlanganini bildirdi.

Yollanma askarlik qilishda gumonlanganlar yil boshida qo‘lga olingan bo‘lib, hozir tergov qilinmoqda. Ikki nafar yollanma askar allaqachon uch yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Moldova poytaxti Kishinyov shahrining amaldagi bosh prokurori Igor Popa bildirdi.

Moldova qonunlariga binoan xorijda yollanma askarlik bilan shug‘ullanganlar 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Popa qolgan o‘n nafar shaxsga qarshi jinoyat ishi ochilganini aytdi. Bu shaxslar orasida 26 yoshdan tortib 32 ga chiqqanlar bor. Ularning aksari Moldovaning janubiy hududlaridan bo‘lib, rus tilida so‘zlashadi.

Bu shaxslarning har birida ular Ukrainaning janubi-sharqida ayirmachilar safida jang qilganini ko‘rsatuvchi hujjatlar topilgan.

“Afsus bilan aytamanki, o‘nlab moldovalik Ukrainaning Donetsk hamda Lugansk viloyatlarida jang qilgan”, dedi Popa. “Biz Moldova fuqarolari jarohat olgan hollarni qayd etdik. Mazkur harbiy mojaro davomida bizning fuqarolarimiz halok bo‘lgan hollar ham bo‘lishi mumkin.”

Ukraina sharqida jang qilgan yoki qilayotgan moldovaliklarning aniq soni ma’lum emas. Shunday bo‘lsa-da, Moldova xavfsizlik kuchlari yollanma askarlik bilan shug‘ullanganlarning har birini aniqlashga kurashmoqda.

Popaning aytishicha, bu shaxslar odatda maxsus harbiy yoki politsiya bo‘limlarining sobiq a’zolari bo‘lgani uchun, ular Moldovaning milliy xavfsizligiga tahdid soladi.

“Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari moldovalik hamkasblari bilan uchrashib, Kiev konfliktda ishtirok etgani aniqlangan barcha moldovaliklar ro‘yxatini berishini aytdi,” dedi Popa.

Moldovalik etnik ruslar ayrimachilarni chindan qo‘llagani uchun ular safiga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin, lekin asosiy rag‘batlantiruvchi omil puldir.

Kishinyov shahri bosh prokurori o‘rinbosari Niku Sendrea “Masalan, yanvar oyida sudlangan bir shaxs unga oyiga 3 ming AQSh dollari to‘lashni va’da qilishganini aytdi”, dedi.

Ukrainada ayirmachilar bilan jang qilib Moldovaga qaytgan yana ikki gumonlanuvchi katta miqdordagi Rossiya rubli bilan qo‘lga tushdi.

Uyushgan jinoyatchilik bilan kurashuvchi bo‘lim yetakchisi Denis Rotaru “Ikkisi ham Rossiya rublida haq olganini, biri oyiga 15 ming rubl (180 AQSh dollari), ikkinchisi esa 40 ming rubl (500 AQSh dollari) olganini aytdi”, dedi.

2014 yilning aprel oyida boshlangan to‘qnashuvlar natijasida 9 mingdan oshiq harbiy va oddiy fuqaro halok bo‘ldi. 2015 yilning sentyabr oyida kuchga kirgan otashkesim to‘qnashuvlarni sezilarli darajada ozaytirdi, lekin otashkesim shartlarini buzish hollari tez-tez uchrab turadi, mojaroni hal qilishga qaratilgan kelishuvga esa deyarli amal qilingani yo‘q.

Eujen Tomyuk maqolasini o‘zbek tiliga Ozodlik jamoasi o‘girdi

XS
SM
MD
LG