Линклар

AQSh senatori Jon MakKeyn 14 fevralda Myunxenda o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha xalqaro anjumanda so‘zlagan nutqida Suriyadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish yuzasidan erishilgan xalqaro shartnomani “diplomatiyaning Rossiya harbiy agressiyasiga xizmat qilishi” o‘laroq baholadi.

12 fevralda 17 davlatdan iborat Suriyani qo‘llab-quvvatlash guruhi BMT, Yevropa Ittifoqi va Arab Davlatlari Ligasi vakillari ishtirokida Myunxenda Suriyadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish yuzasidan xalqaro shartnomani qabul qilgan edi. Shartnomaga asosan Suriyadagi jangovar harakatlar bir haftadan so‘ng to‘xtatilishi lozim.

MakKeyn mazkur shartnoma haqida gapirar ekan: “Ayrim do‘stlarim bu shartnomani katta yutuq sifatida baholamoqda, ammo afsuski, men bunday deb hisoblamayman”, deb aytgan.

Suriya bo‘yicha xalqaro shartnomani 14 fevral kuni AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muhokama qilgan. Suhbat davomida Obama Rossiyani Suriyadagi muxolifat kuchlariga havodan zarba berishni to‘xtatishga chaqirgan.

Biroq senator MakKeyn Rossiya jangovar harakatlar to‘xtatilishidan foydalangan holda Suriya hukumat kuchlariga Halab shahrini egallab olishga ko‘mak ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Halab prezident Bashar Assadga qarshi kurashayotgan qurollangan muxolifatning asosiy markazi hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG