Линклар

logo-print

Xorazm rasmiylari har bir mahalla o‘z posboni uchun “namunali kulba” qurib berishi lozim deb topib, aholidan pul yig‘ishga kirishdi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Xorazm viloyat hokimiyatida o‘tgan yig‘ilishda mahalla faollariga posbonlar uchun quriladigan va har biri uch yarim million so‘m turadigan “namunali kulba” qurish vazifasi topshirilgan.

Namunali kulba

Xorazm viloyati hokimiyatida o‘tgan hafta o‘tkazilgan majlisda qatnashgan Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ 2012 yili Namangan viloyatida eksperiment tarzida qurilgan “posbon kulbalari” namuna sifatida ko‘rsatilgan.

"Namangandagi plastik akfadan (plastik oynavan rom-tahr.) oynavand qilib yasalgan posbon budkalari o‘rnak sifatida bizga ko‘rsatildi. Toshkentdan kelgan komissiya Namangandagi eksperiment o‘zini oqlagani va butun respublika bo‘ylab posbonlarga budka qurib berish boshlanganini tushuntirdi. Ammo posbonlar budkasi uchun byudjetda pul yo‘q ekan. Shu bois mahalla faollariga pul yig‘ish vazifasi topshirildi", deydi Ozodlik manbasi.

Mahallada yashasang posbonga sharoit yarat!

Xorazm viloyat hokimiyatidagi Ozodlik manbasi posbonlar kulbalariga shahar va tuman arxitekturasi yer ajratib berganligini aytdi.

"Majlisda arxitektor va kadastr idoralari muhandislariga topshiriq berildi. Budkalar mahalla er planiga kiritiladigan bo‘ldi. Budka yasash uchun zarur akvani etkazib beradigan firma ham aniqlandi. Eng muhimi - budka Namanganda qurilgan namunaviy budka o‘lchamida qurilishi shart. Har kim o‘zicha ijod qilmasligi ham uqtirildi. Budkaga elektr o‘tkazib berish vazifasi elektr idorasiga topshirildi. Budka qurish xarajatlari va unga o‘tkaziladigan elektrga haq to‘lash uchun homiylik mablag‘lari to‘plash mahalla oqsaqollariga topshirildi," deydi Xorazm viloyat hokimiyatidagi Ozodlik manbasi.

U posbonlarga shart-sharoit yaratib berishda homiylar ko‘magidan foydalanish qonunda mavjudlini ta’kidladi.

"Vazirlar Mahkamasining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi №47 sonli qarorining 32-bandida homiylarni jalb qilgan holda, posbonlar uchun sharoit yaratib, ularni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirib borishlari mumkin¸ deyilgan. Ayni paytda Xorazm viloyati tuman shaharlarida posbonlar uchun “namunali kulba” qurib berish ishlari boshlab yuborilgan", dedi Xorazm viloyatidagi Ozodlik manbasi.

Uning aytishicha, har bir mahalla turg‘unidan 10 ming so‘mdan yig‘ilmoqda.

"10 ming so‘m bu minimum. Ba’zi boy oilalardan 20 mingdan ham olishdi. Budka qurish bo‘yicha ishlar jadal borayapti. Masalan, biz yashayotgan mahalla budkasining fundamenti tayyor bo‘ldi", dedi suhbatdosh.

Ammo Ozodlik bilan suhbatlashgan boshqa bir manbaning aholi “homiylikka majburlanayotganidan” norozi ekanini aytadi.

"Pul yig‘ish ko‘payib ketdi. Maktabga pul¸ obodonchilik uchun pul. Navro‘z ë boshqa bayramlar uchun pul. Endi posbonni budkasi ham bizning zimmamizga tushdi", dedi u.

Mafkuraviy o‘lponlar

Zamonaviy O‘zbekistonda mafkuraviy tadbirlar va shanbaliklar uchun pul yig‘ish odatiy tus olgan.

“Ixtiyoriy-majburiy” formatdagi bu “o‘lpon” paxta chopig‘i va terimi uchun eng ko‘p qo‘llanilishi kuzatiladi.

O‘tgan yili Ozodlik Toshkent viloyati maktablarida har bir o‘quvchidan paxta uchun 12 ming so‘mdan pul yig‘ilgani haqida yozgan edi.

Ota-onalarning Ozodlikka aytishicha, maktabda va mahallada turli bahonalar bilan pul yig‘ish keng tarqalgan.

XS
SM
MD
LG