Линклар

logo-print

Turkiya kuchlari 13 fevral kuni Suriya shimolidagi kurd jangarilarini o‘qqa tutdi. Bosh vazir Ahmad Dovudo‘g‘li kurdlardan yaqinda ishg‘ol etgan hududlarni tark etishni talab qildi.

TRT Haber davlat agentligi jonli efirga uzatgan murojaatda bosh vazir Turkiya Suriya shimolidagi asosiy kurd jangari guruhi hisoblangan Demokratik birlik partiyasining (PYD) harbiy qanoti bo‘lmish YPG jangarilarining “har bir qadamiga javob qaytarishini” aytdi.

“YPG Azaz va uning atrofidagi hududni tark etadi va unga boshqa yaqinlashmaydi”, dedi Dovudo‘g‘li. Bosh vazir Suriyaning Aleppo viloyatida joylashgan shaharni nazarda tutib gapirdi. O‘sha kuni ertalab aynan shu shahar yaqinida Turkiya havo hujumlarini amalga oshirgani xabar qilingan edi.

Dovudo‘g‘li hujumlar tafsilotlariga to‘xtalmadi. Hukumatga tegishli Anatolia agentligiga ko‘ra, bosh vazir hujumlar javob o‘laroq amalga oshirilganini aytgan.

Agentlik Dovudo‘g‘li Erzinjan shahriga qilgan tashrifi davomida “Jang qoidalariga binoan, Azaz va uning atrofida bizga tahdid solgan kuchlarga javob qaytardik”, deganini xabar qildi.

Anatolia yana ismi oshkor qilinmagan turk harbiysi hujumlar urush qoidalariga zid emasligini aytganini bildirdi. Manba Turkiya armiyasi Suriya prezidenti Bashar Assad kuchlari Turkiyaning Hatay viloyatidagi chegara qo‘shinlarini o‘qqa tutgani uchun javob qaytarganini qo‘shimcha qilgan.

Hujumlar ortidan AQSh ham Anqarani, ham Suriyadagi kurdlarni zo‘ravonlikni to‘xtatishga, uning o‘rniga “umumiy xavf” bo‘lgan “Islomiy davlat” jangarilari bilan kurashishga e’tibor qaratishga chaqirdi. “Islomiy davlat” jangarilari Suriyada yirik hududlarni egallab olgan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi Vashington “Turkiya tarafdan artilleriya o‘qlari otilganini ko‘rsatuvchi xabarlar kelayotganini, Turkiyani bunday hujumlarni to‘xtatishga chaqirishini” bayon qildi.

Kirbi amerikaliklar “suriyalik kurdlarni hamda YPG bilan aloqador boshqa kuchlarni chalkash vaziyatdan foydalanib, yangi hududlarni egallab olmaslikka chaqirishini” qo‘shimcha qildi.

“Biz Aleppo shimolidagi vaziyatdan xavotirdamiz va barcha taraflardagi tanglikni bartaraf etish uchun kurashyapmiz”, dedi Kirbi.

Turkiya PYD hamda unga qarashli YPG jangarilarini Kurdiston ishchilar partiyasining (PKK) tarkibi qismi, deb ko‘radi. PKK uzoq yillardan beri Turkiya hukumatiga qarshi kurashib keladi.

Turkiya kuchlari YPG boshqaruvidagi hududlarni bundan avval bir necha marta o‘qqa tutgan.

NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Assadning ashaddiy tanqidchilaridan biridir. Rossiya Assad armiyasini sentyabr oyidan beri havo amaliyotlari yordamida dastaklab keladi.

Reuters hamda AFP agentliklariga ko‘ra, ochiqlanmagan kurd manbalari Turkiya Halab yaqinidagi Menag‘ havo bazasini o‘qqa tutganini aytgan. Bu baza yaqinda kurd jangarilari qo‘liga o‘tgan edi.

Reuters agentligiga ko‘ra, ismi oshkor qilinmagan Turkiya rasmiysi Azaz shahri yaqinidagi kurd jangarilari o‘qqa tutilganini aytgan. Azaz shahri Menag‘ havo bazasiga yaqin joylashgan.

“Turkiya harbiy kuchlari Azaz hududidagi PYD pozitsiyalariga zambarakdan o‘q otgan”, degan manba.

Azaz shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi faol Amir Hassan 13 fevral kuni The Associated Press agentligi bilan suhbatda Turkiya kuchlari havo bazasini o‘qqa tutganini tasdiqladi.

Dovudo‘g‘li Menag‘ bazasi bo‘shatilishini talab qildi. Bosh vazir AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden bilan suhbatlashib, PYD PKKning bir bo‘limi ekanligini hamda bu guruh Turkiya xavfsizligiga tahdid solishini aytganini bildirdi.

Dovudo‘g‘lining bu sharhlari Turkiya AQSh PYDni dastaklayotganidan g‘azablanayotganini ko‘rsatadi.

XS
SM
MD
LG