Линклар

logo-print

Toshkentda pensiyalarni plastik kartalarga o‘tkazish bo‘yicha kampaniyada faol ishtirok eta olmagan bank xodimlari ishdan bo‘shatilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, birgina Xalq bankining yuzga yaqin xodimi pensionerlarni plastik karta olishga ko‘ndirish majburiyatini bajarmagani vajidan ishdan olingan. Poytaxtdagi har bir bank xodimiga kamida besh nafar qariya pensiyasining to‘lig‘ini yoki bir qismini plastik kartaga o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.

Ozodlikka 15 fevral kuni yetib kelgan maktubda aytilishicha, Respublika Davlat tijorat Xalq bankining poytaxtdagi bo‘limlarida o‘nlab xodimlar qariyalarni plastikka o‘tkazish majburiyatini bajarmagani sababidan ishdan olingan:

"Respublika Xalq banki tizimida 100 ta xodim bo‘shatilgan. Aynan shu masalada ya’ni plastik kartochkaga pensioner topib kelmaganlik vaji bilan ishdan olingan. O‘nlab xodimlar jabrlangan", deyiladi maktubda.

Ozodlik bog‘langan poytaxtdagi Xalq bank bo‘limlari mulozimlari bu ma’lumotni na inkor qilishdi va na tasdiqlashdi.

Milliy bankdagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, keyingi paytlarda Toshkentdagi banklarda ishchi-xodimlarning tez-tez almashishi kuzatilayapti va bunga xususan, keksalarni plastikka o‘tkazish kampaniyasi ham sabab bo‘lmoqda.

Pensionerlarning nafaqa pullarini plastik kartaga o‘tkazish majburiyati poytaxtdagi deyarli barcha bank xodimlariga yuklatilgan. Biroq Milliy bankdagi manbaning ta’kidicha, Xalq banki bilan Milliy bank xodimlariga bu borada ko‘proq majburiyat yuklatilgan:

"Shu ikki bank xodimi plastikka qariyalarni o‘tkazish kampaniyasida asosiy "yugurdak" bo‘lishdi. Boshqa banklarda faqat erkak ishchilar bunga jalb qilindi. Lekin Milliy bilan Xalq banklarida hamma xodimlardan birday talab qilishdi", dedi Milliy bankdagi manba.

Agrobank xodimlaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, u ishlayotgan bankda ham ishchilarga kamida bittadan pensionerni plastikka o‘tkazish majburiyati yuklangan. Bu majburiyatni bajarmagan xodimning mukofot puli qirqilib, ayrimlarga hatto ishdan haydash kabi tahdidlar ham qilinmoqda. Lekin manbaning aytishicha, hozirgacha biror xodim ishdan olinmagan.

Toshkentdagi bank xodimlarining qariyalarni plastikka o‘tkazish kampaniyasiga jalb qilinishi o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlandi.

O‘tgan qariyb 5 oy davomida ayni kampaniya jarayonidagi ishdan olishlarga oid Ozodlikda aniq bir raqamlar mavjud emas.

Markaziy bank mulozimlari poytaxt banklariga bunday topshiriq bo‘lmagani va ayrim banklar o‘z tashabbusi bilan bu jarayonga qo‘shilganini ta’kidlashdi.

So‘nggi bir yil davomida butun mamlakat bo‘ylab maosh, pensiya, stipendiya va boshqa to‘lovlarni to‘laligicha plastik kartalarga o‘tkazish jarayoni jadallashtirildi.

Bu jarayonga avvaliga o‘qituvchilar, kommunal xizmat xodimlari jalb qilinib, uyma-uy yurib, pensionerlarni plastikka o‘tishga ko‘ndirish ular zimmasida edi. So‘nggi besh oy davomida ular safiga bank xodimlari ham qo‘shildi.

O‘zbekistonda naqd pul taqchilligi muammosi keskinlashib borayotgani ortidan Markaziy bank o‘tgan yil iyun oyidan boshlab pensiyalarni naqd pulda berishni taqiqlab qo‘ygan edi.

Iyun oyidan boshlab oylik¸ pensiya va nafaqalarning¸ aholi ixtiyoriga zid tarzda 100 foizga plastik kartochkaga o‘tkazilishi Markaziy bank bu muammoni quyushqonda ushlab turishning shundan boshqa chorasini topa olmaganini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yil boshrog‘ida O‘zbekiston Markaziy banki Bosh vazirga yuborgan hisobotida mamlakat iqtisodida naqd pul taqchilligi yuzaga kelganiijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada qiyinlashtirishidan ogohlantirgan edi. Ozodlikka sizdirilgan hisobotda mamlakat banklarida oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani va tezkor chora-tadbirlar ko‘rilmasa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi ta’kidlangan edi.

Ayni paytda, O‘zbekiston banklari tarafidan beriladigan to‘lov kartalari boshqa mamlakatlardagi kabi ishlamasligi fuqarolar uchun qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Masalan, O‘zbekistonda plastik kartaga bog‘langan bank hisob raqamidan naqd pul chiqarib olishning imkoni yo‘q. Kartadagi pulni naqdlashtirish uchun 10-20 foiz ustama to‘lashga majbur bo‘ladi. Yoki do‘konlarda plastik karta bilan savdo qilinganda tovarning narxi odatda 10-20 foizga qimmatroq bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG