Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:51

Toshkent viloyatida Mudofaa ishlari zobitlari qamaldi


Toshkent viloyati Piskent tumani Mudofaa ishlari bo‘limining boshlig‘i va yana uch zobit pora olganlikda aybdor deb topilib, turli muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu mulozimlar, bir yillik harbiy xizmatga yuborish uchun yoshlardan va ularning ota-onalaridan muntazam ravishda pora olib kelganliklari aytiladi.

Toshkent harbiy okrug harbiy sudining hukmi bilan Piskent tumani Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i mayor Sodiq Nishonov 4,5 yilga, harbiy chaqiruv bo‘limi boshlig‘i Irohim Qirg‘izboev 5,5 yilga, harbiy zobitlar Jasur Otamurodov va Ilhom Omonov 3-2 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Toshkent viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimining aytishicha, bu shaxslar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 168, 210, 211, 212-moddalari, ya’ni firibgarlik, pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilishda aybdor deb topilgan:

“Ota-onalarning shikoyati asosida Milliy xavfsizlik xizmati o‘tgan yil davomida Piskent tumani mudofaa ishlari bo‘limida zimdan kuzatuv olib borgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bo‘limda bolalarni pora evaziga bir yillik harbiy xizmatga olish bilan shug‘ullanadigan uyushgan guruhi borligi aniqlangan. Keyin MXX xodimlari boshliqni pora olayotgan paytda qo‘lga olishgan. Kuni-kecha sud tugadi va pora olishda gumonlanuvchilar aybi to‘la tasdiqlandi”, dedi boshqarma mulozimi.

Bir yillik harbiy xizmatga borolmagan piskentlik 20 yashar yigitning aytishicha, konkurs asosida olinadigan bir yillik harbiy xizmatga barcha ko‘rsatkichlari to‘g‘ri kelgan bo‘lsada, uni ham olishmagan:

“Men ham bir yillik harbiy xizmatga borishga ikki yil harakat qildim. Tibbiy ko‘rikdan a’lo o‘tdim. Jismoniy ko‘rsatkichlarim ham a’lo. Oxirida joy qolmagan deb xulosa chiqarishdi. Ikki yil ham shunday bo‘ldi. Lekin bo‘yi mendan past va kuchsiz bo‘lgan bolalar ketdi. Hammaning og‘zida faqat bir gap: “Pul bermasang ketolmaysan!”. Agar bu kalamushlar qo‘lga olingan bo‘lsa, zo‘r ish bo‘pti. Voenkomatning yang boshliqlari endi halol ishlaydi, deb umid qilamiz”, dedi pskentlik yigit.

O‘zbekiston armiyasida muddatli harbiy xizmatni o‘tashni xohlovchilar ko‘p bo‘lgani uchun harbiy chaqiriq paytida ta’magirlik va poraxo‘rlik avj olishi har yili kuzatiladi.

O‘zbekistonda ishsizlik va ish topish imkonlarining cheklangani sabab ko‘plab yoshlar armiyaga oshiqmoqda.

O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmat 12 oy qilib belgilangan. Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston qurolli kuchlari safida ellik mingga yaqin askar-zobit xizmat qiladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqiruv fevralь –mart oylarida, xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni bo‘shatish esa, mart-aprel oylarida amalga oshiriladi.

XS
SM
MD
LG