Линклар

logo-print

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudida to‘rt nafar sherigi bilan “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik va diniy ekstremizm ayblovi bilan sudlanib, bir necha kundan buyon hukm o‘qilishini kutayotgan millati armani nasroniy Aramais Avakyanning advokati Olim Qobilovning advokatlik litsenziyasi bekor qilindi.

Ayni paytda Armanistondagi ommaviy axborot vositalarining Avakyan va uning sheriklari ustidan sud hukmi chiqqani to‘g‘risidagi xabarlari asossiz bo‘lib chiqdi. Ikki haftadan buyon kutilayotgan sud hukmining qachon o‘qilishi hanuz noma’lum qolmoqda.

Advokatni nega "ishdan bo‘shatdilar"?

Aramais Avakyanning advokati Olim Qobilovning “ishdan bo‘shatilgani” to‘g‘risidagi xabarni Ozodlik Aramaisning onasi Flora Avakyandan oldi.

- Bugun advokatimiz Olim Ochilovich Qobilovni ishdan bo‘shatishibdi, dedi Flora Avakyan.

Bu gapni kimdan va qachon eshitdingiz, degan savolga javoban xonim Avakyan bugun (16 fevral) advokatning o‘zidan eshitganini aytdi. Xonim Avakyanning fikricha, advokat Qobilov uning o‘g‘lini himoya qilgani uchun “ishdan olingan”.

Flora Avakyandan olingan bu ma’lumotni mazkur sudlovni diqqat bilan kuzatib kelayotgan jurnalist Ulug‘bek Haydarov tasdiqladi. Uning aytishicha, advokat Qobilovning advokatlik litsenziyasi bekor qilingan.

Ulug‘bekning aytishicha, 16 fevral kungi telefon orqali muloqot davomida advokat Qobilov unga litsenziyasi bekor qilinganini, lekin sabablarini hozircha ayta olmasligini bildirgan.

Advokat Ozodlik muxbiri qo‘ng‘iroqlariga hamda sudlanayotgan Aramais Avakyanning xotini Shirin Tursunovaning qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Ko‘ngli sezganmidi?

Shirin Tursunova uchun erini himoya qilayotgan advokatning litsenziyasi bekor qilingani to‘g‘risidagi xabar kutilmagan yangilik bo‘lmadi.

- Advokatimiz (Olim Qobilov) sudning 2 fevralda o‘tgan oxirgi majlisida litsenziyamni olib qo‘yishlari ham mumkin, degan edi menga. Lekin siz qo‘rqmang, litsenziyamni olib qo‘yishsayam, sizlarga yordam beraveraman, oxirigacha kurashaman, degandi, dedi Shirin Tursunova.

Hozircha haqiqatdan yiroq xabar

Ayni paytda Armanistondagi ommaviy axborot vositalarining, xususan Armenpress axborot agentligining Avakyan va uning sheriklari ustidan sud hukmi chiqqani to‘g‘risidagi xabarlari asossiz bo‘lib chiqdi.

- Hukm hali chiqqani yo‘q. Juma kuni, 12 fevralda o‘zlari yerto‘lada sudlab, Xovosdagi qamoqxonaga jo‘natdi, degan mish-mish paydo bo‘luvdi. Lekin hukm hali chiqqani yo‘q, dedi Aramais Avakyanning onasi.

Sudlanuvchining xotini – Shirin Tursunova bilan u 16 fevral kuni Jizzax viloyat prokuraturasi ostonasida turgan chog‘ida bog‘landik.

- Hukm hozircha yo‘q. Kutyapmiz. Advokatlar orqali aytamiz deyishgan. Yanayam aniqlik kiritish uchun hozir mana prokuraturaga kelib turibmiz. Hukm chiqibdi, degan gaplar yuribdi, deb so‘rasak, yo‘q hukm sizlarsiz o‘qilmaydi, hukm chorshanba yoki juma kuni o‘qiladi, deyishdi bu yerdagilar, dedi Aramais Avakyanning xotini.

Farzandi uchun titrab-qaqshagan ona

Shirin Tursunovadan uning eri bilan birga sudlanayotgan 4 mahalliy o‘zbekdan birining onasi borligini bildik. Lekin u ayol Ozodlik muxbiri bilan gaplashishga qo‘rqdi. Shirin Tursunovaning aytishicha, u “eson-omon hukm chiqib olsin, keyin bir gap bo‘lar”, degan.

MXX, IIB va harbiy aerodromni bosib olishni rejalashtirgan choyxonachi

Aramais Avakyan va u bilan birgalikda sudlanayotgan 4 kishining ishiga oid yangi tafsilotlarni 16 fevral kuni toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich e’lon qildi. ”Delo Djuraeva-Avakyana. Texnologiya fabrikatsii”, deb sarlavhalangan maqolada muallif Avakyan va uning sheriklari ishi maxsus xizmatlar tomonidan uyushtirilgani to‘g‘risida yozgan.

Volosevich yozadi:

“Ayblov xulosasida “Sabina” kafesida choyxonachi bo‘lib ishlagan Furqat Jo‘raevning mana bu “iqrori” keltirilgan: “Dastlab men MXX, IIB va Paxtakor tumani soqchilik xizmatini bosib olib, ba’zi xodimlarni o‘ldirishni rejalashtirdim. Bu ishni bajargach, Paxtakor tumanidan bir necha kilometr narida joylashgan Uchtepa harbiy aerodromini bosib olishni va u yerdan qurol olishni va turmadagi o‘rtoqlarimni ozod qilishni rejalashtirdim”

Volosevichga ko‘ra, ayblov xulosasida Furqat Jo‘raevning mana bu “iqrori” va shunga o‘xshash ba’zi “iqror”lardan bo‘lak boshqa jo‘yali isbot-dalil yo‘q.

Volosevich sudlanuvchilarning ko‘rsatmalarni tergovchilarning qaqshatqich qiynoqlari ostida berganlarini sud jarayonida aytganlari to‘g‘risida yozdi.

Avakyan va uning sheriklari ishi

Jizzax viloyati jinoiy ishlar bo‘yicha sudida millati armani nasroniy Aramais Avakyan va uning to‘rt nafar sherigi ustidan “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik va islomiy ekstremiz ayblovlari bo‘yicha sud ishi 2 fevralda yakunlanib, hukm o‘qilishi qolgan edi..

Jizzaxda baliqchi fermerlik bilan shug‘ullangan Aramais Avakyan va uning sheriklari yer ostidan 1980 yilda o‘tkazilgan eski quvurlarni kavlab olganlik va ularni pullaganlikda ham ayblanmoqda.

2 fevral kungi sud majlisida davlat qoralovchisi Shavkat Turdiboev 33 yoshli Avakyanga 18 yillik qamoq jazosi, uning hamkorlari Furqat Jo‘raevga – 15 yil, Dilshod Alimov, Akmal Mamtmurodov va Bektemir Umirzoqovlarga 10 yildan jazo berishni so‘ragan.

Jizzaxlik fermer, asli millati armani bo‘lgan Aramais Avakyan IShIDga xayrxohlikda gumon qilinib, 4 sentyabrdan beri hibsda qolmoqda. Ammo yaqinlari 33 yashar Avakyanning hibsga olinishiga uning fermerlik faoliyati sabab bo‘lganini aytishadi.

XS
SM
MD
LG