Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:43

Flyin’ Up sevishganlar kunida “Ra’no”ni yangicha talqinda kuyladi


Toshkentdagi roksevarlar orasida tanilgan Flyin’ Up (Parvoz) guruhi 14 fevral sevishganlar kunida afsonaviy qo‘shiqchi Botir Zokirovning “Ra’no” qo‘shig‘ining yangi talqinini taqdim qildi. Bu bilan guruh ilk bor rok-balladasi janriga qo‘l urgan.

Rok-ballada uslubidagi bu talqin Vitaliy Aminov tarafidan bastalangan.

Sevgi izhori tarzidagi bu sokin va huzunli qo‘shiq toshkentlik 25 yashar rok vokalist Jasur Xudoyberdiev ijrosida momaqaldiroq kabi yangraydi.

Ozodlik bilan suhbatda bundan 4 yil oldin tuzilgan rok guruh vokalisti Jasur Xudoyberdiev nega aynan “Ra’no” qo‘shig‘iga murojaat qilgani sababini tushuntirdi:

- O‘zbek mumtoz musiqachisi Botir Zokirovning bu qo‘shig‘i musiqiy tarafdan o‘ziga hos garmoniyaga ega¸ ikinchidan mazmunan go‘zal¸ uchinchidan esa ajoyib esda qoladigan qo‘shiq. Bu qo‘shiq bizga yoqqani bois uni yangi bir tarzda kuyladik¸ deydi Jasur Xudoyberdiev.

Yaqindan nazar

O‘zbekistondagi taniqli musiqiy sulola vakilasi Umida Haqnazar Ozodlik bilan suhbatda "Ra’no" qo‘shig‘ining yangi talqiniga munosanbat bildirdi:

Botir Zokirovning "Ra’no" qo‘shig‘i ijrosi ( kompozitor Ikrom Akbarov) haligacha xam betakror bo‘lib qoladi, asosan honandaning ajoyib ovozi/tembri tufayli. ( mayin tarona) Mayin va lirik tarona yoki tango deb tasvirlash mumkin uning ijrosini. Orkestrning sal bo‘shrok /suyuk kuzatib borishida, qo‘shiqning dramaturgiyasi deyarli butunlay Botir Zorikovning nozik ifodasi va yuqori madaniyatga ega bo‘lgan ovozlari tufayli yutgan.

Yangi aranjirovkada esa, yangi musiqiy vositalariga tufayli ( ritmik, garmonik,melodik instrumental, avjiga chiqishni va ekspressiyani kuchaytirishi) shu bilan xudda yangi asarni eshitganday bo‘ldik va yangi dramatik fe’l va hatto bir qancha boshqa mazmun guvohi bo‘ldik. Ammo bular qo‘shilgach qo‘shiq kam bo‘lmagan, va o‘zining badiiy qadriyatini yo‘qotib qo‘ymagan. Ushbu qo‘shiqning yangi, iste’dodli aranjirovkasi bu asarga yangi mazmun xam qo‘shib berdi desak bo‘ladi. Bu nixoyatda ajoyib¸ deya baholaydi Umida Haqnazar.

Uzoqdan nazar

Rok qo‘shiqchiligining vatani bo‘lgan Londonda istiqomat qiluvchi 20 yashar roksevar G‘azanfar Islomzoda bu qo‘shiqqa skeptik munosabat bildirdi. Uning aytishicha, O‘zbekistonga aftidan "garaj musiqasi" endi-endi kirib borayapti.

"Kuy juda sekin boshlangan va eski rok maktabini esga soladi. Vaqt o‘zgardi va men eramizdan oldingi yo‘nalishga qiziqishlarini hech tushunmayman. Umumiyatla yomon emas, ammo bunaqa qo‘shiqlar aksar rok gruppalar tomonidan aytilaverib, siyqasi chiqib ketgan. Balki bu O‘zbekistonda yangi yo‘nalish bo‘lgani bois odamlarga yoqishi mumkin," deydi G‘azanfar Islomzoda.

Ammo, Jasur Xudoyberganov ular yaratgan musiqiy ballada Toshkentning mahalliy fonida emas, balki Londonning muhtasham roksaroylarida ham muvaffaqiyat qozonishiga mutloq ishonishini aytadi.

Yarim asrlik sevgi izhori

Parijning eng hashamatli Olimpiya zalida aytilgan "Ra’no" qo‘shig‘i aytilganidan yarim asr o‘tib navqiron o‘zbek rokerlari ijrosida yangraganida qalbimizga orom va farah tuyg‘ularini soladi.

Botir Zokirovning bu qo‘shig‘i 60-70-yillardagi o‘zbek yoshlari uchun taqlid ob’ekti edi.

Bu qo‘shiq tarixi haqida¸ umuman Botir Zokirov haqida uning ukasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan suhbatlashgan edik.

Farrux Zokirov: Detallari¸ endi Ikrom aka Akbarov bilan¸ Turob To‘la she’ri bilan aytilgan qo‘shiq. Men qo‘shimcha bir narsa deyishga esimda yo‘q. Faqat aytishim mumkin¸ o‘zbek lirik estradasining ajoyib namunalaridan biri.

Ozodlik: 1964 yili musiqaviy film bo‘lib chiqqan ekan bu. Kliplarning otasi desak ham bo‘ladi.

Farrux Zokirov: Yanglishmasam¸ “Narisuy mne pesnyu” degan film bo‘lsa kerak. O‘sha filmmi?

Ozodlik: Oq-qora ishlangan¸ Botir aka rasm chizib o‘tiribdilar.

Farrux Zokirov: Bu endi musiqaviy film. Hozirgi kliplarning nima deydi...

Ozodlik: Ota-bobosi desak bo‘ladi.

Farrux Zokirov: Ha¸ to‘g‘ri. Chunki rahmatli Botir akam rasm ham chizardilarku.

Ozodlik: Bu “Ra’no” degan qo‘shiqning musiqasi huddi rasm kabi chiroyli¸ matni ham chiroyli.

Farrux Zokirov: Haqiqatan juda chiroyli. Aytayapmanku¸ o‘zbek zamonaviy estrada qo‘shig‘ining shohi desam bo‘ladi.

Ozodlik: Farrux aka¸ sizning repertuaringizda ham bu qo‘shiq bormi?

Farrux Zokirov: Men endi Botir akamning qo‘shiqlarini aytishga unchalik jur’at eta olmayman. Men uchun juda badiiy mas’uliyat bu. Ko‘plar “Nima uchun Botir akaning qo‘shiqlarini aytmaysiz?” deb so‘rashadi. Bu men uchun juda katta mas’uliyat. Masalan¸ Botir akamning “Qaydasan” degan qo‘shig‘ini Nasiba Abdullaeva bilan birga duet qilib aytdik. Tashabbus Nasibaxondan chiqqani uchun birga aytdik. Yomon chiqmadi. Keyin mustaqillik bayramini tayyorlashda rahbariyatdan “Eski ustozlarga xotira bildirish uchun ularning qo‘shiqlaridan yoshlar aytsa. Masalan¸ bir kupleti zapisda ketadi¸ keyin davomini bizlar aytamiz” degan ma’noda taklif bo‘ldi. O‘shanda men shu qo‘shiqni aytgan edim.

Ozodlik: "Ra’no" qo‘shig‘inimi?

Farrux Zokirov: Aynan shu qo‘shiqni. Bu yerda men katta akamning qo‘shig‘ini davom ettirayotganday¸ qo‘shig‘ini emas ijodini davom ettirayotganday aytdim. Yaxshi taklif bo‘ldi. O‘shandagina jur’at etdim men.

Ozodlik: Farrux aka¸ bizning bu sahifamizda qo‘shiq egalari o‘z qo‘shiqlaridan bir parcha kuylab berishadida. Afsuski¸ Botir aka bizning oramizda yo‘q. shuning o‘rniga siz shu qo‘shiqdan bir parcha kuylab berasizmi? Har holda¸ siz ukasisiz.

Farrux Zokirov: Bir-ikki qator bo‘lsa ham bo‘ladi-a?

Ozodlik: Bo‘ladi.

(shu yerda Farrux Zokirov Botir Zokirov ijro etgan “Ra’no” qo‘shig‘idan bir parcha ijro qilib berdi)

Barnolar ichra barno Ra’no¸

Gulmisan gulyormisan.

Oshiqqa dildormisan¸

Hamma gullardan a’lo Ra’no.

XS
SM
MD
LG