Линклар

logo-print

Rossiyada fohishalik bilan shug‘ullanadigan xorijliklar nafaqat jarimaga tortilishi, balki mamlakatdan badarg‘a qilinishi kerak. Peterburglik deputat Vitaliy Milonov mamlakat qonunchiligiga shunday o‘zgartish kiritilishi tashabbusi bilan chiqdi. Deputat tashabbusi Rossiya parlamenti tomonidan qabul qilinmasa fohishalik legallashishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirilmoqda.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Qonunchilik Yig‘ini deputati Vitaliy Milonov mamlakatda fohishalik bilan shug‘ullanayotgan xorij fuqarolarini badarg‘a qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Deputat Vitaliy Milonov

Deputat Vitaliy Milonov

Deputat Milonov Peterburgda “yaqin va o‘zoq xorij mamlakatlaridan buzuq ayollar, dayus va shunga o‘xshashlar importini to‘xtatish” talabi bilan chiqdi.

Milonovning matbuot kotibi Oleg Mixaylovich Ozodlik bilan suhbatda nomaqbul ishlar bilan shug‘ullanayotgan xorijlik ayol va erkaklar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerakligini bildirdi.

- Biz an’anaviy oila qadriyatlari tarafdorimiz.Biz bu sohada qonunchilikda qattiqqo‘llik joriy qilish tarafidamiz. Agarda, masalan, o‘zbekistonlik qizlar va ularni bu yerga jalb qilayotgan shaxslar bu amallari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi va uzoq vaqtga qamoqqa tashlanishi mumkinliklarini bilishsa,ular yaxshilab o‘ylanib qoladi. To‘g‘ri, fohishalik qilganlar migratsiya qonunlari asosida hozirda ham mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Biz, shunchaki, bu choralarni keskinlashtirish va jazoni muqarrarlashtirishni istayapmiz, dedi Vitaliy Milonovning rasmiy vakili.

Oleg Mixaylovich xalq vakili Milonov fraksiyasi tashabbusi Peterburg parlamenti namoyandalari tomonidan bir ovozdan qabul qilingani, loyiha yana bir muhokamadan o‘tkazilib, Rossiya Davlat Dumasi tasdig‘iga yuborilishini ma’lum qildi. Duma deputatlari bu qonun loyihasini 17 fevral kuni ko‘rib chiqishi aytildi.

- Yangi tashabbusga ko‘ra, agarda politsiya, FMS xorijlik “tunggi kapalaklar”ni aniqlasa, ularni so‘zsiz mamlakatdan majburiy ravishda chiqarib yuborish masalasi ko‘tariladi. Biz qonunda aynan shu joyi belgilanishini talab qildik. Shuningdek, xorij fuqarosi ikki yoki undan ko‘p marotaba fohishalik ustida qo‘lga tushsa, uni jinoiy javobgarlikka tortish loyihada o‘z aksini topdi. Endilikda 1,5-2 ming rubl bilan qutulib bo‘lmaydi! Ishonib qolamizki, federal markaz bu tashabbuslarni qo‘llab quvvatlaydi. Oldinroq biz pedofiliya, pornografiya va shu kabi saytlarni blok qilish tashabbusi bilan chiqqan edik va hozirda bu sohada biroz tartib o‘rnatildi. Prostitutsiya masalasi yechimining ikki yo‘li bor, xolos: yo biz unga qarshi qonunchilikni kuchaytirishimiz, yo uni, ayrim liberal mamlakatlar kabi, legallashtirish yo‘lidan borishimiz zarur. Biz qonunlarni keskinlashtirishni talab qilayapmiz, dedi Oleg Mixaylovich Ozodlikka.

Aniqlanishicha, bundan oldinroq Vitaliy Milonov boshqarayotgan deputatlar guruhi odamlar yashayotgan mavzelardan seks-shoplarni yo‘q qilish tashabbusini parlamentga olib chiqqan edi.

“Yedinaya Rossiya” partiyasi vakili bo‘lgan Vitaliy Milonov hozirda Peterburg parlamentining diniy uyushmalar bilan aloqalari uchun javobgardir. Bu lavozimda u allaqachon juda g‘aroyib va keskin chiqishlari bilan ko‘pchilikka tanilgan. Jumladan, joriy yilning 15 yanvarida u taniqli rus stilisti Sergey Zverevni Peterburgga kiritmaslikni taklif qilgan edi.

U, shuningdek, peterburgliklar to‘g‘risida yomon fikrda bo‘lgan odamlar “qora ro‘yxatini” tuzishni taklif qildi. Ular qatorida Vitaliy Milonov taniqli jurnalist va teleboshlovchi Vladimir Poznerni ham kiritishni talab qilgan edi.

Vitaliy Milonov oldinroq “kapalaklar”ga bepul abort qilishni man etish masalasini ham ko‘targan. Klerikal va millatchilik fikrlari bilan nom qozongan va o‘zini “besoqolbozlikka qarshi kurashchi” deb atayotgan bu siyosatchi “pravoslav restoran”, “pravoslav bank” va hatto “pravoslav sartaroshxonalar”joriy qilishni tavsiya qilgan ham edi.

V.Milonov "Vatan xoinligi" moddasini tiklash tarafdori hamdir

V.Milonov "Vatan xoinligi" moddasini tiklash tarafdori hamdir

2013 yilda deputat Moskva va Sankt-Peterburgda konsert uyushtirgan qo‘shiqchi Madonnani geylarni qo‘llab quvvatlagani uchun mamlakatdan chiqarib yuborishni so‘rab, prokuraturaga ariza yozgan.

Vitaliy Milonov “gomoseksualizm targ‘ibotini taqiqlash qonuni” bilan Peterburg parlamentiga chiqqanidan keyin jamoatchilik orasida tanilgan.

Rossiya politsiyasiga ko‘ra, mamlakatdagi fohishalarning to‘rtdan biri horijliklardir.

O‘tgan yili birgina Sankt Peterburg shahrida fohishalik bo‘yicha 1351ta protolol tuzilgan bo‘lsa, shundan 380tasi xorij fuqarolariga tegishli bo‘lgan.

Bu yerda gap birinchi navbatda O‘zbekiston, Ukraina, Moldova, Tojikiston fuqarolari haqida bormoqda. Ma’muriy huquqbuzarlik Kodeksiga muvofiq, fohishalik uchun Rossiyada 2,5 ming rubl miqdorida jarima belgilangan.

Rossiyaning turli o‘lkalarida fohishalik bilan kun kechirishga o‘tayotgan o‘zbek ayollari soni yil sayin ko‘payib borayotganini mutaxassislar iqtisodiy qiyinchiliklar va o‘zbek jamiyatidagi jiddiy ma’naviy inqiroz bilan bog‘lamoqda.

Ozodlik bu masalada suhbatlashgan Rossiyadagi aksar mehnat muhojirlari deputat Milonov tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Moskva viloyatida mehnat qilayotgan 25 yoshli Akmaljon esa fohishalikka qarshi qonunlarning keskinlashtirilishi tarafdori bo‘lsada, xorijlik fohishalarning Rossiyadan badarg‘a qilinishidan natija bo‘lishiga shubha bildirdi:

- Ularni chiqarib yuborish yaxshi bo‘lsa kerak. Ammo, bilasizku – o‘rgangan ko‘ngil... Deport qilingan buzuq ayollar O‘zbekistonga yoki boshqa qo‘shni mamlakatlarga borib o‘sha ishini qilaveradi. Boshqa tomondan, ularning ko‘pchiligi bu ishga noilojlikdan “qo‘l urgan”, dedi Akmal.

XS
SM
MD
LG