Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:06

Litvinenko "o‘zbek o‘g‘riboshilari G‘afur va Salim" Putinga aloqador, deya iddao qilgan


O‘tgan oyda Londonda FSB sobiq polkovnigi Aleksandr Litvinenkoning o‘ldirilishi tafsilotlari to‘g‘risidagi hisobotning e’lon qilinishi asosiy voqeaga aylandi. Britaniya sudi hakami Ser Robert Ouen boshchiligida o‘tkazilgan tergov xulosalariga ko‘ra, Litvinenkoning 2006 yilda poloniy 210 radiokativ moddasi bilan o‘ldirilishi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin buyrug‘i bilan amalga oshirilgani ehtimoli bor. Tergov hisobotiga Litvinenkoning “Lubyanka jinoiy guruhi” nomli kitobidagi “O‘zbek izi” nomli bobi ham ilova qilingan. Unda Litvinenko prezident Putinning o‘zbek o‘g‘riboshilari G‘afur va Salimga aloqadorligini iddao qiladi.

O‘zbek izi

Litvinenkoning 2002 yilda chop etilgan “Lubyanka jinoiy guruhi” (Lubyanka – Federal Xavfsizlik xizmati – FSBning Moskvadagi qarorgohi-tahr.) kitobi 2016 yil yanvarida Ser Robert Ouenning hisoboti e’lon qilinishi tufayli yana matbuot diqqat markaziga tushdi. Sobiq FSB polkovnigining poloniy 210 radioaktiv moddasi bilan zaharlab o‘ldirilishi yuzasidan o‘tkazilgan tergov xulosalariga ilova sifatida, mazkur kitobning “O‘zbek izi” nomli bobi ham tirkalgan va ingliz tilida “Uzbek file”, ya’ni “O‘zbek ishi”, deb olingan.

Britaniya sudyasi Ser Robert Ouen o‘z hisobotida Litvinenko o‘zbek o‘g‘riboshisi G‘afur bilan narkotrafikni yo‘lga qo‘ygan jinoiy guruhning KGB mulozimlari, jumladan Vladimir Putin va Nikolay Patrushev bilan aloqalari bo‘lganiga ishora qiluvchi dalillarni qo‘lga kiritgan, deya xulosa qiladi
Britaniya sudyasi Ser Robert Ouen o‘z hisobotida Litvinenko o‘zbek o‘g‘riboshisi G‘afur bilan narkotrafikni yo‘lga qo‘ygan jinoiy guruhning KGB mulozimlari, jumladan Vladimir Putin va Nikolay Patrushev bilan aloqalari bo‘lganiga ishora qiluvchi dalillarni qo‘lga kiritgan, deya xulosa qiladi

Unda Litvinenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning jinoyat olami bilan aloqalarini fosh etish iddaolari, uning va Rossiya FSBsi rahbariyatining o‘zbek kriminal dunyosi o‘g‘riboshilari G‘afur va Salim bilan oldi-berdi qilgani haqida yozadi.

“O‘zbek izi”da Litvinenko familiyalarni keltirmaydi, lekin u keltirgan ayrim iddaolardan o‘quvchi gap kim haqida ketayotgani to‘g‘risida xulosa chiqarishi mumkin.

Putinning o‘zbek jinoyat olami vakillari bilan aloqadorligi to‘g‘risida iddao qilgan Litvinenko o‘z kitobida 1990-yillarda ro‘y bergan voqealarni tasvirlaydi.

London sudi hisobotiga tirkalgan “O‘zbek ishi”da G‘afur ismli bandit boshchiligidagi to‘da 90-yillarda Markaziy Osiyo orqali Rossiyaga, u yerdan esa G‘arbiy Yevropaga narkotiklar sotish yo‘llarini to‘la nazorat qilgani haqida gap boradi.

Litvinenkoning iddao qilishicha, G‘afur FSB boshqarmasi boshlig‘i Yevgeniy Xoxolkov himoyasi ostida Rossiya orqali narkotrafikni yo‘lga qo‘yishga muavaffaq bo‘lgan. Xoxolkov sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston SSR KGBsida xizmat qilgani va o‘sha paytlarda G‘afur va Tayvanchik laqabli “vor v zakone” Alik (Olimjon-tahr.) To‘xtaoxunov bilan yaqin aloqalarda bo‘lgani iddao qilinadi kitobda.

(Boshqa manbalarda Xoxolkov 1950 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgani va 1990-yillar boshlariga qadar O‘zbekiston SSR KGBsida xizmat qilgani aytiladi-tahr.)

G‘afur bilan Xoxolkov videosi

Litvinenko hikoyasi davomida, G‘afur narkotiklarning asosiy yetkazib beruvchisi bo‘gan afg‘onistonlik o‘zbek generali Abdul Rashid Do‘stum bilan yaqin aloqalari tufayli bu sohani o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lganini yozadi.

G‘afur afg‘onistonlik o‘zbek generali Abdul Rashid Do‘stum bilan yaqin aloqalari tufayli narkotrafikni o‘z nazoratiga olganini iddao qiladi Litvinenko
G‘afur afg‘onistonlik o‘zbek generali Abdul Rashid Do‘stum bilan yaqin aloqalari tufayli narkotrafikni o‘z nazoratiga olganini iddao qiladi Litvinenko

Sovet ittifoqi tarqaganidan keyin O‘zbekiston KGBsidan Moskvaga FSBga o‘tkazilgan Xoxolkov esa, narkotrafikning Rossiya orqali xavf-xatarsiz o‘tishini kafolatlaganiga asos o‘laroq, Litvinenko bir epizodni eslaydi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining Platonov ismli mulozimiga tayanib, general Xoxolkovning G‘afur bilan birga o‘tirgani tasvirlangan video borligini yozadi.

G‘afurning narkotrafik yo‘llarini nazorat qilish bo‘yicha asosiy raqibi “Almaz laqabli qozoq avtoriteti bo‘lgan. Tojik jinoiy guruhini ham nazorat qilgan Almazni keyinchalik Ispaniyada o‘ldirishgan.

Bu guruhlar orasida doimo qarama-qarshiliklar bo‘lgan va vaqti-vaqti bilan avtoritetlar o‘zaro kelishib, urushning oldini olish uchun uchrashib turishgan. Ana shunday uchrashuvlardan birida Xoxolkov uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining operativ s’yomkasiga tushib qoladi. Bu uchrashuv paytida o‘zbeklar tojiklardan Rossiya orqali tovarlarining o‘tishi uchun haq to‘lashlari kerakligi talab qilishgani to‘g‘risida Platonov menga gapirib berdi. Almazning bundan jahli chiqadi – katta pul so‘rayapsan, nima uchun to‘lashim kerak ekan, deydi. G‘afur esa bunga javoban, Rossiyada biz hamma uchun umumiy himoyani ta’minlaymiz, deb aytadi. Almaz rozi bo‘lmasa muammolarga duch kelishi mumkinligi, chunki Rossiyada katta aloqalari borligini aytadi. Shunda ikkalasi gap tortishib qoladi, Almaz G‘afurdan: “Kim bizga muammo yaratar ekan?”, deb so‘raydi.

Ana shu payt Xoxolkov gapga qo‘shiladida “Men sizga muammo yarataman”, deydi. Ana shu video, Platonovning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar vazirligi rahbariyati seyfida saqlangan”, deb yozadi Litvinenko.

Litvinenkoga ko‘ra, MVD ixtiyorida bo‘lgan yana bir videoda G‘afurning FSB generali Xoxolkovga pul berayotgani tasvirlangan.

"Putin ko‘pdan beri o‘zbeklardan tirikchilik qilib keladi"

Rossiya prezidentining o‘zbek banditi G‘afurga aloqasi bo‘lganini iddao qilgan Litvinenko, general Xoxolkov va o‘zbek to‘dasi bo‘yicha to‘plagan materilallarni 1998 yilda Rossiya FSBsi direktori etib tayinlangan Putinga topshirganini eslaydi. Putin bu materiallarni olib qoladi va oradan ko‘p o‘tmay Litvinenkoni FSBdan ishdan bo‘shatishadi va 1999 yilda vakolatini suiiste’mol qilganlik aybi bilan hibsga olinadi.

“Keyinchalik Putinning Xoxolkov komandasi bilan o‘zaro aloqalari, Putin Sankt Peterburg meri Sobchakning iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan paytga borib taqalishini tushundim”, deb yozadi Litvinenko. Bu xulosalarni Litvinenko “o‘sha paytda Putinga yaqin doirada ishlagan” va prezident kursisini egallaganidan keyin Putinning iqtisod masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan David Dvalidan eshitganlaridan chiqaradi. Litvinenkoning yozishicha, David Dvali 90-yillarda uning Sankt Peterburg hokimligidagi ishonchli odami bo‘lgan.

Putinga general Xoxolьkov va o‘zbek o‘g‘riboshilari to‘g‘risidagi materiallarni bergan Litvinenko ko‘p o‘tmay ishdan haydaladi va qamoqqa olinadi
Putinga general Xoxolьkov va o‘zbek o‘g‘riboshilari to‘g‘risidagi materiallarni bergan Litvinenko ko‘p o‘tmay ishdan haydaladi va qamoqqa olinadi

“Turmadan chiqqanimda (2000 yilda-tahr) David Dvali bilan uchrashdik. U menga: “Putin seni ezib tashlaydi, senga hech kim yordam bera olmaydi. U seni ezib tashlaydi, chunki u o‘zbeklar komandasi bilan Piter bo‘yicha ishlaydi. Putin ko‘pdan beri bu bollardan tirikchilik qiladi. U yerda umumiy pullar bor, ular seni yo‘q qilishidi”, dedi”, deya eslaydi o‘z kitobida Litvinenko.

David Dvali 2000 yil aprelida Moskvadagi uyi oldida otib o‘ldirilgan.

Xotini gimnastika treneri bo‘lgan Alisher

Litvinenko kitobida Markaziy Osiyodagi narkotrafikni nazorat qiluvchi o‘zbek banditi G‘afurning familiyasi keltirilmagan. (AQSh hukumati Markaziy Osiyoda narkotiklar noqonuniy savdosini nazorat qiluvchi shaxs sifatida o‘zbek kriminal dunyosi avtoriteti, deb ko‘riluvchi G‘afur Rahimovga nisbatan sanksiya qo‘llagan. Lekin Ozodlik Litvinenko aynan Rahimovni nazarda tutganini ta’kidlay olmaydi-tahr.)

G‘afurning Moskvadagi ishonchli odamlari sifatida Tayvanchik laqabli “vor v zakone” Alik To‘xtaoxunov hamda Alisher ismli shaxsni tilga oladi. Alisherning ham familiyasi keltirilmagan, lekin uning xotini gimnastika bo‘yicha terma jamoa treneri ekanini eslatib o‘tgan Litvinenko.

"FSB operativ ma’lumotlariga ko‘ra, Alisher Xoxolkov, Sergey Yastrjembskiy (sobiq prezident Boris Elsinning matbuot kotibi-tahr.) va sobiq Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari va Xavfsizlik kengashi raisi Andrey Kokoshin bilan yaqin do‘stona aloqalari bo‘lgan. Alisherning xotini, gimnastika bo‘yicha terma jamoa treneri uni sakkiz yil turmadan chiqishini kutgan. U, ya’ni xotini orqali sport vaziri Shamil Tarpishchev hamda Podolsk jinoiy guruhi a’zosi Ratan laqabli Ivanyujenkov bilan aloqa o‘rnatgan", deb yozadi Litvinenko.

Samolyotda g‘oyib bo‘lgan Salim

Litvinenko FSB generali Xoxolkov ismiga ilk bor 1993 yilda, xavfsizlik idorasining boshqa boshqarmasida ishlagan paytda duch kelganini eslaydi. O‘sha paytda Litvinenko sobiq ittifoq tarqalganidan keyin O‘zbekiston KGBsidan Xoxolkov bilan birgalikda Moskvaga ko‘chirilgan polkovnik Kostyukov va podpolkovnik Vaganov qo‘li ostida ishlagan.

O‘shanda operativ xodim bo‘lgan Litvinenkoga bir kuni O‘zbekistondan Salim laqabli jinoyat guruhi yetakchisi uchib kelayotgani va uni hibsga olish vazifasi topshiriladi.

“Hibsga olishga jo‘nab ketayotsak, Vaganov: “Qaerga ketyapsizlar?”, deb so‘radi. Men: “Salimni” ushlagani, dedi. Vaganov “Kimni?”, deb so‘radiyu, shoshilgancha kimgadir telefon qilgani kabinetiga kirib keldi. Samolyot keldi. Yo‘lovchilar tushishdi, lekin Salim yo‘q. Samolyotda tintuv o‘tkazdik – yo‘q. Aftidan, Vaganov kimnidir ogohlantirishga ulgurgan. Keyinchalik bilsak, samolyot uchib ketayotganda uni ortga qaytarishgan. Salim tushib qolgan, samolyot yana uchib ketgan”, deb yozadi Litvinenko.

(Litvinenko o‘z kitobida Salimning ham familiyasini keltirmaydi. Wikileaks sayti e’lon qilgan kablogrammalardan birida O‘zbekistondagi mafiya to‘daboshisi sifatida o‘zbek kriminal dunyosi avtoriteti, deb ko‘riluvchi Salim Abduvaliev ismi keltirilgan. Lekin Ozodlik Litvinenko aynan Abduvalievni nazarda tutganini ta’kidlay olmaydi-tahr.)

Litvinenko birinchi qurbon emas

2006 yilda Londonda poloniy 210 moddasi bilan zaharlab o‘ldirilgan sobiq FSB polkovnigi Aleksandr Litvinenko o‘z kitobining “O‘zbek izi” nomli bobida Putinning narkotrafik va xususan o‘zbek banditi G‘afur bilan aloqalari to‘g‘risidagi taxminlari iddaolar ekanini e’tirof etadi, lekin shu bilan birga bu iddaolar o‘z ixtiyoridagi operativ ma’lumotlarga asoslanganini ta’kidlaydi.

Ser Robert Ouen hisobotida Litvinenkoning "Lubyanka jinoiy guruhi" va Rossiya prezidentini turli jinoyatlarda ayblovchi boshqa kitoblari uning o‘ldirilishiga sabab bo‘lgani ehtimoli yuqori ekani xulosa qilingan.

Litvinenkoning bu iddaolari asosli bo‘lishiga ishora qiluvchi ma’lumotlar boshqa manbalarda ham bor. Sobiq O‘zbekiston SSR KGBsi xodimi Evgeniy Xoxolkov

Xoxolьkovning o‘zbek jinoiy “avtoritetlar” G‘afur va Salim bilan aloqalarini surishtirgan deputat Yuriy Shchikochixin 2003 yilda zaharlab o‘ldirilgan
Xoxolьkovning o‘zbek jinoiy “avtoritetlar” G‘afur va Salim bilan aloqalarini surishtirgan deputat Yuriy Shchikochixin 2003 yilda zaharlab o‘ldirilgan

​1998 yilda Rossiya Davlat dumasi deputati, “Novaya Gazeta” bosh muharriri o‘rinbosari Yuriy Shchekochixinning bosh prokuratura, prezident ma’muriyati va FSB direktoriga yuborgan deputatlik so‘rovnomasi figuranti ham bo‘lgan.

Deputat Shchekochixin o‘z so‘rovnomasida qo‘ygan savollar orasida quyidagilar ham bor:

1. E. G. Xoxolkov FSBda rahbar lavozimga tayinlanguniga qadar O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasida (MXX-tahr.) ishlagani va bu qo‘mita ixtiyorida general Xoxolkovni obro‘sizlantiruvchi materiallar borligi rostmi?
2. FSB rahbariyatining Xoxolkovni ishga olish niyati borligini bilgan O‘zbekiston MXXsi rasmiy tartibda FSB rahbariyatini Xoxolkovni obro‘sizlantiruvchi materiallar mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirgani va O‘zbekistonga FSB ichki xavfsizlik boshqarmasining bir guruh xodimlari borib, bu masalani tekshirgani rostmi?

...

6. Xoxolkovni obro‘sizlantiruvchi boshqa materiallar, xususan uning o‘zbekistonlik taniqli jinoiy “avtoritetlar” G‘afur va Salim bilan aloqalari borligi tasdiqlandimi?

Bu so‘rovnoma yuborilganidan 5 yil o‘tib, 2003 yilda deputat Yuriy Shchekochixin zaharlab o‘ldiriladi.

XS
SM
MD
LG