Линклар

logo-print

Toshkent shahri Chilonzor tumanining oltinchi mavzesida istiqomat qiladigan aholi ko‘p qavatli uylar o‘rtasidagi chinorzor kesilayotganiga qarshi norozilik bildirmoqda. Toshkent shahar hokimiyatining ruxsati bilan bu erdagi o‘nlab oltmish yillik chinorlar kesila boshlandi. Avtomobillar turar joyi va ikkita ko‘p qavatli uy qurilishi rejalangan bu joy, shaharliklar fikricha, eng go‘zal chinorzor, dam oladigan maskan va bolalarning o‘yin maydonchasi bo‘lgan.

Toshkent shahri Chilonzor tumanining oltinchi mavzesida aholining chinorlar kesilishiga qarshi noroziligi ikki kundan buyon davom etmoqda.

15 fevral kuni ertalabdan ko‘p qavatli uylar o‘rtasidagi 182 tup oltmish yillik chinorlarni ommaviy kesish ishlari boshlandi.

Toshkentda chinor kesilishi

Toshkentda chinor kesilishi

Toshkentliklar chinorlar ayovsiz kesilayotgan holatlarni surat va videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqata boshladi. Ular poytaxt rasmiylaridan bu vahshiylikka chek qo‘yilishini talab qilmoqdalar.

Fergananews.com caytida e’lon qilingan foto va videolarda kesilgan chinorlarni avtomobillarga yuklanayotgani, aholi bilan qurilish mulozimlari o‘rtasidagi janjallar tasvirlangan.

Toshkentda chinor kesilishi

Toshkentda chinor kesilishi

Quruvchilar “Prioriti Standart” MChJga oltinchi mavzening bir gektar yerida qurilish olib borish uchun shahar hokimiyati ruxsat bergani haqidagi qarorni odamlarga ko‘rsatgan. Lekin qarorda qurilishning aniq joyi ko‘rsatilmagan.

Toshkentda chinor kesilishi

Toshkentda chinor kesilishi

Chilonzor tumanining oltinchi mavzesida istiqomat qiladigan Larisa ismli ayolning aytishicha, odamlar hokimiyatning bu qaroridan juda darg‘azab bo‘lgan:

- Kecha mana shu uylarda yashovchi uylardan ellikdan ortiq qattiq norozilik bildirdi. Odamlar yo‘lni to‘sdi, KamAZ haydovchisi esa bosib kelaverdi. Qiy-chuv, to‘polon bo‘ldi. Ishchilar aholining noroziligiga qaramasdan qurilish bo‘ladigan joyning atrofini o‘rab oldi. Lekin tepadan kesilayotgan chinorlarni ko‘rib, yuragimiz ezilib ketyapti. O‘tgan asrning 60 yillarida ota-onalarimiz bu yerni bog‘, chinorzor qilgan edi. Bu chinorzor aholi uchun kislorod, dam olish joyi, jazirama issiqdan himoya, bolalar uchun o‘yin joyi edi. Shafqatsizlar hech kimning fikrini inobatga olmayapti, dedi Larisa.

Uning aytishicha, aholi o‘zi tanlagan vakillar ikki kundan buyon rasmiylarga murojaat qilmoqda, lekin naf bo‘lmayapti:

- Bunga norozilik bildirilgan 300 yaqin imzo to‘plandi. Vakillar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga borishdi, u yerdan natija bo‘lmadi. Keyin prezident devoniga borishdi. Devondagilar “hammasi qonuniy, norozi bo‘lsalaring sudga beringlar”, debdi. Xullas, hech kim yordam bermayapti, dedi Larisa.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Sid Yanishevning aytishicha, odamlarning chinorlarning kesilishiga qarshi e’tirozlari shu paytgacha e’tiborsiz qolib kelgan:

- Hamma biladi yaxshi ish bo‘lmayotganini. Lekin hech kim mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olmaydi. Biz buni tajribadan bilamiz. Bunday ishlar hokimiyatning ruxsatisiz qilinmaydi. Chunki, yer davlatniki. Ular odamlar fikri bilan hisoblashmaydi, xohlagan ishlarini qilishadi. Lekin hech kim ovoz chiqarib men shunday qaror berdim, deb aytmaydi, dedi Sid Yanishev.

16 fevral kuni ham odamlarning noroziligi davom etdi. Lekin quruvchilar qurilish bo‘ladigan joy atrofini o‘rab olib, chinorlarni kesish ishlarini davom ettirmoqda.

Atrofdagi uylarda yashaydigan odamlarning balkon va derazalardan bu ayanchli manzarani kuzatishdan boshqa ilojlari qolmagan. Toshkentda yana bir go‘zal va salqin chinorzor yo‘q qilinyapti.

Toshkent shahar hokimiyatidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG