Линклар

Yevropa Ittifoqi Toshkentga Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayoninini tezlatishni tavsiya qildi. Bu haqda jurnalistlarga Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yuriy Shtrek ma’lum qildi.

Regnum agentligining 16 fevral kuni bildirishicha, bugungi kunda YeI va O‘zbekiston o‘rtasida JSTga a’zolik yuzasidan muzokaralar olib borilmayapti, biroq rasmiy Toshkentning JSTga a’zo bo‘lishga qiziqish bildirib kelmoqda.

Yuriy Shtrek JSTga a’zo bo‘lishi uchun O‘zbekiston hukumati zarur bo‘lgan tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishi shart ekanini, buning uchun esa Toshkent rasmiylari siyosiy irodasini namoyish etishi zarurligini ta’kidladi.

“Albatta, JSTga a’zolik iqtisodning zaif sektorlari uchun muayyan tavakkallar bilan bog‘liq. Ammo YeI O‘zbekistonga qaysi sohalar zaif hamda raqobatga dosh bera olmasligini aniqlashda yordam ko‘rsatishi mumkin. O‘z-o‘zidan bu narsa mamlakatda istalmagan iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin”, dedi jurnalistlar bilan suhbati davomida Yuriy Shtrek.

JST 1995 yilning 1 yanvaridan faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur tashkilot savdo-sotiqni liberallashtirish maqsadida tashkil etilgan edi. Shu kungacha JSTga dunyoning 162 davlati a’zo bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG