Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:18

Toshkentda Rossiyada o‘qimoqchi bo‘lganlardan hujjat yig‘ish jarayoni boshlandi


Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti.
Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti.

Toshkentda Rossiya oliygohlarida o‘qish uchun hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlandi. Bu ish Rossotrudnichestvoning Toshkentdagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Tanlovdan o‘tgan o‘zbekistonlik yoshlar byudjet hisobidan Rossiya oliygohlarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonlik yoshlardan Rossiya oliygohlarida o‘qish uchun arizalar Rossotrudnichestvoning Toshkentdagi vakolatxonasi tomonidan 17 fevraldan 21 fevralgacha qabul qilinadi.

Rossiya oliygohlarida o‘qish niyatini bildirgan yoshlar buning uchun Rossotrudnichestvoning Toshkent vakolatxonasi saytiga kirib, elektron anketani to‘ldirishi va sayt orqali uni vakolatxona elektron manziliga jo‘natishi lozim.

Rossotrudnichestvo tashkilotining Moskvadagi markaziy apparatidan olingan ma’lumotga qaraganda, o‘zbekistonlik yoshlar o‘z anketalarida o‘zlari kirmoqchi bo‘lgan oltitagacha universitetni ko‘rsatishlari mumkin. Moskva va Peterburgdagi universitetlarda o‘qish niyati borlarga faqat ikkita oliygohni tanlash huquqi beriladi.

Belgilangan tartib-qoidaga asosan, yig‘ilgan anketalar O‘zbekiston tegishli idoralari vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va hukumat vakillari talabalikka nomzodlar orasidan o‘zlari munosib deb topgan yoshlarni Rossiya oliygohlarida o‘qishi uchun tavsiya beradi.

O‘zbekiston vakillari ishtirokida tanlab olingan anketalar Rossotrudnichestvoning Moskvadagi markaziy apparatiga jo‘natiladi. Shundan so‘ng anketa va arizalar ko‘rib chiqilib, talabalarni tanlab olish jarayoni boshlanadi.

Tanlovning ikkinchi bosqichida esa Rossiya Maorif va Fan vazioligi o‘zbekistonlik abiturientlarning anketalarini mustaqil tarzda ko‘rib chiqadi hamda kvotani shakllantirish va bo‘lishtirish axborot-tahlil sistemasi vositasida talabalarni tanlab oladi.

Hujjat topshirgan abiturientlar o‘z anketalarida elektron manzillarini yozishni unutmasliklari kerak. Chunki ularning oliygohga qabul qilingani yoki qilinmagani elektron manzilga xabar qilinadi.

Bugungi kunda Rossiya oliygohlarida o‘zbekistonlik 12 ming talaba o‘qimoqda. O‘tgan 2014-2015 yilgi o‘quv yilida Rossiya hukumati kvotasi bilan byudjet hisobidan rus oliygohlariga qabul qilingan o‘zbekistonlik talabalar soni 305 kishini tashkil qilgan.

2016-2017 o‘quv yili uchun esa Rossiya hukumati qarori bilan mamlakat universitetlarida byudjet hisobidan o‘qish uchun butun dunyodan 15 mingdan ko‘p bo‘lmagan talaba qabul qilib olinishi lozim.

Bu o‘rinlarning qanchasi o‘zbekistonliklarga nasib qilishi hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Rossotrudnichestvoning Moskvadagi markaziy apparati va mazkur tashkilotning Toshkent vakolatxonasi rasmiylari Ozodlik radiosi bilan suhbatda kvota masalasida hozircha hech qanday ma’lumotlarga ega emasliklarini aytdilar.

XS
SM
MD
LG