Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:55

GM–O‘zbekiston zavodidan ommaviy tarzda ishchilar ishdan bo‘shayapti


So‘nggi ikki oyda GM – O‘zbekiston qo‘shma korxonasining yuzdan ortiq ishchisi o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shadi. 2016 yilda avtomobil ishlab chiqarish uch baravarga qisqargani aytilmoqda. Ish hajmining to‘rtdan uch qismga qisqargani, dekabr oyi maoshining berilmagani sabab ishchilar boshqa joydan ish qidirishga majbur bo‘lyapti. Zavod ma’muriyati esa ish bir maromda davom etayotganini, ish soatlari qisqarmaganini va ishchilar ishdan bo‘shab ketayotgani haqidagi iddaolarni inkor qildi.

GM – O‘zbekiston qo‘shma korxonasida ishchilarning ish soatlari to‘rtdan uch qismga qisqardi. Bu ma’lumotni Asakadagi avtomobil ishlab chiqarish zavodining rahbariyatga yaqin mulozimlaridan biri Ozodlikka aytdi.

Shu sababli zavod ishchilari o‘z arizalari bilan ishdan bo‘shab, boshqa ish qidirishga majbur bo‘lmoqda. Zavoddagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, so‘nggi ikki oyda yuzdan ortiq ishchi korxonani tark etgan.

Hozir zavodda 8 soatlik grafik asosida faqat bir smenada ish olib borilyapti. Zavodda avval A, B, C, D – to‘rt smenada ish tashkil qilingan edi.

Bu grafikka ko‘ra ishchilar bir oylik ish soatlarining faqat to‘rtdan bir qismini ishlay olyapti, xolos.

Ismi sir qolishini so‘ragan zavod mutaxassislardan biri bu holatni bunday tasvirlaydi:

“Mana qarang, avval zavod to‘liq ishlaganda A, B, C, D smena ishchilari bir oy davomida 160-180 soat ish bilan ta’minlanardi. Hozir barcha sex ishlayapti. Agar bir oyda 4 hafta bo‘lsa, birinchi hafta A, ikkinchi hafta B, uchinchi hafta C va to‘rtinchi hafta D smena ishlaydi. Chunki zavodda ilgarigi to‘rt smenalik ish o‘rniga faqat bir smenalik – 8 soatlik ish qolgan. Masalan, men A smena ishchisi bo‘lsam, bir oyda 40 soat ish beriladi, xolos. Demak, oylik ham besh ish kuniga yarasha bo‘ladi", deydi suhbatdosh.

Mutaxassisning aytishicha, ishchilarning 80 foizi hali dekabr oyining maoshini olmagan:

“Shuning uchun ham ishchilar zavodni tashlab ketmoqda. O‘tgan yil ham to‘liq ishlab chiqarish uch marta to‘xtatilgan edi. Yangi yildan keyin ham 40 kun o‘z hisobimizdan ta’tilga chiqarildik. Zavod tamoman o‘lganga o‘xshaydi. Men ham ertaga ketishga ariza yozaman”, dedi mutaxassis.

Asakadagi avtomobil ishlab chiqarish zavodi rahbariyatiga yaqin manbaning aytishicha, 2016 yilda avtomobil ishlab chiqarish rejasi uch baravarga qisqargan:

“2015 yilda qo‘shma korxonamizda 220 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu yilgi reja esa 75 mingta deb aytilyapti. Biz ishlab chiqaruvchimiz, buyurtmani esa “O‘zavtosanoat” beradi. Demak, ishlab chiqarishni sun’iy pasaytirish yuqoridan bo‘lyapti”, deydi manba.

GM – O‘zbekiston qo‘shma korxonasiga mahsulot yetkazib beruvchi kichik korxonalar ham 8 fevraldan boshlab 8 soatlik grafikda bir smenalik ishga o‘tgan edi. Shu haftaning boshida esa ular ishlab chiqargan butlovchi qismlarga ehtiyoj bo‘lmagani sabab, 6 soatlik ish grafigiga o‘tilgan.

Farg‘onadagi avtomobil komponentlari yetkazib beradigan UzSungwoo o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasi ham ular ishlab chiqargan mahsulotlarga talab bo‘lmagani uchun bankrot holatiga kelib qolgani aytiladi.

GM – O‘zbekiston qo‘shma korxonasining yangi loyihasi “Neksiya-3” avtomobili ishlab chiqarish konveyeri ham tayyor holatga keltirilgan. Lekin noma’lum sabablarga ko‘ra, bu konveyer ham ishga tushirilmayapti.

Ayni paytda, korxonada ishlagan 9 mingdan ortiq ishchi va mutaxassislarning to‘rtdan uch qismi oyning uch haftasini uyida o‘tkazyapti.

GM – O‘zbekiston qo‘shma korxonasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, ishchilarning ommaviy tarzda ishdan bo‘shayotganini inkor qilib, zavod to‘la quvvati bilan ishlayotganini ta’kidladi:

- Ishchilar ommaviy ishdan bo‘shayapti degan gap yo‘q. Zavod to‘la ishlayapti, Xudo xohlasa. Qisqarish degan narsa yo‘q, dedi mulozim.

O‘zavtosanoat hissadorlik jamiyatidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG