Линклар

Tergov izolyatorida yarim yildan ortiqroq vaqt saqlangan va O‘zbekiston so‘rovi bilan ekstraditsiya tekshiruvidan o‘tgan 33 yashar farg‘onalik Bahodir Karimovga u oxirgi 10 yil yashab kelayotgan Samarada na qochqinlikka, na vaqtinchalik yashashga ruxsat berildi.

Namozxon emasligiga qaramasdan “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga aloqadorlikda va konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishda gumon qilinib qidiruvga berilgan bu yigitning ikki akasi ayni ayblovlar bilan O‘zbekistonda 17 yildan buyon qamoqda qolmoqda.

O‘zbekistonga o‘g‘irlanib ketishi mumkinligidan xavfsirayotgan rafiqasi Tatyana Karimova Ozodlik bilan suhbatda umrining oxirgi 3 yilini erining ozodligi uchun kurashga bag‘ishlaganini aytdi.

“Biz baxtli yashashni istaymiz...”

Samara shahrida yashab kelayotgan Bahodir Karimov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan 2013 yilning oktyabrida xalqaro qidiruvga berilgan.

Xavfsizlik idorasi rasmiy so‘rovnomasida Bahodir Yekaterinburg shahrida “Hizb ut-Tahrir” tashkilotini tuzgani”, O‘zbekistonga kelib “maxfiy ravishda diniy yig‘inlar uyushtirib, tashkilotga yangi a’zolar jalb qilgani” (O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-1, 244-1 moddalari – tahr.) tushuntirilgan.

O‘zbek muhojirining rafiqasi Tatyana Karimovaning Ozodlikka aytishicha, Rossiya Bosh prokuraturasi o‘tkazgan ekstraditsiya tekshiruvi Karimovga qo‘yilgan ayblovlar asossizligini isbotlab bergan.

- Bosh prokuratura uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish uchun asos topa olmadi. Keyin, biz qochqinlik maqomiga turmada ariza topshirgan edik – rad javobini oldik: tuman sudi, viloyat sudi ham FMSni qo‘llab- quvvatladi. U qochqinlik maqomini olishga to‘g‘ri kelmas ekan. Vaqtinchalik qochqinlikka topshirgan arizamizni ham rad etishdi. Men Rossiya fuqarosi – qonun bo‘yicha qonuniy nikohdagi erimga o‘tgan yilning noyabrida vaqtinchalik yashashga ruxsatnomaga hujjat topshirdik. Ular buni ham rad etibdiyu, qarorini qo‘limizga ololmayapmiz: Bahodirni ular “o‘zi kelsin” deyapti. Na menga, na advokatga hujjatlarni berishdi. FMSda esa, bilasiz, uni o‘g‘irlab ketishlari mumkin, dedi Tatyana.

Samara rasmiy idoralarining bunday hatti-harakatlari sababini tushunmayotganini gapirgan Karimova xonim, turmush o‘rtog‘ining xalqaro qidiruvda ekanini 2013 yil oxirlarida bilganini ma’lum qildi.

- Biz 2014 yilning yanvar oyida Farg‘onaga ota-onasining oldiga mehmonga bormoqchi bo‘lib biletlarni ham sotib oldik. Bir vaqt Bahodirning onasi bizga telefon qilib, ko‘zida yosh bilan “O‘g‘lim, bu yerga kelma. Hech qachon kelma!”, deyapti. Uni mahalliy militsiya qidirayotgan ekan, “kelsin, kelsin” qilayotgan ekan. Shundan keyin biz “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti, shaxsan Svetlana Gannushkinaga murojaat qilishga majbur bo‘ldik, dedi Tatyana Karimova.

Suhbatdosh 2014 yilning iyunida Bahodir Karimov ishga ruxsatnoma rasmiylashtirayotgan paytda FMS xodimlari tomonidan qo‘lga olingani va shu kundan boshlab Samara tergov izolyatorida 7 oyu 10 kun ekstraditsiya tergovi ostida bo‘lganini bildirdi.

Tatyana erining turmadagi qisqa vaqti ichida sochlari oqarib, ozib ketganiga e’tiborimizni qaratdi.

“O‘zbekistonga borishni hech istamayman...”

Ozodlik 2014 yilning iyulida farg‘onalik bu yigit noqonuniy ablovlarga javoban izolyatorda ochlik e’lon qilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Ozodlik Bahodir Karimovning o‘zini suhbatga tortib, nima sababdan o‘zbek maxfiy idoralari tomonidan xalqaro qidiruvga berilganini aniqlashga urindi.

1999 yili Toshkentda sodir bo‘lgan portlashlardan so‘ng o‘zbek maxsus xizmatlari Bahodirning ikki akasini diniy ekstremizm va terrorchilikka aloqadorlik kabi ayblovlar bilan qamoqqa olgani ma’lum bo‘ldi.

- Bunchalik menga qiziqishlariga 17 yil bo‘ldi. 1999 yilda akalarim qamalganda meni ham birga ushlab, 3 kun juda qattiq qiynashgan. 5 kun suvsiz-ovqatsiz ushlashgan. Shu bir yil davomida maktabdan kelayotganimda 60 marotabadan ortiq snbchilar ushlab, “Akalaringga o‘xshagan kimlarni bilasan? Nomini ayt! Sen bilishinig kerak”, degan gaplarni gapirishgan. Katta akam, Karimov Hasanboy, 16 yilga qamalgan. 2013 yilda chiqishi kerak edi – sud qilib yana qamashdi. Keyingi 1970 yilda tug‘ilgan akam, Karimov Tohir, 19 yilga qamalgan. Yana bir vrach akamni boshqa akalarimni qo‘yib yuborishni talab qilgani uchun noqonuniy preparatlar tashlab, 6 yilga qamashgan. Oilamda ikkita shu katta akalarimdan tashqari hamma opa-akalarim vrach, dedi Bahodir.

U akalari 1999 yilning mart oyida niqobdagi xavfsizlik xodimlari tomonidan qo‘lga olinganini aytadi.

Uyda tintuv bo‘lgani va hech narsa topilmaganini gapirgan Bahodir, militsiya xodimlari bir necha dona patron tashlab, akalarini olib ketganini ma’lum qildi.

2005 yilda Bahodir onasining qistovi bilan O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan. Dastlab Rossiyaning Yekaterinburg shahrida yashagan Bahodir Karimov 2010 yilda Samara shahriga borgan. 2013 yilda u Rossiya fuqarosi bo‘lgan Tatyanaga uylandi.

- 2005 yilda qamalgan akalarimdan biri ozodlikka chiqdi. Onam mendan qattiq talab qildi: u meni ham yolg‘on ayblovlar bilan qamab qo‘yishlaridan qo‘rqdi. Bu yerda o‘qishning iloji bo‘lmadi, hujjatlarim joyida emasligi sababli ishga joylashishning ham iloji yo‘q. Lekin bekor o‘tirganim yo‘q. Ayolim bilan 6 yildan beri birgamiz. Buni dini xristian. Yashashimiz rus madaniyatiga yaqin. To‘g‘risi, dindan uzoq odamman, lekin meni diniy ablovlar bilan qamashmoqchi. Hozir men nima qilishimni bilmayman: O‘zbekistonga jo‘natishsa meni qiynoqlar kutyapti. Xullas, O‘zbekistonga borishni hech istamayman, dedi Bahodir.

XS
SM
MD
LG