Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:39

VimpelCom Gulnora Karimovaga pora berganini tan olishga tayyor


VimpelCom shirkati AQSh va Hollandiya rasmiylari bilan O‘zbekistonda pora berganini tan olishini nazarda tutuvchi "dastlabki kelishuvga" erishganini bildirdi. Bu kelishuv rasmiylar tarafidan ma’qullansa, Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumonlanayotgan VimpelCom 900 million dollargacha jarima to‘lashi mumkin.

Milliard dollarlik jarima

VimpelCom shirkati O‘zbekistondagi faoliyati davomida korrupsiyaga qo‘l urganiga doir tergovning yopilishi evaziga qonunni buzganini tan olishga tayyorligini bildirdi. Bermuda orollarida ro‘yxatga olingan va qarorgohi Hollandiyada joylashgan shirkat chorshanba kuni e’lon qilgan yillik moliyaviy hisobotda aytilishicha, bu haqda AQSh Qimmatbaho qog‘ozlar komissiyasi, Adliya vazirligi hamda Hollandiya Bosh prokuraturasi bilan dastlabki kelishuvga erishgan.

Rossiyaning Altimo va Norvegiyaning Telenor kompaniyalariga qarashli VimpelCom O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar miqdorida pora berganlik gumoni bilan AQSh va Hollandiya rasmiylari tarafidan tergov qilinmoqda.

2015 yilgi moliyaviy hisobotida gap VimpelCom-ning “O‘zbekistondagi biznesi va Takilant Ltd bilan avvalgi oldi-berdilariga oid tergov” haqida borayotgani aniqlashtiriladi.

“Qimmatbaho qog‘ozlar komissiyasi, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan istiqboldagi kelishuv shartlariga binoan shirkat va uning ayrim shu’balari, jumladan, AQShning xorijda korrupsiyaga qarshi qonuni va Hollandiyaning tegishli qonunlarining ayrim jihatlarini buzganini tan oladi va Qimmatbaho qog‘ozlar komissiyasi, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga jarima va tovon to‘laydi. Mazkur jarimalar miqdori bundan avval ayni maqsadlar uchun ajratilgani e’lon qilingan miqdordan oshmaydi”, deyiladi shirkatning yillik hisobotida.

VimpelCom o‘tgan yilning noyabrida ehtimoliy jarimalar uchun 900 million dollar ajratganini e’lon qilgan edi.

Shu bilan birga yillik hisobotda mazkur kelishuv AQSh va Hollandiya nazorat idoralari tomonidan ma’qullanganidan keyingina uning yakuniyligi haqida gapirish mumkin, deya eslatdi VimpelCom.

Shu oy boshrog‘ida Vimpelcom shirkati O‘zbekistondagi faoliyatiga daxldor korruptsiya tergovi doirasida AQSh, Shveysariya va Hollandiya hukumatlariga jami 1 milliard AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashi mumkinligi to‘g‘rsida xabarlar paydo bo‘ldi. Rambler News Service agentligi o‘z manbalariga tayanib, VimpelSom yaqin vaqt ichida mazkur mamlakatlar tergov idoralari bilan bunga oid kelishuvga erishilganini e’lon qilishi mumkin, deya xabar qildi.

AQSh Adliya vazirligidagi manbaga tayanib, Vimpelcom Amerika nazorat idoralariga 750 million dollar Yevropa Ittifoqi idoralariga esa 250 million dollar miqdorida jarima to‘lashi aytildi.

Lekin shirkat hisobotida gap faqatgina AQSh va Hollandiyaga jarima to‘lash haqida ketayotgani ta’kidlangan.

Qimmatga tushgan o‘zbek telekom bozori

VimpelCom va yana ikki telekom shirkati – Shvetsiyaning TeliaSonera va Rossiyaning MTS kompaniyalari O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yillar davomida jami 1 milliard dollardan oshiq pora bergani xususidagi iddaolar Yevropa mamlakatlarida 2012 yildan beri tergov qilinmoqda. O‘shandan beri VimpelCom va TeliaSonera rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Gulnora Karimovaga o‘rtakash firmalar orqali pora berganlikka aloqador ko‘rilgan mulozimlar ishdan olindi.

O‘tgan yili AQSh nazorat idoralari mamlakat qimmatbaho qog‘ozlar bozorida aksiyalari aylanuvchi uch shirkatning poraxo‘rlikka qo‘l urgani yuzasidan tergov boshlashi ortidan VimpelCom va TeliaSonera ehtimoliy jarimalar uchun yuzlab million dollar ajratishlarini e’lon qildi.

Bundan tashqari, ikkala shirkat O‘zbekiston bozorini tark etish niyatida ekanliklarini bildirishdi. VimpelCom shirkatining asosiy haqdori Norvegiyaning Telenor shirkati o‘ziga tegishli 2,2 milliard dollarga teng 33 foizlik aksiyalar paketini sotishni rejelashtirayotganini e’lon qildi.

Moliyaviy hisobotda aytilishicha, 2015 yilda VimpelCom shirkatining daromadi uchdan bir hissaga kamaygan.

Ayni paytda o‘tgan yilning noyabr oyida AQSh nazorat idoralari Glunora Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatidan rekord darajadagi 1,7 milliard dollar undirishi mumkinligi to‘g‘risida xabar qilingan edi.

Agar ikkala shirkatdan undirilishi ko‘zlanayotgan jarima to‘lanadigan bo‘lsa, bu AQSh tarixida misli ko‘rilmagan – 2,5 milliard dollardan oshiq – moliyaviy jazo bo‘ladi.

Millionlarni o‘margan hukmdor oyimcha

17 fevral kuni Amerikadagi nufuzli New York Times gazetasi Gulnora Karimovani AQSh Adliya vazirligi tomonidan o‘g‘rilikda gumon etilayotgan xorij rasmiylari ro‘yxatiga kiritdi.

The New York Times gazetasidan olingan lavha
The New York Times gazetasidan olingan lavha

"Ularning qo‘lida hokimiyat bor edi. Ular millionlarni o‘marishdi", nomli maqolada:

“Gulnora Karimova – O‘zbekiston prezidentining qizi, sobiq olifta oyimcha, moda dizayneri va model. Harvardda tahsil olgan Karimova xonim musiqaviy kliplarni suratga olgan, zargarlik buyumlarini yasagan va o‘z mamlakatining Ispaniya hamda BMTning Jenevadagi elchisi vazifasida xizmat qilgan.

Qo‘shma Shtatlar hukumati u o‘zbek telekom bozoriga kirmoqchi bo‘lgan Rossiya va boshqa xorijiy shirkatlardan pora sifatida olgan 300 million AQSh dollarini musodara qilmoqchi. Sizdirilgan Amerika diplomatik kablogrammaga ko‘ra, o‘zbekistonliklar uni “qaroqchi baron”, deb ko‘rishadi va u mamlakatdagi “eng yomon ko‘riladigan shaxs” bo‘lib qolmoqda. Pullar bir nechta qobiq shirkatlar orqali o‘tkazilgan va hozirda Amerika banklaridan birining xorijdagi shu’balaridagi hisob raqamlarida saqlanmoqda. Karimova xonim, xabarlarga ko‘ra, hozirda Toshkentda uy qamog‘ida qolmoqda”, deya yozdi 17 fevral kuni New York Times gazetasi.

XS
SM
MD
LG