Линклар

logo-print

Qozog‘istonning Jambil viloyati Buril qishlog‘ida qozoq millatiga mansub 5 yoshli bolaning o‘ldirilishi millatlararo munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo‘ldi. Jambil viloyat politsiyasi qishloqdagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Burilga maxsus politsiya otryadini kiritdi. Bugungi kunga kelib qishloqdagi vaziyat nazorat ostida ekani aytilmoqda.

17 fevral kuni Buril qishlog‘ining yuzlab turg‘uni ko‘chalarga chiqib, qotillikda gumonlanayotgan mesxetin turk millatiga mansub 18 yoshli o‘smirning oilasi qishloqdan chiqib ketishini talab qildi.

Namoyishchilar 16 fevral kuni qotillikda gumonlanayotgan shaxsning uyiga hujum qilmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olingan qozoqlarning hibsdan ozod etilishini talab qildi.

Buril qishlog‘idagi namoyishda ishtirok etganlardan biri Ozodlik radiosi qozoq xizmatiga voqea haqida mana bularni aytdi:

- Xalq tong azondan ko‘chalarga yig‘ila boshladi. Hammaga ma’lum, sudning bitta qarori bilan qotil yana ozodlikka chiqarib yuborilishi mumkin. Hamma mana shundan xavfsirayapti. Shuning uchun ham xalq ko‘tarildi.Politsiya xalqni tarqatishga harakat qilayapti. Qishloqqa hech kimni kirgizmayapti, qishloqdan hech kimni chiqarmayapti. Tish-tirnog‘igacha qurollangan politsiya itlar bilan shaharni nazorat qilayapti. Hokimlar kelib xalqni tinchlantirishga harakat qildi. Ammo qotilning oilasidan birov kelib, o‘ldirilgan bolaning yaqinlariga ta’ziya bildirmadi, -dedi voqea guvohi.

Qishloqdagi qaltis vaziyat zo‘ravonliklarga aylanib ketishining olidini olish maqsadida hukumat Burilga politsiya maxsus otryadini kiritdi. Ayni paytda qishloqdagi vaziyat barqaror ekani, politsiya kuchaytirilgan tartibda ishlayotgani xabar qilinmoqda.

Rasmiy xabarlarga qaraganda, 15 fevral kuni Duyshenbek ismli 5 yoshli bola o‘z uyida o‘ldirib ketilgan. 16 fevral kuni qotillikda ayblanib 18 yoshli Dursun Kavazo‘g‘li hibs qilindi. Politsiyaning bildirishicha, Dursun Kavazo‘g‘li dastlabki tergovda qotillik qilganini tan olgan. Politsiya Kavazo‘g‘li qozoq oilasining uyiga o‘g‘irlikka kirgani, ammo uni besh yoshli bola ko‘rib qolgani, shundan so‘ng Kavazo‘g‘li guvohdan qutilishi uchun bolani o‘ldirgani haqida ma’lumot tarqatdi.

Mahalliy mesxetin turklari lideri Dunyodar Abdullaev “Biz qotilga eng oliy jazo berilishi tarafdorimiz”, deb bayonot berdi.

- Bu oddiy maishiy o‘g‘irlik holatidir. Mana shu o‘g‘irlik ortidan bir odam o‘ldirildi. Buni millatlararo masalaga bog‘lashning hojati yo‘q. Ammo bu voqeani qandaydir kuchlar millatlararo janjalga aylantirishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin, - dedi Dunyodar Abdullaev.

Buril qishlog‘i aholisining 30 foizi, ya’ni 12 minggini mesxetin turklar tashkil etadi. Shu sababli ham mahalliy hokimiyat ehtiroslar bir oz bosilganildan so‘ng qozoqlar va mesxetin turklar ishtirokida Buril qishlog‘ida yig‘in o‘tkazdi. Qotillik jinoyati xolis va adolatli tergov qilinishini kuzatib borish uchun mahalliy hokimiyat, qozoq va mesxetin turklardan iborat maxsus jamoatchilik komissiyasi tashkil etildi.

Hozircha rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan o‘smirning oilasi Burildan boshqa qishloqqa ko‘chirilgan.

XS
SM
MD
LG