Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:33

Moskvaga qochib ketgan Salimboyning qudasi Toshkentga qaytarilishi mumkin


Postsovet jinoyat olamida Husan Moskovskiy degan nom bilan tanilgan 60 yashar o‘zbekistonlik tadbirkor Husan Ziyomuhammedov ustidan Rossiyada O‘zbekiston talabi bo‘yicha jinoiy ish ochildi.

Ozodlikka xabar bergan bir-biridan mustaqil ikki manbadan birinng aytishicha¸ Husan Ziyomuhammedov ustidan jinoiy ish ochilgani bois pasportida shengen vizasi bo‘lgan holda Italiyadagi ukasini oldiga uchib keta olmagan:

- Fevral boshida uchib ketmoqchi edi. Uni Rim aeroportida kutib olish uchun ukasi allaqachondan beri O‘zbekistondan Italiyaga kelib kutib o‘tiribdi. Turoperator qo‘ygan viza Husan Ziyamuhammedov qo‘lidagi Rossiya pasportiga yanvar boshidayoq qo‘yilgan edi. Lekin Rossiya Transport prokuraturasi tergovchilari Ziyomuhamedovga Rossiyadan chiqmay turing¸ deyishgan. Avvaliga Ziyomuhammedov qandaydir jinoyat ishida guvoh sifatida qayd qilingani bois chiqish izni berilmagan. Hozir mendagi ma’lumotga ko‘ra¸ Husan Ziyomuhammedovga ayblanuvchi maqomi qo‘yilgan¸ deydi Ozodlik manbasi.

O‘zbek kriminal avtoritetlari haqida ma’lumotlar egasi bo‘lgan yana bir Ozodlik manbasi Husan Ziyomuhammedovning hozirda O‘zbekistonga deportatsiya qilinish formatida ekanini aytadi:

- Ziyomuhammedov 23 yanvar kuni Rossiya huquq-tartibot organlari tarafidan ushlanib so‘roq qilib, qo‘yib yuborilganidan keyin¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Minsk kelishuvi moddalari asosida Rossiyaga so‘rov yubordi. So‘rovda Ziyomuhammedov O‘zbekiston fuqarosi ekanligi va bir necha jinoyatda ayblanayotgani hujjatlar bilan keltirilgan. Ayni paytda¸ Ziyomuhammedov Minsk kelishuvi bo‘yicha jinoyatchilarni deportatsiya qilish formatida surishtiruv ostiga olingan. Bu surishtiruv doirasida O‘zbekiston fuqarosi Ziyomuhammedovning Rossiya fuqaroligini noqonunuy olgani ham tekshirilmoqda. Shuningdek¸ Rossiya tergovchilari tomonidan Ziyomuhammedov zimmasiga yolg‘on ma’lumot berish va chegarani noqonuny kesib o‘tish kabi ayblar qo‘yilmoqda. U kishining endi Rimga emas¸ balki Toshkentga borishi aniq bo‘lib qoldi¸ deydi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra Moskvada Husan Tashkentskiy, Toshkentda esa Husan Moskovskiy laqablari bilan tanilgan Ziyomuhammedov 23 yanvar kuni Sankt-Peterburg vokzalida so‘roq qilinganida¸ Moskvaning Michurin ko‘chasi, 113-uyda yashayman¸ deb yolg‘on ma’lumot bergan.

Ozodlikning Moskvadagi muxbiri o‘tkazgan surishtiruv natijasida Moskvaning Michurin ko‘chasida 113 raqamli uy mavjud emasligi aniqlandi.

Ishi chappa ketgan “avtoritet”

O‘tgan yilning iyunida Toshkentni tark etmaslik sharti bilan vaqtincha hibsdan ozod qilingan 60 yashar tadbirkor Husan Ziyomuhammedov Moskvaga qochib kelib yashayotgan edi. O‘zbekistondagi ikki yirik kriminal avtortitetdan biri sanalgan Salim Abduvalievga quda bo‘lgan Ziyomuhammedov bundan bir yil avval Toshkent tadbirkorlari orasida alohida e’tiborga ega shaxs edi.

Husan Ziyomuhammedov hozir qamoqda qolayotgan “avtoritet” Mark Bilenko bilan birgalikda Zangiota tumanida “Farvab” va “Aste1” shirkati vositasida O‘zbekistonda ”Neobiknovennaya” arog‘ini qadoqlash va sotish bo‘yicha monopolist edi.

Bundan tashqari¸ Husan Ziyomuhammedov jinoyat olamida “Obid karam” nomi bilan tanilgan Obid Bahromov ko‘magida Rossiyaga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanaëtgan edi.

O‘tgan yil yozida Husan Ziyomuhammedovning bu ikki hamkori Mark Bilenko va Obid Bahromov O‘zbekistonda qamoqqa olinib¸ sud hukmi bilan uzoq yilga kesildi.

Tepasida Husan Moskovskiy turgan bu piramidaning qulashi ortida¸ Ozodlikning huquq-tartibot tizimlaridagi manbalariga ko‘ra, “daromadli biznesning qo‘ldan-qo‘lga o‘tish” amaliëti ëtibdi.

Husan Ziyomuhammedovning Toshkentda istiqomat qiladigan o‘g‘li Muzaffarga yaqin manbaning oldinroq bildirishicha, Ziyomuhammedov o‘tgan yil aprelidan beri 3 marta 48 soatdan hibs qilingani ortidan O‘zbekistonni iznsiz tark etib¸ Moskvada yashayotgan edi.

“Husan Moskovskiy avvalroq o‘zining O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi biznesi va mol-mulklarini boshqalarning nomiga o‘tkazdi va ko‘pgina avtoritetlarga qarshi ko‘rsatma berdi. Shundan keyin taxminan iyun oyida "podpiska o neviyezde" qilib ochiqqa chiqdi. Mendagi ma’lumotga ko‘ra, pasporti ichkarida qolgan edi. Bu orada uning ahvoli o‘zgarib turdi. Uning legaviylarga malyava yozgani vorovskoy mir ponyatkalariga qarshi bo‘ldi va oqsoqollar undan yuz o‘girdi. Uni qamoqdan pul evaziga ozod qilgan hukumat odamlari ham undan yuz o‘girgandek bo‘ldi. Husan Moskovskiy Toshkentga yaqin qo‘shni mamlakat orqali (Qozog‘iston nazarda tutilmoqda) Moskvaga ketdi. Katta¸ juda katta¸ siz tasavur qila olmaydigan darajadagi katta pul to‘lab qutuldi”, deb bildirgan edi Ozodlik manbasi.

Qudratli quda panohida

Ozodlikda mavjud bo‘lgan yana bir iddaoga ko‘ra¸ “Husan Ziyomuhammedovning Toshkent changalidan qutulishiga uning qudratli qudasi Salim Abduvaliev yordam bergan. Buning evaziga Ziyomuhammedov Latviyadagi mol-mulk va boyliklarini uchinchi shaxs nomiga o‘tkazib bergan.

Ozodlik, avvalroq o‘z manbalariga tayangan holda¸ Husan Moskovskiy 31 may kuni Latviyaga tergov eksperimenti maqsadida olib borilgani va Latviyadagi o‘z biznes manfaatlarini uchinchi shaxs nomiga o‘tkazib bergani hamda sobiq jinoiy sheriklariga qarshi ko‘rsatma berganini xabar qilgan edi.

Ozodlik manbasining ta’kidicha¸ “keksalikni halovat ichida o‘tkazish uchun daromadli biznesini boshqalarga xatlab berishga rozi bo‘lib¸ Moskva orqali Rimga yo‘l olganida ishi yana chappa ketgan”.

O‘zbekiston boshqaruviga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha, Husan Moskovskiyning “o‘yinni tark etib halovatga ketishi” Milliy xavfsizlik xizmatidagi yirik korrupsioner mulozimlar - Hayot Sharifxo‘jaev, Yuriy Savinkov ustidan ochilgan ishni muvofiqlashtirayotgan mulozimlar rejasida bo‘lmagan.

"Bilsangiz, Savinkovga nisbatan yengillik bo‘ladi deb kutilgan edi¸ lekin uning ishi juda yomon tarafga qarab ketdi. Moskovskiy ham qayta chiqmaydigan qilib ichkariga olinmoqchi edi. Hatto u bilan birga mashhur palach Nozim Jumaevning bir kamerada o‘tirishi haqida signal bo‘lgan edi. Lekin Toshkentni tark etmayman, deb tilxat yozgan Moskovskiy O‘zbekistondan chiqib ketdi. Hozir Moskovskiyning yaqinlari so‘roq berib o‘tiribdi. Bilishimcha, tergovchilar bir narsada yanglishdi. Ular “ko‘chaning respektidan” mahrum bo‘lgan Moskovskiy Toshkentdagi bola-chaqasi va mol-mulkini tashlab keta olmaydi, deb kalta o‘ylashdi", deb da’vo qildi manba.

O‘zbekiston tergov idoralari va mamlakat boshqaruv elitasiga yaqin manbaning iddao qilishicha, 60 yashar Husan Ziyomuhammedov ustidan Rossiyaga iznsiz qishloq xo‘jalik mahsulotlari, jumladan, ho‘l meva jo‘natganlikda va noqonuniy valyuta oldi-sotdisini tashkil qilganlik ayblari bilan jinoiy ish ochilgan va shu ish doirasida Toshkent uni o‘ziga qaytarishga urinmoqda.

XS
SM
MD
LG