Линклар

logo-print

Moskva mintaqasida "Islomiy davlat" foydasiga ishlagan jinoiy guruhlarga qarshi kurash avj olmoqda. IShIDga yollanganlarga qalbaki hujjat tayyorlab¸ ularni Suriyaga noqonuniy jo‘natishda gumonlanib Podmoskovyeda qo‘lga olingan 14 nafar shaxsning aksari markaziy osiyolik muhojirlardir.

Qalbaki hujjat tayyorlaganlar IShIDga aloqadorlikda gumonlandi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) mamlakatda faoliyati taqiqlangan “Islomiy davlat” xalqaro terror guruhiga aloqadorlikda ayblanayotgan uyushgan jinoiy guruh tashkilotchi va a’zolarining qo‘lga olinganini e’lon qildi.

Tafsilotlari sir saqlanayotgan maxsus amaliyotning Moskva yaqinidagi shaharchalardan birida o‘tkazilgani xabari ortidan, FSB rasmiy saytida qalbaki hujjat tayyorlovchi shaxslardan 14 nafari aniqlangani ma’lum qilindi.

“Operativ-qidiruv amaliyotlarni o‘tkazishga Moskva mintaqasida terrorchilik faoliyatiga aloqasi bo‘lgan shaxslarning legallashishi uchun qalbaki pasport, patent va boshqa hujjatlar tayyorlanayotgani to‘g‘risida kelib tushgan operativ ma’lumot sabab bo‘ldi”, deyiladi FSB rasmiy xabarnomasida.

Rasmiy bayonotda¸ olib borilgan kuzatuv ishlari davomida jinoiy guruh barcha a’zolarining aniqlangani, soxta hujjat tayyorlashga mo‘ljallangan yashirin tipografiyalar, laboratoriyalar topilgani va bu hujjatlarni sotish sxemalari fosh etilgani aytiladi.

Ushlangan shaxslar Suriyaga “Islomiy davlat” jangarilari safiga qo‘shilish uchun ketayotgan Rossiya va MDH davlatlari fuqarolariga qalbaki pasport tayyorlash va ularning mamlakatdan chiqib ketishiga ko‘maklashishda ayblangan. Shuningdek, rasmiy iddaoga ko‘ra¸ “uyushgan guruh” rahbarlari deb aytilayotganlar IShID tomonidan Rossiyaga terrorchilik xurujlari amalga oshirish maqsadida yuborilayotgan ekstremistlar uchun ham pasport rasmiylashtirgan.

Podmoskovyeda olib borilgan amaliyot to‘g‘risida FSB e’lon qilgan videolavhada ko‘rinishidan markaziy osiyolik bo‘lgan muhojirlar yashayotgan kvartiradan katta miqdorda patent, pasport, mehnat va tibbiy daftarchalar, turli boshqa hujjatlar, muhrlar, fleshkalar, kompyuterlar va boshqa nusxa ko‘chiruvchi apparatlar musodara qilingani ko‘rsatiladi.

Vidooyozuvlardan FSBning niqobdagi askarlari bir nechta kvartirani bosganini anglash mumkin.

Maxfiy xizmat xodimlari xabariga ko‘ra, jinoyatda ayblanayotgan guruh a’zolari konspiratsiya asosida ish olib borgan, yashash joylari va aloqa vositalarini tez-tez almashib turgan, Internetda proksi, anonimayzer va boshqa shaxsini yashiruvchi dasturlardan foydalangan.

"FSB plan bajarmoqda!"

Kuzatuvchilar Rossiya FSBsining bunday "zafarli" amaliyotlariga jiddiy shubha va tanqid bilan qarash zarurligini aytmoqda.

Sankt-Peterburgdagi Yevropa Universiteti professori, migrantlar masalalari bo‘yicha yirik tadqiqotchi, tarix fanlari doktori Sergey Abashin Ozodlik bilan suhbatda FSB xabarini o‘qib, o‘zida qator savollar paydo bo‘lganini gapirdi:

- U xabarda juda ko‘p taajjubga soladigan ma’lumotlar keltirilgan. Ular “Rossiyadan Suriyaga nolegal tarzda noqonuniy hujjatlar bilan chiqib ketayotgan odamlar uchun hujjat tayyorlagan odamlar”ni hibs etganini aytmoqda. Birinchidan, nima uchun ular “nolegal chiqib ketayotganlar” hisoblanayapti?! Bizda xohlagan fuqaro xorij pasportini olib, chiqib ketishi mumkin! Avval Turkiyaga, keyin boshqa davlatga...Muhojirlar masalasida u yerda bir og‘iz gapda “ular nolegal migrantlarga hujjat tayyorlagani” aytilgan. Bu yerda menda ikkinchi savol tug‘ilyapti: ushlanganlar Suriyaga ketishga xorij fuqarolariga qalbaki hujjatlarni tayyorlagan ekan. Chet ellik o‘zining pasporti bilan bemalol chiqib ketaveradi, u qalbaki hujjat bilan chegarada tavakkal qilib nima qiladi? Rossiyada qolish uchun xorijlikka darhaqiqat bir uyum qalbaki dokument kerak, ketish esa unga muammo emas, deydi Sergey Abashin.

Professor Abashin so‘nggi bir necha yil davomida olib borayotgan tadqiqotlaridan markaziy osiyolik muhojirlar orasida

Yekaterinburgda terrorchilikda ayblanib ushlangan o‘zganliklardan biri

Yekaterinburgda terrorchilikda ayblanib ushlangan o‘zganliklardan biri

radikallashish alomatlari kuzatilmayotganini ma’lum qildi. U Rossiya huquq-tartibot organlari ushlangan ayrim radikal musulmonlar ortidan minglab begunoh dindor va oddiy migrantlarni qatag‘on qilayotganiga ishonishini bildirdi.

Suhbatdosh Moskva mintaqasida qalbaki hujjat tayyorlayotgan “ishidchilar”ning qo‘lga olinishini FSBning “plan bajarishi” deb atadi:

- Menga ular allaqanday “ertak” to‘qiyotgandek tuyulmoqda. Axir ularga jamiyatda Suriya masalasida vasvasa holatini ushlab turish zarur bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, hisobot berib borishlari kerak. Boshqa tomondan, mahalliy jurnalistlar bu holatni sun’iy ushlab turishda ko‘maklashayapti. Menimcha, bu yigitlar oddiy qalloblar, ular orasida namozxonlar bo‘lishi aniq. Ammo endilikda ularni jiddiyroq bo‘lgan “terrorchilikka ko‘mak berish” moddasi asosida javobgarlikka tortishadi. Axir maxfiy xizmatlar IShIDchilarni ushlash bo‘yicha “plan” bajarishi kerakku, dedi Sergey Abashin.

Ozodlik so‘nggi paytlarda Rossiya maxfiy xizmatlarining aynan markaziy osiyolik muhojir, ayniqsa dindonlarni “terrorchilik”, “ekstremizm” va “noqonuniy terrorchi tashkilotlarga ko‘maklashish” moddalari asosida jinoiy javobgarlikka tortayotganini qayd etmoqda.

Oldinroq, Ozodlik Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 7 nafar qirg‘izistonlik o‘zbekning “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik va mamlakatda portlash uyushtirish ayblovi bilan hibsga olgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

2015 yil oktyabrida Moskvada IShIDni qo‘llab-quvvatlaganlik va jamoat transportida portlashlarni rejalashtirganlikda ayblangan 12 markaziy osiyolik, jumladan o‘zbekistonlik hibsga olingan edi. 2015 yilning 15 oktyabrida FSB Xanti-Mansi muxtor okrugining Pit-Yax shahrida IShID jangarilari tomonidan shahar masjidida portlash uyushtirishda gumonlanganlar qo‘lga olinganini ochiqlagan edi.

Buning ortidan, FSB direktori Aleksandr Bortnikov o‘tgan yil 9 oyi davomida Rossiya huquq-tartibot idoralari katta miqdorda qurol-aslaha, portlovchi moddalar musodara qilgani, “yigirmaga yaqin terrorchilik amaliyoti oldi olingani”ni iddao qilgan edi.

XS
SM
MD
LG