Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 01:38

Maqbullashtirish: Yer egasi o‘zgarmadi¸ fermer soni ko‘paytirildi


Fermer yer maydonlarini maqbullashtirish qaroridan so‘ng olib qo‘yilgan yerlar hisobidan tashkil etilgan yangi fermer xo‘jaliklari fermerning o‘z yoki qarindoshlariga boshqa nom bilan qaytarib berilmoqda. Bu tadbir ixtiyoriy-majburiy tarzda o‘tkazilmoqda.

Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 10 fevralda qabul qilgan qarorga binoan fermerlarga yer maydonlarini bundan buyon tuman hokimi emas, balki fermerlarning hududiy kengashlari va yer uchastkalari berish masalalari bo‘yicha komissiyalar xulosasiga asosan Xalq deputatlari tuman kengashi qabul qiladi.

Bu haqdagi xabarlarda aytilishicha, fermerning yer so‘rab yozgan arizasi fermerlar hududiy kengashiga topshiriladi, kengash arizani ikki kun ichida ko‘rib chiqadi va xulosasini arizaga qo‘shib, yer uchastkalari berish masalalari bo‘yicha komissiyaga topshiradi.

Komissiya o‘z qarorini Xalq deputatlari tuman kengashiga yuboradi. Masala bo‘yicha qarorni Kengash o‘z sessiyasida qabul qiladi va uni hokimga yuboradi.

Vazirlar Mahkamasining bu qarori ayni kunlarda tumanlarda fermer xo‘jaliklarining yerlari qayta taqsimlanayotgan bir sharoitda qabul qilindi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarov bu qaror go‘yoki hokimlarning yer taqsimlash yakkahokimligiga chek qo‘yganday tasavvur paydo qilishini aytar ekan, oxir oqibat qaror qabul qilish baribir hokim ixtiyorida qolganini aytadi:

- Fermerlar kengashining asl xo‘jayini o‘sha tumanning hokimi, xalq deputatlari kengashining raisi ham o‘sha tuman hokimi. Endi printsipda u erni hokim sifatida emasu, xalq deputatlari kengashining raisi sifatida beradi. Shakl o‘zgardiyu, mohiyat o‘zgarmadi. Hokim endi bu kabinetdan narigi kabinetga o‘tadida, kengash raisi sifatida yerni beradi. O‘zbekcha aytganda, ikki o‘n besh bir o‘ttiz bo‘ldi, deydi G‘olibbek Xolnazarov.

Ayni paytda hukumatning maqbullashtirish qarori asosida yerlari olib qo‘yilgan fermerlar bilan ikki xil holat sodir bo‘lmoqda.

“Eshak o‘shayu to‘qimi boshqa”

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi¸ Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning fermer xo‘jaliklari yer uchastkalarini maqbullashtirish haqidagi qaroridan so‘ng aksariyat tumanlardagi fermerlardan yerini davlat zahirasiga topshirish haqida ariza yozdirib olingan edi.

Komissiya qaroriga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari erlarining viloyatiga qarab, 70-90 gektardan ortiq bo‘lmasligi shart qilib qo‘yilgan.

Bu qaror ijrosi ortidan ayrim viloyatlarda mahalliy hokimlar barcha fermerlardan yerlarni davlat zahirasiga topshirishni talab qilgan va fermer xo‘jaliklaridan yerni topshirish to‘g‘risida ariza yozdirib olingan edi.

Ko‘p o‘tmay Shavkat Mirziyoev selektor yig‘ilishida hokimlarga “men senlarga hammani emas, uch yil rejani bajarolmagan fermerlarning yerlarini ol degandim” deganidan so‘ng qarzi yo‘q fermerlar yeri tinch qo‘yilgan edi.

Ayni kunlarda¸ yerlari olingan fermer xo‘jaliklari maydonlarini qayta taqsimlash tadbiri davom etmoqda.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, ariza bilan topshirilgan yerlar qaytadan o‘z egalariga, lekin boshqa nom bilan rasmiylashtirib majburan topshirilmoqda:

- Yaxshi yerlari bor fermerlar yo‘qotgan yerlarini “gaplashib”, boshqa nom bilan rasmiylashtirib bo‘lsada o‘zida olib qolayapti. Yerlari yaxshi emas, erdan bezor bo‘lgan fermerlar topshirib yuborganiga xursand bo‘lgan edi. Lekin bu yerlarni endi hech kim olmayapti. Chunki, turgan bitgani zarar, sho‘r yerlar. Shuning uchun, bu fermerlar hokimiyatga qayta chaqirtirilib, erlarini boshqa kishining nomiga rasmiylashtirib, fermer xo‘jaligiga boshqa nom qo‘yib faoliyatini davom ettirish talab qilinmoqda. Agar qaytarib olmasang, traktoringni, chorvangni tortib olamiz¸ deb qo‘rqitishyapti. Natijada, hamma yana qaytarib olayapti. Eshak o‘shayu, to‘qim boshqa”, dedi fermer.

“Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga”

Ozodlik suhbatlashgan fermerlarning aytishlaricha, ayni paytda¸ yaxshi yerining bir qismidan ayrilgan katta va hokimiyatga yaqin fermerlar, o‘sha yerlarini xotin, qizi yoki kelinining nomiga rasmiylashtirib olmoqda:

“Bizda bunday bo‘layapti. Masalan, mening 120 gektar yerim bor edi. Besh yilda u yerni yer qilguncha o‘lib ketdim. Endi 70 gektardan ortiq bo‘lmasin deb, 50 gektarini kesib olishdi. Hokimni oldiga borib kelishdim. Familiyasi tamoman boshqa odam bo‘lsa, mayli o‘shani nomiga rasmiylashtiring, dedi. Kelinimni nomiga yangi fermer xo‘jaligi ochdim. Bir men emas, hamma shunaqa qilayapti”, deydi jizzaxlik fermerlardan biri.

2015 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 83 ming 514 fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lgani va ularning har biriga berilgan yerlar o‘lchami o‘rtacha 43,9 gektarni tashkil qilgan.

Vazirlar Mahkamasi 2015 yil 15 dekabrda qabul qilgan qaror bilan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini “maqbullashtirish” jarayoni o‘tkazildi fermerlar ixtiyoridagi yerlar qayta taqsimlanib, 101 ming 70ta fermer xo‘jaligi tashkil etildi, yer maydonining o‘rtacha o‘lchami 36,1 gektarni tashkil qildi.

XS
SM
MD
LG