Линклар

Ozodlikning Farg‘ona viloyatidagi tinglovchi-muxbiri “Qo‘qon shahar hokimligida shahar mahalla qo‘mitalari raislari va xotin-qizlar qo‘mitalari faollari ishtirokida” joriy hafta boshida o‘tkazilgan yig‘ilishda qizlarni turmushga uzatish masalasi bosh mavzu bo‘lgani to‘g‘risida xabar qildi.

Tinglovchi-muxbirimizning yozishicha, yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar qizlarni G‘arb mamlakatlarida o‘qib yoki ishlab yurgan yigitlarga berishda ehtiyot bo‘lish lozimligiga alohida e’tibor qaratgan.

Qo‘qondan kelgan xabar

Unda, jumladan, mana bunday deyilgan:

“Shahar mahalla qo‘mitasi raisi va hokimlikdagi xotin-qizlar kengashi raisi o‘z nutqlarida, shahar mahalla qo‘mitalari raislariga o‘z hududlaridagi oilalarni, qizlarni nikohga uzatish paytida shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslikka, kuyovni yaxshilab surishtirishga, ayniqsa chet elda yurgan, hoh o‘qishda bo‘lsin, hoh ishda bo‘lsin, kuyovni surishtirib keyin qaror qabul kilishga chaqirishdi.

Ayniqsa Amerika va Yevropa davlatlarida uzoq yil o‘qib yoki ishlab yurgan yigitlarga qizlarini uzatishda ehtiyot bo‘lishlarini qayta-qayta o‘z so‘zlarida ta’kidlashdi”.

Arab davlatlariga ham qiz bermaslik tavsiya qilindi

Qo‘qon shahridagi kollejlardan birining ismi aytilmasligini so‘ragan o‘qituvchisi (ayol kishi) tinglovchi-muxbirimizning xabarini tasdiqladi.

Uning aytishicha, Qo‘qon shahar hokimligining yig‘ilishlar zalida o‘tkazilgan seminarda “viloyatdan kelgan mutaxassislar erta nikohning oldini olish nima uchun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini” tushuntirib bergan.

“Seminarda chet elliklarga, xususan, arab davlatlari fuqarolariga turmushga chiqib ketayotgan qizlar to‘g‘risida ham gapirishdi, bu haqda Farg‘onadan kelgan mutaxassislardan tashqari o‘zimizning (Qo‘qon shahrining –tahr.) hokimimiz ham gapirdi”, dedi kollej o‘qituvchisi.

Har bir qiz bilan individual suhbatlar o‘tkazildi

Uning aytishicha, “seminardan so‘ng kollej o‘quvchilari orasida erta nikohning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari kuchaytirilgan, har bir o‘quvchi qiz bilan individual suhbatlar o‘tkazilayapti, qilingan ishlar to‘g‘risidagi hisobot hokimiyatga kecha topshirildi”.

Qo‘qonlik qizlar mahallasidan ortmaydi

Qo‘qonga tutash qishloqda yashovchi yosh uy bekasi Ma’rifatxonning aytishicha, u yashab turgan hududda shu kungacha “falonchi o‘z qizini chet elga yoki chet ellikka beribdi”, degan gap paydo bo‘lgan emas.

“Bunday gaplar bizning hududda yo‘q. Lekin boshqa viloyatlik kursdoshlarimdan falonchi grinkardi (AQShda vaqtincha istiqomat qilish va ishlash huquqini beruvchi hujjatning norasmiy nomi – tahr.) borga tegibdi, to‘yi skayp orqali bo‘libdi, degan gaplarni ko‘p eshitaman”, dedi Ma’rifatxon.

Faol "Mahalla"

Respublika “Mahalla” jamg‘armasi mas’ul vakilining Ozodlikka bildirishicha, u vakili bo‘lgan tashkilot mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan erta nikohning oldini olishga qaratilgan seminarlarning uyushtiruvchilaridan biridir.

Ozodlikning “Nima uchun seminarlarda aynan Amerika va Yevropa davlatlarida uzoq yil o‘qib yoki ishlab yurgan yigitlarga qizlarni uzatishda ehtiyot bo‘lishga urg‘u berilayapti?” degan savoliga “Yo‘q, bu masalada maxsus ko‘rsatma yo‘q”, degan javob bilan cheklandi.

Prezidentning Oila kodeksiga zid nasihati yoki Buzilgan to‘ylar

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2015 yil dekabri boshida Namanganga safari davomida qizlarni 20 yoshdan avval turmushga bermaslik to‘g‘risida qilgan pand-nasihat qilgan edi.

Prezident gapi ortidan butun mamlakat bo‘ylab erta turmush qurish holatlarining oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar ko‘rila boshladi.

O‘zbekiston Oila kodeksida ayollarning nikoh yoshi 17 yosh, deb belgilanganiga qaramasdan, prezidentning noqonuniy talabini bajarishga xotin-qizlar qo‘mitasidan tortib, mahalla qo‘mitalarigacha safarbar etildi.

Hatto 20 yoshgacha bo‘lgan qizlarning rejalashtirib qo‘yilgan to‘ylari to‘xtatilayotgani to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida yozgan edi.

Aftidan, Qo‘qonda o‘tkazilgan va “Mahalla” jamg‘armasi vakili aytganiday, butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan seminarlar prezidentning davlat siyosatiga aylangan nasihatiga xalqni amal qildirishga qaratilgan urinishlardir.

XS
SM
MD
LG