Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:06

ZAGS idorasida poraxo‘rlik? FHDYo mudirasi pul undirganlikda ayblanmoqda


Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limining sobiq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilmoqda. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, vazifasidan chetlashtirilgan FHDYo sobiq mudirasi Rohatoy Norqulova ishini viloyat prokuraturasi tergov qilmoqda. Aytilishicha, ular FHDYo yozib beradigan guvohnomalar uchun fuqarolardan davlat belgilagan boj narxidan ko‘proq pul olganlikda ayblanmoqda. Mahalliy faolning Ozodlikka aytishicha, tergov borayotgan paytda jinoyat ishi figurantlari jabrlanuvchilarga pullarni qaytarishga urinmoqda.


Jizzax viloyati prokuraturasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, tergov idorasining Valyuta, soliq va noqonuniy daromadlarni legallashtirish jinoyatlariga qarshi kurash departamenti G‘allaorol tumani FHDYosining sobiq xodimlari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, FHDYo sobiq mudirasi Rohatoy Norqulova va yana bir necha mutasaddi fuqarolardan pul undirganlikda ayblanmoqda.

“Bu ayol hozirda ishdan chetlatilgan, ustidan tergov ketmoqda. O‘tgan oy boshlarida tuman ZAGS bo‘limida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida fuqarolarga yozib berilgan dalolatnomalar uchun belgilangan davlat boji, gerb yig‘imi va boshqa pullik xizmatlar uchun ortiqcha pul undirishgan. Bu haqda viloyat adliya boshqarmasi ham o‘z xulosasini berdi”, deydi Ozodlik manbasi.

G‘allaorollik huquq faoli Nabijon Jo‘raboev, Ozodlik bilan suhbatda, bir necha oy avval mahalliy fuqarolardan biri FHDYo bo‘limi yozib berilgan guvohnoma uchun ortiqcha haq olganidan shikoyat qilib kelganini eslashini aytadi.

- Bundan 2-3 oy oldin o‘sha yerdan bir fuqaro ZAGSdan o‘tgan va yana bir qarindoshi bolasi uchun metrika olgan. Shu metrikaga oshiqcha pul olgan bu ayol (FHDYo mudiri-tahr.). “Bizda narx shunaqa, shuncha pul to‘lanadi”, deb aytgan. Keyin haligi ayol mening oldimga keldi, shuncha ortiqcha pul oldi, deb. Men borib surishtirdim. O‘sha yerda ishlaydigan bir xodima, tekshirib ko‘rishni va’da qildi. Lekin shu bilan javob bo‘lmadi,- deydi Nabijon Jo‘raboev.

Uning aytishicha, hozirda FHDYoning jinoiy javobgarlikka tortilgan xodimlari jabrlanuvchilardan noqonuniy undirilgan pullarni qaytarib berishga harakat qilmoqda. O‘tgan hafta masalani tekshirib ko‘rishni va’da qilgan FHDYo xodimi, idora mudirasi nomidan metrika uchun ortiqcha olingan pulni olib kelib berdi, deydi huquq faoli.

- O‘tgan hafta FDHYo xodimasi uyimga keldi va haqiqatan o‘sha ayoldan guvohnoma uchun 50 ming so‘m ortiqcha pul olingan ekan, mudira berib yubordi deb, 50 ming so‘m pul olib kelibdi. Men, to‘xtang, pulni mendan olgani yo‘q, hozir o‘sha ayolga telefon qilib beraman, o‘zingiz gaplashing, dedim. Keyin haligi ayol bilan gaplashdi, o‘shanda 50 ming so‘m ortiqcha olingan ekan, o‘sha pulni Nabijon akaga tashlab ketyapman, shu kishidan olib ketishingiz mumkin, deb kelishib olishdi. Haligi ayol oradan ikki kun o‘tib, pulini olib ketdi,- deydi Nabijon Jo‘raboev.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, G‘allaorol FHDYo bo‘limida xizmat tekshiruvi yanvar oyi boshlarida o‘tkazilgan va jinoyat ishi ham o‘shanda ochilgan. Lekin Jizzax viloyati adliya boshqarmasining shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimi, Rohatoy Norqulova o‘tgan yilning dekabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shab ketgan, deya bildirdi. Uning aytishicha, FHDYo mudirasining arizasi Respublika Adliya vazirligiga topshirilgan va uni o‘z xohishiga ko‘ra, vazifasidan ozod qilish to‘g‘risida 2015 yilning 16 dekabr kuni buyruq chiqqan.

Ozodlikning Jizzax prokuraturasidagi manbasi esa, FHDYo mudirasi bilan bir necha xodimi tekshiruv boshlanganidan keyin vazifasidan chetlatilganini ta’kidladi.

G‘allaorol tumanida mahalliy hokimiyat va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarining poraxo‘rligi bilan bog‘liq yana bir qiziqarli voqea ro‘y berganini aytadi huquq faoli Nabijon Jo‘raboev. O‘tgan yili pora bilan qo‘lga tushib, amnistiyaga ko‘ra jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi yana o‘z lavozimiga tiklanganiga hamma hayron, deydi u.

- Olimlar mahallasida, bir fuqarodan ikki yoshgacha bo‘lgan bolaga nafaqa pulini yozib berish uchun 150 ming so‘m pora olayotgan paytda qo‘lga tushgan. Keyin amnistiyaga ko‘ra, oqlanib chiqqan. Xo‘p oqlansa, oqlanibdi, yaxshi bo‘libdi. Lekin u odamni yana ishiga qayta tiklab qo‘yishibdi. Pora bilan qo‘lga tushgan bo‘lsa, uni qanday qilib ishga tiklashi mumkin?- deydi Nabijon Jo‘raboev.

O‘tgan hafta Toshkent viloyati Piskent tumani Mudofaa ishlari bo‘limining boshlig‘i va yana uch zobit pora olganlikda aybdor deb topilib, turli muddatga ozodlikdan mahrum etilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qildi. Bu mulozimlar, bir yillik harbiy xizmatga yuborish uchun yoshlardan va ularning ota-onalaridan muntazam ravishda pora olib kelgani sudda isbot qilindi.

XS
SM
MD
LG