Линклар

logo-print

Jizzax viloyati jinoiy ishlar bo‘yicha sudi millati armani nasroniy Aramais Avakyanni 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. U bilan birga sud qilingan to‘rt kishi ham besh yildan 12 yilgacha qamoq jazosi oldi. Sudlanuvchilar islomiy ekstremistik guruhlarga aloqadorlikda ayblangan. Avakyan yaqinlarining aytishlaricha, sud hukmi advokatsiz va qisqa muddatda o‘qilgan.

Jizzax viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 19 fevral kuni millati armani nasroniy Aramais Avakyanni 7 yilga, uning sheriklari Furqat Jo‘raevni12 yilga, Bektemir Umrzoqovni 6,5 yilga, Dilshod Alimov va Akmal Mamatmurodovlarni 5 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qo‘poruvchilik, o‘g‘rilik, diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish kabi moddalari bilan ayblangan.

Aramais Avakyanning xotini Shirin Tursunovaning Ozodlikka aytishicha, sud juda tez boshlanib, darrov tugagan:

“Juda g‘ayritabiiy sud bo‘ldi. Taxminan o‘n minutcha davom etdi. Men kirishga ulgurmadim. Darrov eshiklarni yopib olishdi. Boshqa sudlanuvchilarning yaqinlarini ham kiritishmadi. Advokat ham sudda qatnashmadi”, deydi Shirin Tursunova.

33 yashar Avakyan IShIDga xayrixohlikda gumon qilinib, o‘tgan yilning 4 sentyabridan beri hibsda ushlab turilibdi.

Fermer Aramais Avakyan bundan ikki yil avval Paxtakor tumanida ikkita hovuz ochib, u yerda baliq xo‘jaligi tashkil qiladi.

Tadbirkor hovuzni tozalattirib, Chinoz tumanidan mayda baliq urug‘larini keltirib, baliq yetishtirish bilan shug‘ullangan.

Ikki yil o‘tib hovuzdagi baliqlar kattayib ko‘payib ketgan paytda hokim bilan fermer o‘rtasida nizo chiqadi, deydi voqeani o‘rgangan Ulug‘bek Haydarov:

“Ikki hovuzda taxminan 70-80 tonna baliq yetishtirilgan. Fermer Aramais Avakyan baliqlarni sotishni boshlamoqchi bo‘lganida hokim bilan nizolashadi. Menga aytishlaricha, Paxtakor tumani xokimi Sobir Qarshiboev katta foyda keltirishi aniq bo‘lgan hovuzni o‘zining yaqinlaridan biriga olib bermoqchi bo‘lgan. Hokim va Aramais o‘rtasidagi suhbat janjal bilan tugagan. Bilishimcha, hokim Aramaisga “Seni turmada chiritaman!” deb baqirganini odamlar eshitgan”, deydi Ulug‘bek Haydarov.

Millati arman bo‘lgan Avakyanning nasroniy bo‘lishiga qaramasdan IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgani Armaniston hukumatini ham chetda qoldirmadi.

Armaniston Milliy majlisining Inson huquqlari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Elinar Vardanyan O‘zbekiston parlamentining huquqiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi komissiyasi raisiga jizzaxlik fermer Aramis Avakyanning taqdiri yuzasidan tashvish bildirib, murojaat qilgani to‘g‘risida Ozodlik radiosi arman xizmati xabar qildi.

Undan avval esa Armaniston Ombudsmani ham o‘zbekistonlik hamkasbiga Avakyanning taqdiri borasida tashvish bildirib, xat yo‘llagan edi.

XS
SM
MD
LG