Линклар

Toshkent IIBBning sobiq xodimi odamfurushlikda ayblandi. Xatirchilik nobakor yigit 79 yoshli onasini bo‘g‘ib o‘ldirdi. “Yoshlar”da namoyish etilayotgan serial qahramonlarining turqi g‘ashga tegmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Toshkent IIBBning sobiq xodimi odamfurushlikda ayblandi”

Toshkent hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yashagan juda ko‘p odamlarni qo‘shni davlatga sotib yuborgan jinoiy guruh fosh qilindi (“Darakchi”, 18 fevral)

. Bir paytlar Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismida xizmat qilgan Qobil Tolipov, huquq-tartibot idoralari bilan yaxshigina aloqasi bor Hasan Fayziev hamda Fazliddin Husanovdan iborat jinoiy guruh 2013-2015 yillarda o‘nlab fuqarolarni Qozog‘iston hamda Rossiyaga tirik tovar sifatida pullagan.

Qayd etilishicha, sudlanuvchilar aybiga yarasha javobgarlikka tortilgan.

“Nogironlarning muammolarini hal etish tavsiya qilindi”

O‘zbekistonda nogiron bolalarni o‘qitish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinmoqda, ammo bu borada muammolar ham mavjud (“Huquq olamida”, 18 fevral).

Nogironlarning oz qismi, ya’ni o‘zini eplay oladiganlarigina kollej va litseylarda o‘qiyapti, aravachada yuradiganlarining aksari esa inklyuziv ta’lim ololmayapti.

“Nogironlarni o‘qitish uchun ta’lim muassasalarini avvalo zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlash kerak. Chunki nogiron bolalarning ruhiy va jismoniy imkoniyatlari binolarda maxsus infratuzilma bo‘lishini, joylarning alohida jihozlanishini talab etadi. Ammo litsey va kollejlarning ko‘pida buning uchun minimal sharoitlar ham mavjud emas”, deb yozadi gazeta.

Maqolada nogironlarga ta’lim berishni rivojlantirish uchun Milliy harakat rejasini ishlab chiqish tavsiya etilgan. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 600 mingga yaqin nogiron bor, ularning 100 mingga yaqini 16 yoshgacha bolalardir.

“Xatirchilik nobakor yigit 79 yoshli onasini bo‘g‘ib o‘ldirdi”

Navoiy viloyati Xatirchi tumani Maydon qishlog‘ida istiqomat qilib kelgan yigit onasining hayotiga zomin bo‘ldi (“Huquq”, 18 fevral).

10 nafar farzandni voyaga yetkazgan momo kenja o‘g‘lining xotini bilan kelisha olmagan. Qaynona-kelin janjallarida o‘g‘il xotinining yonini olib, onasini haqoratlab kelgan. 2015 yilning 2 avgustida to‘ydan mast holda uyiga qaytgan nobakor o‘g‘il 79 yoshli onasini dastlab kaltaklagan, keyin esa bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Ismi oshkor etilmagan modarkush yigit 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Navoiyning 1471 yilda tuzilgan yangi devoni topildi”

Alisher Navoiyning 1471 yilda muxlislari tartib bergan yangi devoni topildi (“Oila davrasida”, 18 fevral).

Devon Xurosonga chegaradosh bo‘lgan Oqquyunlilar saltanatida tayyorlangan. Uni o‘z davrining taniqli xattoti Abdurahim Xorazmiy ko‘chirgan.

Mazkur devonni fanga ma’lum qilgan olim Aftondil Erkinov uning fotonusxasini Tokioda kitob shaklida nashrdan chiqardi. Asar shartli ravishda “Oqquyunli muxlislar devoni” deb nomlangan.

“Xorazmda elektr uzilishlari sabab iste’molchilar zarar ko‘rmoqda”

Xorazm viloyati Gurlan tumanida elektr ta’minotidagi ko‘p uzilishlar sabab iste’molchilar zarar ko‘rmoqda, deydi shu tumanlik Iskandar Saparboev (“Adolat ko‘zgusi”, 2016 yil 6-son).

Chilonzor tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Sobir Abduraimovga ko‘ra, elektr korxonasi elektr energiyasini cheklash va uzish qo‘yishda iste’molchilar bilan kelishishi kerak.

Amaldagi tartibga muvofiq, elektr korxonasi keyingi sutkada elektrning cheklanishi yoki uzilishi haqida joriy sutka soat 14 dan kechiktirmay, cheklashning boshlanish va tugash vaqtini ma’lum qilishi lozim. Elektrni zudlik bilan cheklash zarurati tug‘ilsa, iste’molchi bu haqda 1 soat oldin ogohlantirilishi shart.

Mazkur talab buzilgan holatda iste’molchilar jamiyati yoki sudga murojaat qilib, etkazilgan zararni undirish mumkin, deya maslahat berilgan.

“Aktyor Ulug‘bek Qodirov “Majnun” filmi s’yomkasida bir o‘limdan qoldi”

Yaqinda suratga olingan “Majnun” filьmi s’yomkasi payti rejissyor Jahongir Ahmedov aktyor Ulug‘bek Qodirovning hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Bu haqda “Darakchi” nashri xabar beradi.

Avval bosh qahramon U.Qodirov va bo‘rilar aks etgan sahna bo‘riga o‘xshash itlar ishtirokida, kaskadyor yordamida suratga olinishi rejalashtirilgan. Ammo tasvirga olinadigan kun rejissyor aktyorning hayotini xavf ostiga qo‘yib uni chinakam bo‘rilar bilan suratga olgan. Aktyorning o‘zi “Majnun” filьmida roli eng so‘nggisi bo‘lishi mumkinligini aytgan.

“Hayotimni xavf ostiga qo‘yib, bo‘rilar bilan suratga tushganimga yarasha qandaydir xavfsizlik choralarini ko‘rish shart edi... Ertaga boshqa rejissyorlarimiz ham filmim zo‘r chiqsin deb timsohlar orasiga tashlab qo‘ymasaydi”, degan aktyor U.Qodirov.

“Yoshlar”da namoyish etilayotgan serial qahramonlarining turqi g‘ashga tegmoqda”

“Yoshlar” telekanalida efirga uzatilayotgan “Bir muhabbat tarixi” seriali o‘zbek tomoshabiniga hech qanday yangilik bermayapti (“Hurriyat”, 17 fevral).

“Keyingi paytlarda ketma-ket namoyish etilgan hind seriallariga xos mayda-chuyda gaplarga boyligi bilan g‘ashga tegadi”, deb yozadi gazeta.

Qayd etilishicha, hadeb ishq deya o‘t-otash bo‘lib yonayotgan yigit-qizlarning turqi ham tomoshabinga xush kelmayapti. Qolaversa, badiiy film hamda seriallarga ovoz beradigan aktyorlarning bir xil ekani, yangi ovozlarning yo‘qligi ham tanqid qilingan.

XS
SM
MD
LG