Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:15

Obama: Tinchlik kelishuvi Kremlning Suriya bo‘yicha asl maqsadlarini aniqlaydi


AQSh prezidenti Barak Obama Rossiyani Suriyada urush o‘rniga tinchlikni qo‘llashga chaqirib, mazkur haftada kuchga kirishi kutilayogan tinchlik kelishuvi Kremlning asl niyatlarini ko‘rsatishini aytdi. Shuningdek, Obama Rossiya bilan Suriyaning harbiy yutuqlarga erishayotganlari haqidagi iddaolariga shubha bildirdi.

16 fevral kuni Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan Sharqiy Osiyo sammitidan keyin jurnalistlar oldida chiqish qilgan Obama Rossiya havo hujumlari yordami bilan Suriya prezidenti Bashar al-Assadning qo‘shinlari “ilk yutuqlarga” erishgan bo‘lsada, mamlakatning to‘rtdan uch qismi ularning boshqaruvida emasligini aytdi.

Obama Rossiya va Suriya bu yutuqlarga erishgunicha necha-necha odam o‘lganini va minglab odam o‘z uyini tark etishiga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Unga ko'ra, buncha ko‘p odamning halok bo‘lishiga Rossiyaning tartibsiz hujumlari sababchidir.

“Suriya bo‘yicha asosiy savol Rossiya barbod bo‘lgan mamlakatni o‘ziga hamkor qilib olib, uni qo‘llash uchun milliardlab dollar ishlatib, nimaga erishishidir”, dedi u.

“[Assad] barbod qilishni istagani uchun butun boshli mamlakat barbod bo‘ldi, Rossiya esa bunga boshidan beri sherik bo‘lib kelmoqda”, deya so‘zini davom ettirdi prezident.

Rossiyaning Suriya ishlariga aralashishiga Suriyadagi tuzumning kuchliligi emas, aksincha, kuchsizligi sabab bo‘lgan, dedi Obama.

“Qo‘llayotgan otingiz kuchli bo‘lmasa, armiyangizni jo‘natasiz”, dedi prezident va Rossiyadagi chuqur iqitisodiy bo‘hron hamda oqsayotgan hukumat Moskvaga Suriyada uzoq urushni qo‘llash imkonini bermasligini qo‘shimcha qildi.

“Putin Suriyada doimiy istilo o‘rnatishga tayyorman, deb hisoblashi mumkin, lekin bu qimmatga tushadi. ... Rossiya iqtisodiga nazar solsangiz, bu Rossiya uchun eng yaxshi yo‘l emasligini anglab yetasiz”.

Obama Putin uchun Suriyada tinchlik kelishuviga erishish hamda siyosiy o‘zgarishni qo‘llash to‘g‘riroq bo‘lishini, mazkur hafta kelishuvi bu jarayonni boshlash imkonini berishini aytdi.

Prezidentning bu sharhlari 16 fevral kuni boshqa AQSh rasmiylari bildirgan fikrlarga hamohangdir.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mark Toner AQSh Rossiya kelishuvga amal qilishini kutishini hamda zo‘ravonlikni to‘xtatish sari olg‘a siljish guvohi bo‘lishni istashini aytdi. O‘tgan haftada Minskda uchrashgan taraflar kelishuv 19 fevraldan ishga tushishini bildirishdi.

Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk tinchlik kelishuvi Rossiya uchun “sinov” hamda “yangi ko‘rsatkich” bo‘lishini aytdi.

“Biz unga kim amal qilishini yaqindan kuzatib boramiz. Zo‘ravonlikni to‘xtatishga qaratilgan bu kelishuvni birorta buzsa, buni aniq aytishga va lozim bo‘lsa, javob qaytarishga tayyor turamiz”, dedi Kuk.

XS
SM
MD
LG