Линклар

logo-print

AQSh Adliya departamenti 18 fevral kuni VimpelCom shirkati O‘zbekistonda faoliyat yuritish litsenziyasini qo‘lga kiritish uchun Toshkentdagi “nufuzli shaxs”ga pora bergani tasdiqlangani haqida bayonot tarqatdi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, VimpelCom va unga qarashli Unitel shu’ba korxonasi 2006 yildan 2012 yilgacha O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish imkoni evaziga bu mamlakat hukumati amaldoriga 114 million dollar pora berganini tan olgan. VimpelCom mazkur ish yopilishi uchun AQSh va Hollandiya nazorat idoralariga 795 million AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘ldi.

Ayni paytda AQSh adliya vazirligi Shveytsariya, Belgiya, Lyuksemburg va Irlandiyadagi banklarda o‘zbekistonlik nufuzli shaxsga tegishli hisob raqamlarida yashirilgan 850 million dollarni musodara qilish uchun sudga murojaat qilglani aytiladi bayonotda. Mazkur hisob raqamlar O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga qarshli ekani aytiladi.​

Rekord darajadagi jarima

VimpelCom shirkati AQSh va Hollandiya nazorat idoralariga jami 795 million dollardan ortiqroq jarima to‘lashga tayyor ekanini e’lon qildi. AQSh tarixida xususiy shirkatdan undirilgan ikkinchi yirik jarima borasida telekom shirkati bilan AQSh va Hollandiya hukumatlari o‘rtasida kelishuvga erishilgani to‘g‘risida AQSh Adliya vazirligi 18 fevral kuni e’lon qildi.

2008 yilda Germaniyaning Siemens AG shirkati AQShning korrupsiyaga qarshi qonunlarini buzganligiga iqror bo‘lib 800 million dollar to‘lagan edi. O‘tgan yili esa Fransiyaning Alstom SA shirkati Indoneziyadagi kontraktlari bilan bog‘liq qonunbuzarliklar uchun 772 million doallarga jarimaga tortilgan edi.

AQSh Adliya departamenti bayonotiga ko‘ra, jinoiy jarima sifatida VimpelCom to‘lashi kerak bo‘lgan 460 million dollardan ortiqroq mablag‘ AQSh va Hollandiya hukumatilari o‘rtasida 230 million dollardan bo‘lib olinishi borasida kelishib olingan. Bundan tashqari VimpelCom shirkatidan AQSh Qimmatbaho qog‘ozlar kommisiyasi va Hollandiya Bosh prokuraturasi o‘rtasida bo‘lib olinishi ko‘zda tutilgan 375 million dollar miqdorida qo‘shimcha jarima undiriladigan bo‘ldi.

Avvalroq VimpelCom shirkati O‘zbekistondagi faoliyatiga doir tergovning yopilishi evaziga qonunni buzganini tan olishga tayyorligini bildirgan edi. Shirkatning 17 fevral kuni e’lon qilgan yillik moliyaviy hisobotda bu haqda AQSh Qimmatbaho qog‘ozlar komissiyasi, Adliya vazirligi hamda Hollandiya Bosh prokuraturasi bilan dastlabki kelishuvga erishilgani aytilgan.

VimpelCom shirkatining sobiq direktori o‘tgan yili O‘zbekiston bilan bog‘liq koruptsiya janjali ortidan Norvegiya politsiyasi tomonidan qamoqqa olingan edi.

"Yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan qonunbuzarlik"

AQSh Adliya departamenti bayonotida aytilishicha, shirkat O‘zbekistonda faoliyat yuritish litsenziyasini olish uchun Toshkent rasmiylarini sotib olishga daxldor bo‘lgan.

VimpelCom Gulnora Karimovaga kamida 155,5 million AQSh dollari to‘lagan.

VimpelCom Gulnora Karimovaga kamida 155,5 million AQSh dollari to‘lagan.

Bosh qarorgohi Hollandiyaning Amsterdam shahrida joylashgan VimpelCom Adliya departamenti bildirgan ayblovni tan oldi. Shirkat Bosh direktori Jan Iv Sharlye “Yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan qonunbuzarlik sodir etilganidan afsusdamiz”, deb bildirdi.

AQSh Adliya departamenti bayonotida aytilishicha, VimpelCom 2006 yildan 2012 yilgacha o‘zbekistonlik yuqori nufuzli shaxslarga 114 million dollar pora berganini tan oldi. Nyu York Janubiy okrugi prokurori yordamchisi Jon Kim VimpelCom pora berish va pul yuvishda ayblanayotganini aytdi:

- VimpelCom jahonda oltinchi yirik telekommunikatsiya shirkatidir. Qimmatbaho qog‘ozlari Nyu York birjasida savdoga qo‘yilgan mazkur shirkat O‘zbekistondagi o‘z faoliyatini 114 million dollardan ko‘proq miqdorda berilgan poralar evaziga qurgan. Pora sifatida berilgan pullar shirkat hisobotlarida yashirilgan va sohta ravishda qayd etilgan, keyin bu pullar jahonning turli banklari, jumladan Nyu Yorkdagi hisob raqamlari vositasida yuvilgan,- dedi Jon Kim.

AQSh Adliya departamenti bayonotida pora olgan shaxsning ismi ochiqlanmagan va bu odam “yuqori lavozimli hukumat amaldorining yaqin qarindoshi” ekani hamda “o‘zbek hukumatining telekommunikatsiya sohasini muvofiqlashtiruvchi tuzilmalariga ta’sir o‘tkazish salohiyatiga ega bo‘lgani” aytiladi.

- Agar sizning qimmatbaho qog‘ozlaringiz bizning birjalarimizda savdoga qo‘yilgan ekan va siz pul aylanmasi uchun bizning banklarimizdan foydalanayotgan ekansiz, demak siz biz o‘rnatgan qoidalar asosida o‘ynashga majbursiz. VimpelCom va uning shu’basi bo‘lgan Unitel bu qoidaga amal qilmadi, shuning uchun ular bugun rasmiy ayblov bilan Manxetten sudida javobgarlikka tortilmoqda, -deb bildirdi Nyu York Janubiy okrugi prokurori yordamchisi Jon Kim.

Rasmiy bayonotda hokimiyatning eng yuqoridagi vakilining qarindoshi nomi keltirilmaydi. Lekin gap O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova haqida ketayotgani ma’lum. Xususan, bu ishni taftish qilayotgan Shvetsiya, Shveysariya va Hollandiya tergov idoralari vakillari Ozodlikka bergan intervyularda Gulnora Karimova mazkur jinoyat ishlarida asosiy gumonlauvchi sifatida o‘tayotganini ochiqlashgan.

Pora oluvchining 850 million dollari ham bor

Bayonotda AQSh Adliya vazirligi Yevropa banklarida saqlanayotgan 850 million AQSh dollarini musodara qilishni so‘rab, fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudga ikkita ariza toprshirgani ham aytiladi.

Arizalardan biri pora sifatida to‘langan va bu to‘lovlar yordamida olingan pullarni yuvish maqsadida sotib olingan mulkni musodara qilish to‘g‘risidadir. Jami 550 million AQSh dollariga teng bu aktivlar Shveysariya banklarida saqlanayotgani ma’lum.

AQSh tergov idoralari musodara qilmoqchi bo‘lgan Shveysariyadagi aktivlar O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga qarashli ekaniga oid ma’lumotlarni Ozodlik bundan avval e’lon qilgan edi.

AQSh Adliya vazirligi sudga kiritgan yana bir ariza Belgiya, Lyuksemburg va Irlandiyadagi banklarda saqlangan va hozirda muzlatib qo‘yilgan 300 million dollarni ham musodara qilish so‘raladi. Mazkur aktivlar ham Gulnora Karimovaga aloqador ekani to‘g‘risida xabar qilingan.

AQSh Adliya vazirligi bayonotida VimpelCom va O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi yana ikki telekom shirkati nomi keltirilmagan o‘zbek rasmiysiga jami 800 million AQSh dollaridan ortiq pora bergani aytiladi. Hokimiyatning eng yuqori darajadagi vakilining qarindoshi ekani aytilgan bu rasmiyning sheriklari keyinchalik pora sifatida olingan pullarni Latviya, Buyuk Britaniya, Hong Kong, Irlandiya, Belgiya, Lyuksemburg va Shveytsariyada ochilgan bank hisob raqamlari orqali yuvgan, deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "uyushgan jinoiy guruh a’zosi" G. Karimovaga jinoyat ishi ochgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "uyushgan jinoiy guruh a’zosi" G. Karimovaga jinoyat ishi ochgan.

Noqonuniy pullar mazkur davlatlardagi hisob raqamlariga joylashtirilishidan avval AQShdagi moliyaviy muassasalar orqali o‘tkazilgan va ayni holat bu ishning AQSh yurisdiktsiyasida tergov qilinishini taqozo etadi.

Ozodlik ishtirokida o‘tgan yili o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvlar natijasida Gulnora Karimovaga aloqador tuzilmalar VimpelCom, TeliaSonera va MTS shirkatlaridan jami 1 milliard dollar miqdorida pora undirgani fosh bo‘lgan edi.

Ozodlik O‘zbekiston hukumati, jumladan prezident devoni va tashqi ishlar vazirligiga bu holat yuzasidan izoh so‘rab qilgan murojaatlari hamon javobsiz qolmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2014 yilning sentyabrida Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi ochgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, prezident qizi hozirda uy qamog‘ida qolmoqda.

Shu yil boshrog‘ida O‘zbekiston hukumati xorij banklarida muzlatilgan 1 milliard dollarni mamlakatga qaytarish harakatiga tushgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

Qimmatga tushgan o‘zbek telekom bozori

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova uy qamog‘ida qolmoqda

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova uy qamog‘ida qolmoqda

VimpelCom va yana ikki telekom shirkati – Shvesiyaning TeliaSonera va Rossiyaning MTS kompaniyalari O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yillar davomida jami 1 milliard dollardan oshiq pora bergani xususidagi iddaolar Yevropa mamlakatlarida 2012 yildan beri tergov qilinmoqda. O‘shandan beri VimpelCom va TeliaSonera rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Gulnora Karimovaga o‘rtakash firmalar orqali pora berganlikka aloqador ko‘rilgan mulozimlar ishdan olindi.

O‘tgan yili AQSh nazorat idoralari mamlakat qimmatbaho qog‘ozlar bozorida aksiyalari aylanuvchi uch shirkatning poraxo‘rlikka qo‘l urgani yuzasidan tergov boshlashi ortidan VimpelCom va TeliaSonera ehtimoliy jarimalar uchun yuzlab million dollar ajratishlarini e’lon qildi.

Bundan tashqari, ikkala shirkat O‘zbekiston bozorini tark etish niyatida ekanliklarini bildirishdi. VimpelCom shirkatining asosiy haqdori Norvegiyaning Telenor shirkati o‘ziga tegishli 2,2 milliard dollarga teng 33 foizlik aksiyalar paketini sotishni rejelashtirayotganini e’lon qildi.

Moliyaviy hisobotda aytilishicha, 2015 yilda VimpelCom shirkatining daromadi uchdan bir hissaga kamaygan.

Ayni paytda o‘tgan yilning noyabrь oyida AQSh nazorat idoralari Glunora Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatidan rekord darajadagi 1,7 milliard dollar undirishi mumkinligi to‘g‘risida xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG