Линклар

Toshkent shahrining Rakat, Salom choyxona, Sebzor, Jar Ariq mahallalarida yashovchi o‘ndan ortiq odam Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olindi. Salafiylik diniy oqimiga aloqadorlikda ayblanayotgan bu yoshlar ilgari AQShda ishlab O‘zbekistonga qaytib kelgan. Hibsga olinganlarning oila a’zolari bu haqda hech kimga axborot bermasliklari haqida ogohlantirilganini aytmoqda.

Ozodlik olgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir oy orasida Toshkentning Rakat, Salom choyxona, Sebzor, Jar Ariq mahallalarida yashovchi 14 kishi hibsga olingan.

Bu yigitlarning aksariyati ilgari AQSh va boshqa xorijiy davlatlarda ishlab qaytgan yoshlar ekanligi aytilayapti.

Ovozi yozib olinmaslik sharti bilan gapirgan toshkentlik mahalla faollaridan biriga ko‘ra, bu yigitlar salafiylik diniy oqimiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Ozodlik hisbga olinganlarning ba’zilari ismi-sharifini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Hibsga olinganlarning yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, AQShning Florida va Virjiniya shtatlarida ishlab qaytgan 31 yashar Sherzod Abdullaev, 37 yashar Doniyor Ahmedov, 35 yashar Mansur Shomansurov, 42 yashar Nodir Turobov, 30 yashar Anvar (familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi –tahririyat) avval o‘n besh sutkalik qamoqqa olingan, so‘ngra ular ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu odamlarning ba’zilari uch yil avval, ba’zilari yaqinda xorijdan qaytgani aytiladi.

Hibsga olinganlarning yaqinlari Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qattiq qo‘rqitilgani bois, bundan ortiq ma’lumot berishni istashmadi.

Bundan tashqari yana o‘ndan ortiq odam hibsga olingan. Lekin Ozodlik ularning ism-shariflarini aniqlay olmadi.

Hibsga olinganlar orasida Birlashgan Arab Amirligida ishlab qaytganlar ham, Umid jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan AQShda bo‘lganlar ham bor.

AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik Mirrahmat Mo‘minov bu yigitlarning ba’zilarini yaxshi taniganini aytar ekan, ularning ekstremistik tashkilotlarga a’zo bo‘lmaganini ta’kidlaydi:

- Bu yigitlarning ba’zilarini tanirdim. Ularning asosiy qismi talaba sifatida kelgan va AQShda turli sohalarda malaka oshirib, keyin O‘zbekistonga qaytishgan. Qaytganidan so‘ng muammosiz yashayotgan edi. O‘tgan yilning sentyabr oyida ular bilan bir shaharda yashagan va ularni yaqindan tanigan Sh.X. ismlik kishi 8 yil deganda O‘zbekistonga qaytib boradi va Toshkent aeroportida MXX tomonidan hibsga olinadi. Bu bola 4 oy davomida Toshturmada hibsda ushlanadi va aytishlaricha yaqinda hibsga olinganlarga qarshi ko‘rsatma beradi. Bu yigitlar AQShda namoz o‘qishni boshlashgan va ba’zilari u erda soqol o‘stirib yurishgan, lekin ular birorta ham ekstremistik tashkilotga a’zo bo‘lmagan. Ularning ba’zilari mexanik, ba’zilar mebelchi ustalar bo‘lgan,- deydi Mirrahmat Mo‘minov.

Mirrahmat Mo‘minov bilan bo‘lgan suhbatni quyida tinglang:

O‘zbekistonda xorijdan borganlarni hibsga olish o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan edi.

Ozodlik manbalari o‘shanda Toshkentning turli tumanlaridan ikki yuzdan ortiq odam hibsga olingani haqida xabar bergan edi.

Toshkentda yana 14 kishining qamoqqa olingani o‘tgan yilgi hibsga olishlarning davomi sifatida ko‘rilmoqda. Agar avvalgi hibsga olinganlar IShIDga aloqadorlikda gumon qilingan bo‘lsa, bu yangilari salafiylikda ayblanmoqda.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, o‘tgan yili hibsga olinganlardan kimdir qiynoqlar natijasida boshqalarga qarshi ko‘rsatma bergan bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG