Линклар

Xorazmdagi o‘rta maktablarning 6-9 sinf o‘quvchilari yoppasiga, majburiy tarzda poliklinikalarga olib borilib, ginekologik tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ultra tovushli moslamalar yordamida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar asosan qizlarning ikkiqat bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashga qaratilgani aytilmoqda.

Urganchdagi 9-sonli o‘rta maktabning o‘qituvchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish viloyat Xalq ta’limi boshqarmasidan kelgan topshiriq asosida amalga oshirilayotganini aytadi.

- Bizga buyruq berdi, qizlarni shu ko‘rikdan o‘tkazasizlar, dedi. Hozir sinfma-sinf bo‘lib, qizlarni poliklinikaga, ultra tovush tekshiruvidan o‘tkazish uchun olib boryapmiz. Bugun oltinchi sinflar, dushanba kuni yettinchi sinflarni olib boramiz, keyin qolgan sinflarni - dedi urganchlik maktab o‘qituvchisi.

Bunday ko‘rik nima maqsadda o‘tkazilyapti?, degan savolga o‘qituvchi “maqsad qizlarni salomatligini tekshirish”, - deya javob qildi.

Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan urganchlik ota-onalar bu tibbiy ko‘rik haqida boshqacha taxminlarni aytishadi.

Uch qizning onasi Norjon opa balog‘atga etmagan qizlarning homilador bo‘lishini oldini olish maqsadida bu ko‘rik o‘tkazilayotganini ta’kidlaydi.

- Yaqinda Qo‘shko‘pirda ota-onasi Rossiyaga ketgan 6-sinf o‘quvchisi bo‘yiga qolib ketgan ekan, ya’ni xomilador bo‘lgan. Qarindoshlari e’tibor bermagan. Undan ham oldin Gurlan va Shovotda ham shunday voqea bo‘libdi. Yosh qizlar buzilib ketyapti. Shu voqeadan so‘ng hozir hamma qizlarni tekshiruvdan o‘tkazishyapti. Menga buni maktab direktori aytdi, - deydi Norjon opa.

Eslatamiz, o‘tgan yili Xorazm viloyati Gurlan tumanining Guliston qishlog‘ida istiqomat qiladigan 12 yashar qizaloq o‘z akasidan farzand ko‘rgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Bu Xorazm viloyati voyaga yetmagan qizaloqlarning o‘z akasidan farzand ko‘rishiga oid birinchi voqea emas. Bundan roppa-rosa ikki yil avval, Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 13 yashar qizaloq o‘z tug‘ishgan akasidan farzand ko‘rgan edi.

- Ular aka-singil bo‘lib shu ishni qilgan. Hozir boshqa qizlar ham shunday bo‘lib qolmasin, degan maqsadda tekshiruv o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki, hozir ko‘pchilik ota-onalar Rossiyada, qizlar qarovsiz qolib, buzilib ketyapti, - deydi urganchlik Norjon opa.

Ayni paytda bu tekshiruvlar ota-onalarning roziligisiz, majburiy Milliy xavfsizlik xizmati nazorati ostida o‘tkazilayotgani haqida xabarlar bor.

Urganchdagi 6-sonli maktab o‘qituvchisi tekshiruvlar ota-onalarning roziligi bilan o‘tkazilayotganini aytdi.

- Biz majlis o‘tkazib, bu haqda ota-onalarga aytdik. Tekshirish ularni o‘zlarining hamrohligida o‘tkazilyapti, - dedi urganchlik o‘qituvchi.

XS
SM
MD
LG