Линклар

Qirg‘izistonda tanqidiy maqolalari bilan tanilgan “Dengi i Vlast” gazetasining bosh muxarriri Turat Akimov o‘z uyi yonida kaltaklandi. Jurnalist mazkur voqea uning jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev esa ish tergovini o‘z nazoratiga oldi va Ichki ishlar vaziriga jinoiy ishni tez orada fosh qilishni tayinladi.

Voqea 20 fevralga o‘tar kechasi, jurnalist Turat Akimov uyiga qaytib kelib, mashinasini garajga qo‘yayotganida sodir bo‘lgan.

Akimovga ko‘ra, to‘satdan paydo bo‘lgan notanish yigit u tomonga shoshilib kelib uni armatura bilan boshiga urishga uringan.

Jabirlanuvchi qarshilik ko‘rsatganda armatura uning qulog‘iga tekkan.

Bo‘yin tomoniga qilingan ikkinchi zarbani qo‘li bilan to‘sganida barmog‘i singan. Shundan so‘ng notanish shaxs voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.

Turat Akimov hujumni o‘zining jurnalistik faoliyati bilan bog‘lab, qasd olish urinishi bo‘lganini aytmoqda.

“Bo‘yi uzun, baquvvat odam tez harakat qildi. Men qarshilik qilganimda quloq tomonimga tegdi. Ikkinchi zarba bo‘ynimga bo‘ldi, qo‘lim bilan to‘sgandim panjam sindi. Shifokorlar zarba tekkan erlarimni tikib, panjalarimga gips solib qo‘yishdi. Jinoyatchi meni armatura bilan urmoqchiligiga qaraganda bu oddiy kaltaklash emas, o‘ldirmoqchi bo‘lgan deb o‘ylab qoldim. Buni men yangi yil arafasida yozgan maqolalarim bilan bog‘liq deb gumon qilyapman”, - deydi Turat Akimov.

U mazkur hol yuzasidan 102 xizmatiga jurnalistni o‘zi ma’lum qilgan. Voqea joyiga militsiya hodimlari kelib, unga bo‘lgan xujumda qo‘llanilgan armaturani topgan va uni dalil sifatida olishgan.

So‘ngra jurnalist sog‘lig‘iga keltirilgan zarar darajasini aniqlash uchun sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi O‘ljo‘bay Qazabaevga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan:

“Militsiya tezkor tergov guruxi voqea bo‘lgan joyga borganida Bishkek shahridagi Den Syaopin ko‘chasi yettinchi uyi yonida Turat Akimov degan fuqaroga noma’lum shaxs hujum qilib, uning quloq tushiga armatura bilan urgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoiy kodeksning “bezorilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘alib tergov ishlari ketmoqda”, - deydi O‘ljo‘bay Qazabaev.

Bishkekdagi ”Qilim shami” huquqni himoya qilish markazi rahbari Aziza Abdirasulova ham bu holni jurnalistning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq deb hisoblaydi:

“Prezident 24-dekabrdagi matbuot anjumanida jurnalist Dayir O‘runbekov to‘g‘risida “agarda prezident bo‘lmaganimda men uni urib, kaltaklar edim” degani noto‘g‘iligini biz o‘shandayoq aytib chiqqanmiz. Biz prezident apparatiga bunday bildiruvdan keyin jurnalistning xavfsizligini ta’minlanglar deganmiz. Biroq ular bizning aytganlarimizni prezidentning so‘zlari jaxl ustida aytildi deb jiddiy qabul qilishmadi. Prezidentning o‘zi shunday ishorat qilganidan keyin tanqidiy maqolalar yozgan Turat Akimov kabi jurnalistlarga hujum bo‘lmay qolishi mumkin emas edi. Men bu ishni Akimovning jurnalistik faoliyati bilan to‘liq bog‘liqligi bor deb o‘ylayman”,- deydi huquq faoli.

Ayni paytda prezident matbuot xizmati rahbari Almazbek Atambaev jurnalistga hujum bo‘yicha tergov ishini shaxsiy nazoratiga olganini ma’lum qildi.

Prezident apparati matbuot xizmati bo‘limi rahbari Almaz Uso‘nov davlat rahbari mazkur holatni tez orada fosh qilishni topshirganini aytdi:

“Prezident Almazbek Atambaev jurnalist Turat Akimovga hujum holati tergovini shaxsiy nazoratiga oldi. Davlat rahbari ichki ishlar ministri Melis Turganbaevga jurnalistga hujum qilgan odamni qidirish bo‘yicha tezkor chora ko‘rish va xaqiqiy aybdorlarni topib javobgarlikka tortishni topshirdi, - dedi Almaz Uso‘nov.

Huquq faollariga ko‘ra, 2010-yildan buyon jurnalistlarga siyosiy ruhdagi hujumlar kuzatilmagan edi.

Ungacha, sobiq prezident Bakiev rejimini tanqid qilgan jurnalistlarga hujumdan bir jurnalist vafot etgan, ba’zilari mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG