Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:25

Rus qamoqxonasidagi vahshiy qiynoqlarga oid video ortidan tergov boshlandi


Yekaterinburg shahrida joylashgan turmadagi mahbusning xo‘rlanayotgani aks etgan videolar mahalliy xabar portalida chop etilishi ortidan Rossiya rasmiylari bu hodisa tergov qilinayotganini bildirishdi. Portal xabarida mahbus qattiq kaltaklangani aytilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi 18 fevral kuni shu kuni ertalab 66.ru portali e’lon qilgan video yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildirdi.

66.ru xabarida e’lon qilingan videolar hamda agentlik qo‘lga kiritgan hujjatlar Yekaterinburgdagi 2-sonli qamoqxonada zo‘ravonlik, jumladan, jinsiy tajovuzkorlik juda keng tarqalganini anglatishi aytiladi.

Birinchi videoda mahbus ekani aytilgan kishining yalang‘och holda unitazga boshini suqishga majburlangani, uni qiynoqqa tutayotganlar suvni bo‘shatganini ko‘rish mumkin. Bir daqiqa davom etuvchi videoda mahbusga tupurishadi, uni “kalamush” va “qanjiq” deb masxaralab, ustidan kulishadi.

Ikkinchi videoda ham shu mahbusni ko‘rish mumkin. Bu safar u yalang‘och va qo‘llari orqasida bog‘liq holda tualet polida yerga qarab yotqizilgan. Orqasida qamchi izlariga o‘xshash yaralarni ko‘rish mumkin. Videoda qiynoqqa solayotgan kishilarning biri uning ustiga siyayotgani aks etgan.

Mahbusni qiynoqqa tutayotgan va bu jarayonni videoga olayotganlar turma ishchilari ekani yoki emasligi hozircha mal’um emas. Videoning qachon olingani ham noma’lum.

66.ru portaliga ko‘ra, bu ikki videodan tashqari yana bir video bor. Ammo, uchinchi videoda aks etgan qiynoqlar haddan tashqari jirkanch bo‘lgani uchun portal xodimlari bu videoni chop etishmagan.

Tergov qo‘mitasi bu videolar bilan bog‘liq ravishda mahbuslarni qiynoqqa solish va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish hollarini aniqlash uchun tergov olib borilayotganini bildirdi.

Qo‘mitaning Yekaterinburgdagi hududiy bo‘limi e’lon qilgan bildiruvda “Nafaqat qiynoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etgan fuqarolarning, balki o‘z boshqaruvi ostida bunday zo‘ravonlik bo‘lishiga yo‘l ochib bergan rasmiylarning ham faoliyatiga qonuniy baho beriladi”, deyiladi.

Inson huquqlari guruhlari hamda G‘arb mamlakatlari hukumatlari uzoq yillardan beri rus qamoqxonalarida mahbuslar duch keladigan og‘ir sharoit va qiynoqlarni tanqid qilib kelishadi.

AQSh Tashqi ishlar vazirligining inson huquqlariga oid so‘nggi hisobotida ayrim hollarda rus turmalari rasmiylari mahbuslarni ba’zi sheriklarini tahqirlashga “gij-gijlagan”, deyiladi.

66.ru videolar bilan birga mahbuslarning biri yozgan xatni ham chop etdi. Xat yordamida Yekaterinburgning 2-sonli turmasidagi qiynoqlar haqida mahbuslar og‘zini yopish uchun maxsus himoyadagi "kasta" tizimidan foydalanilishi fosh bo‘ladi.

2012 yil yozilgan xatda uning muallifi ekanini aytgan mahbus qamoqxonadagi ilk haftalarda boshdan kechirganlari va turmada ko‘rgan-kechirganlarini hech kimga aytmaslikka ont ichadi. Xatda mahbus har qanday ma’lumotni chetga sizdirsa, og‘ir jazolanishiga rozi ekani aytilgan.

Xat muallifi sirni sotib qo‘ysa, uni zo‘rlashlari hamda “haram”ga kiritishlariga roziligini aytib, “iltimos qiladi”. Haram jinsiy tajovuzkorlik qurboni bo‘lgan mahbuslar guruhi bo‘lib, bu guruh a’zolari odatda boshqa mahbuslar oldiga bora olmaydi.

66.ru portali turli yillarda yozilgan bir necha shunga o‘xshash xatni qo‘lga kiritganini yozmoqda. Bu xatlar qamoqxonaning turli rasmiylari nomiga yozilgan.

Portal xabariga so‘zlagan mahbuslar huquqlarini himoya qiluvchi faol Aleksey Sokolov: “Bu qog‘oz juda katta ahamiyatga ega. Agar bu hujjat boshqa mahbuslarning qo‘liga tushsa, muallifni haramga yuborishadi. Bu mahbuslarga bosim o‘tkazish uchun qo‘llaniladigan tipik quroldir”, deydi.

Sokolov bunday tahqirlashlar nafaqat Yekaterinburg turmasida, balki hududdagi boshqa koloniyalarda ham keng tarqalganini qo‘shimcha qilgan.

“TASS” davlat xabar agentligiga ko‘ra, Rossiya Federal qamoq xizmatining hududiy bo‘limi matbuot kotibi Aleksandr Levchenko 66.ru chop etgan materiallar qamoqxonadagi vaziyatni “beqarorlashtirish uchun” inson huquqlari himoyachilari guruhlari uyushtirgan “provokatsiya” bo‘lishi mumkinligini aytgan.

XS
SM
MD
LG