Линклар

Sevastopolning Moskva tayinlagan rasmiylari shahar maktablariga 22 fevral kuni “Qrim bahori”ni nishonlash uchun 10 mingga yaqin o‘quvchi to‘plashni buyurdi. Kremlni qo‘llovchilar Ukrainaning Qrim mintaqasini Rossiya tomonidan anneksiya qilib olinishini “Qrim bahori” deb ataydi.

15 fevral kuni chiqarilgan 66-sonli buyruq Sevastopol Ta’lim bo‘limi direktori Mixail Rodikovdan kelgan.

Hujjatda Sevastopoldagi ta’lim institutlari nomi, har bir institut nechta o‘quvchi jo‘natishi kerakligi hamda bolalar shaharning Naximov maydoniga soat nechada borishi kerakligi yozilgan. Hujjatda taxminan 10 ming bola ertalab soat 10 dan kechki 5 gacha tadbirda ishtirok etishi kerakligi aytilgan.

Buyruqda o‘quvchilarning tadbirda ishtirok etishi “yosh avlodda vatanparvarlik hamda o‘z shaharlari tarixiga hurmat hissini uyg‘otish, shu bilan birga vatanga jasurlik bilan xizmat qilish an’anasini saqlab qolish” maqsadida majburiy tartibda o‘tkazilishi aytilgan.

Mahalliy xabar agentliklariga ko‘ra, o‘qituvchilar amaldagi rasmiylar Kreml tayinlagan hukumatga qarshi boshqa rossiyaparast guruhlar namoyishga chiqishiga to‘sqinlik qilish uchun shu qarorga kelgan, deb hisoblaydi.

ForPost mahalliy yangiliklar saytiga o‘qituvchilardan biri: “Ular Sevastopol markazida o‘sha paytda hech kim hech nima qila olmasligini ta’minlash uchun bolalarni to‘plashmoqchi. Aytishlaricha, turli xil namoyishlarni o‘tkazish bo‘yicha arizalar kelib tushgan”, deydi.

Sevastopolning de-fakto vitse-gubernatori Yevgeniy Dubrovnik boshida tadbirda bolalarning ishtirok etishi muhim ekanligini aytdi. Ammo o‘qituvchilar hamda ota-onalar ta’lim tizimi rasmiylariga arz qilganidan keyin rasmiy o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi va bolalarni ishtirok etishga majburlash fikri uning boshqaruvidagi ishchining mustaqil tashabbusi ekanini aytdi. Dubrovnikning aytishicha, bolalar tadbirda ishtirok etadi, ammo ularni hech kim majburlamaydi:

Bolalar ko‘rgazmalarda hamda kontsertlarda ishtirok etishadi. Sevastopol bahoridan keyingi ikki yil davomida nima qilishganini, qanday yashayotganlarini ko‘rsatishadi. 22 fevral kuni boshqa narsalar bilan bir qatorda bolalarning topqirligiga ham bag‘ishlangan”, dedi u.

XS
SM
MD
LG