Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:34

Moskva "dushman"ga chiqarilgan Bishkek bilan aloqalari buzilmaganini bildirdi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev.

Qirg‘iziston fevralda Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarni qayta tiklamoqchi bo‘lish harakatini boshlagani va Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan 6 ming turdagi mahsulotni ittifoq mamlakatlariga bojxona to‘lovisiz olib kirish imkoniyatini yaratib berganidan so‘ng Bishkek birdan yana Moskvaning “esiga tushib qoldi”.

2015 yil yakunida jurnalistlar bilan uchrashgan prezident Almazbek Atambaev Qirg‘iziston Rossiyadan boshqa hamkor izlayotgani, bunga Moskva GES qurilishlari yuzasidan bergan va’dalarini bajarmayotgani sabab bo‘lganini aytganidan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar iliq ham sovuq ham deb atab bo‘lmaydigan mujmal vaziyatga tushib qolgan edi. Mana shu o‘rtada Rossiya matbuotida birdan Qirg‘iziston to‘g‘risida salbiy materiallar paydo bo‘lib qoldi, Rossiya ekspertlari esa Qirg‘izistonni Rossiyaning dushmanlari ro‘yxatiga kiritishga ham ulgurgan edi.

Fevral oyida Qirg‘iziston Qo‘shma Shtatlar bilan o‘tgan yili bekor qilingan hamkorlik shartnomasini qayta tiklash bo‘yicha so‘zlashuvlarni boshladi. 1993 yilda imzolangan mazkur shartnomaning Qirg‘iziston tomonidan bir tomonlama bekor qilinishiga O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamalgan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarovga Vashington mukofot topshirgani sabab bo‘lgan edi. Xalqaro tashkilotlar Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini aytib keladilar.

Bundan tashqari fevral oyida Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan 6 ming mahsulot turini ittifoqqa boj to‘lovlarisiz olib kirish imkoniyatini yaratgani xabar qilindi.

Mana shu ikki voqea ortidan Moskva birdan yana Bishkekni eslab qoldi. Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Anastasiya Zaxarova 18 fevral kuni Moskva va Bishkek o‘rtasidagi strategik hamkorlikka putur yetmaganini ta’kidladi:

- Rossiya Qirg‘izistonning Qambarota GESini qurish loyihasidan chiqqani bor gap. Biroq bu masalada biz Qirg‘iziston hukumati bilan murosaga kelganmiz. Ayni paytda har ikki davlat o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish rejalari ustida ishlashda davom etmoqda. Bizning davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlik faqat va faqat mustahkamalanayapti, -dedi Anastasiya Zaxarova.

Qirg‘izistonlik siyosatshunoslar Rossiya tashqi ishlar vazirligining bu bayonotini Moskvaning Qirg‘izistonni ta’sir doirasidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik harakati sifatida baholamoqda. Siyosatshunoslarning aytishlaricha, suv zahiralariga boy bo‘lgan Qirg‘iziston hozirda ham, kelajakda ham katta mamlakatlarning geosiyosiy quroli bo‘lib qoladi.

-Faqat Rossiyagina emas, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari ham Qirg‘izistonni o‘z siyosiy ta’sir doirasidan chiqarishni istamaydi. Chunki Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda eng iqtisodiy zaif va boshqa davlatning ko‘magisiz rivojlana olmaydigan davlatdir. Ayni mana shu vositadan foydalangan holda katta davlatlar Qirg‘izistonni o‘z geosiyosiy o‘yinlarida foydalanmoqda, -dedi siyosatshunos Bekbo‘sun Bo‘rubashev.

Rossiya Qirg‘izistonda GESlar qurish loyihasi yuzasidan shartnomani Bishkek bilan 2009 yilda imzolagan edi. 2012 yilda Norin GES kaskadlari qurilishi boshlangan, biroq qurilish ishlari bir necha oydan so‘ng to‘xtatib qo‘yilgan.

2014 yilda Qirg‘iziston Rossiya bosimi ostida yiliga 60 million dollar miqdorida ijara haqi to‘lab kelgan AQSh harbiy bazasini Manas aeroportidan chiqargan edi.

Ayrim siyosatchilar Rossiya bunday harakatlar bilan Qirg‘izistonni, Pushkinning “Baliqchi chol va oltin baliq” ertagida aytilganiday, teshik tog‘ra bilan qoldirdi, deb hisoblamoqdalar.

XS
SM
MD
LG