Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:04

Davlat ishchilariga Toshkentga vaqtinchalik propiska ochildi


Toshkent shahar pasport stollari davlat tashkilotlarida ishlovchi fuqarolarni poytaxtga vaqtincha propiska qilishni boshladi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shu vaqtgacha uchastka nozirlarida bo‘lgan bu vakolat 2016 yilning yanvaridan pasport stollariga o‘tkazilgan. Tez orada poytaxtdagi xususiy firma va nodavlat tashkilot ishchilari ham vaqtincha ro‘yxatga olinishi aytilmoqda. Ammo, doimiy propiska haqida hozircha yangi ma’lumot berilmadi.

"Toshkentga vaqtinchalik propiska yanvardan ochilgan"

Toshkent shahri IIBdan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyatlardan Toshkent shahri va viloyatida ishlash, o‘qishga kelgan fuqarolarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish - vaqtincha propiskaga qo‘yish shu yilning yanvar oyidan boshlangan.

Byudjet tashkilotlari ishchilari va talabalardan tashqari, mamlakatga kelgan xorij fuqarolari ham tegishli hujjatlarni topshirgan taqdirda 3 kun ichida poytaxtga vaqtincha - 3 yoki 6 oylik muddatga propiska qilinmoqda.

Tafsilot.uz sayti ham IIVning Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidan bu borada berilgan rasmiy javobni chop etdi.

Unda aniqlashtirilishicha, Toshkent shahri va viloyatiga fuqarolarni vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish "me’yoriy hujjatlarga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritish maqsadida" 2015 yilning 25 oktyabridan to‘xtatib qo‘yilgan.

"Bugungi kunda fuqaroni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish fuqaroni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqmagan holda besh kundan olti kungacha muddatga (o‘qish uchun ta’lim muassasasiga kelgan shaxslar uchun - o‘qish davriga) shahar, tuman IIB XChK va FRB xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda", deyiladi ushbu maktubda.

Ya’ni, Toshkentga ishlash yoki o‘qish uchun kelgan fuqarolar kelgan kunidan boshlab 5-6 kun ichida yashayotgan manzili bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatga turishi shart.

Maktubda qayd etilishicha, o‘tgan yilning 25 oktyabrigacha vaqtinchalik propiskaga qo‘yish vakolati IIV profilaktika nozirlarida bo‘lgan, ammo yangi yildan bu vakolat IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga o‘tkazilgan.

Bundan biroz muqaddam Respublika OVIRning Ozodlik savollariga javob bergan xodimi buni tasdiqlagan va profilaktika nozirlaridan bu vakolat olib qo‘yilishi sabablarini korruptsiyaga bog‘lagan edi.

Zarur hujjatlarning uzun ro‘yxati

Toshkent shahri va viloyatiga vaqtinchalik propiska uchun zarur bo‘lgan hujjatlari ro‘yxati esa, odatdagidek, uzundan-uzoq.

Tafsilot.uz sayti bu hujjatlar ro‘yxatini chop etdi:

1) IIV tomonidan belgilangan namunadagi ariza;

2) Fuqaroning pasporti;

3) Mulk egasining notarial tasdiqlangan arizasi (rozilik xati);

4) Agar begona shaxslar vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilayotgan bo‘lsa, ijara shartnomasi;

5) Uy egasining pasporti nusxasi;

6) Uyning kadastr hujjatlarining nusxasi (asli ham ko‘rsatiladi);

7) Uyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi (oldi-sotdi yoki hadya shartnomasi, Davlat orderi, meros guvohnomasi, hokimlik qarori va hokazo);

8) Agar er xotinining, xotin erining uyiga vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilayotgan bo‘lsa, nikoh tuzilgani haqidagi guvohnomaning nusxasi (shuningdek, ushbu hujjatning asli ham ko‘rsatiladi);

9) Bolalarni ro‘yxatga qo‘yish uchun, agar ular 16 yoshga to‘lmagan bo‘lishsa, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarining nusxalari (shuningdek, ularning asli ham ko‘rsatiladi) hamda 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat. Voyaga yetmaganlar faqatgina ota-onalari bilan birga propiska qilinadi;

10) Davlat boji to‘langani haqidagi kvitansiya (bir kishi uchun 2604 so‘m 80 tiyin);

11) Ijaraga turuvchining ishxonasidan uni “vaqtincha propiska”ga qo‘yish to‘g‘risida rasmiy iltimosnoma;

12) Alohida hollarda zarurat tug‘ilsa boshqa tasdiqlovchi hujjatlar ham talab etilishi mumkin.

Oxirgi bandda qayd etilishicha, IIB XChK va FR bo‘limlari xodimlari zarur, deb topsa yana qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishga haqlidir.

Ammo, bu yerdagi asosiy muammo - Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlari ayni hududda propiskasi bo‘lmagan fuqarolarni, odatan, ishga olmasligidir. Rasman ishga olinmagan "propiskasiz bo‘lg‘usi ishchi" uchun "rasmiy iltimosnoma" beruvchi tashkilotlar esa, hokimlik organlari va kuch ishlatar tuzilmalar bundan mustasno, amalda juda ozdir.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar

Shu kunda vaqtinchalik propiska uchun hujjat topshiryotgan fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z tajribalarini o‘rtoqlashmoqdalar.

Aytilishicha, pasport stollari qarshisida vaqtincha ro‘yxatga turuvchilarning uzun navbatlari paydo bo‘lgan:

"Ko‘pchilik navbat kutib turibdi. 54-chi bo‘lib yozildim. Ungacha “stol uslug”ga kirib, belgilangan ariza, uy egasi nomidan ariza va manzil varaqasini to‘ldirtirdim. Bu xizmat uchun 6000 so‘m to‘laysiz. Boshqa hujjatlar kseronusxasi uchun alohida haq to‘lanadi. “Stol uslug” xizmatchisi ishxonadan xat bor-yo‘qligini so‘radi. Mana, deb berdim. Uni ko‘rarkan, davlat idorasi bo‘lsa o‘tadi, xususiy firmalarnikini qabul qilishmayapti, dedi", deb yozdi Facebook foydalanuvchilaridan biri.

Shuningdek, tarmoqlarda talab qilinayotgan hujjatlar sirasidagi asosiy muammo yana e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda:

"Davlat ishxonasi propiskang bo‘lmasa ishga olmaydi, davlat ishida ishlamasang, propiska qo‘yib bermaydi... Bu qanaqa paradoks? Sovet davrida Moskvada shunaqa tartib bo‘lgan, o‘sha dorulomon zamonlarga qaytmoqchimiz shekilli", deb yozdi Facebook foydalanuvchilaridan yana biri.

Ozodlikning ayni muammo bo‘yicha Respublika va Toshkent shahri IIBga qilgan murojaatlari javobsiz qoldi.

"Doimiy propiska esa yopilmagan"

Doimiy propiska masalasida esa hozircha qo‘shimcha ma’lumotlar yo‘q.

So‘nggi bor Ozodlik olgan rasmiy javobga ko‘ra, ​1999 yildan buyon viloyatliklar uchun yopiq qolayotgan Toshkent shahri va viloyatiga doimiy ro‘yxatga olinuvchilar 2011 yilda qonunda belgilangan 12 toifa fuqarolardir.

Ya’ni, Toshkent shahri va viloyatiga doimiy yoki vaqtinchalik propiska "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalari to‘g‘risida" 2011 yilda qabul qilingan qonun va "O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirish haqida" 1999 yilda qabul qilingan prezident farmoni asosida amalga oshiriladi.

Ammo, amaliyotda bu ro‘yxatda turgan fuqarolar ham, odatan, Toshkent shahri va viloyatiga doimiy ro‘yxatga olinmasligi kuzatiladi.

Xususan, qonunda ro‘yxatga birinchi bo‘lib tirkalgan toifa - poytaxtda "o‘z nomiga rasmiylashtirilgan uy-joyga ega bo‘lganlar" toifasi ham ziddiyatlidir. Ya’ni, poytaxtda uy-joyga ega bo‘lish uchun fuqaroning doimiy propiskasi bo‘lishi lozim. Doimiy propiskasi bo‘lishi uchun esa uy-joyi bo‘lishi lozim.

Bu ziddiyatni respublika va Toshkent viloyati OVIRi xodimlari ham e’tirof etgan, ammo mavjud tartib shuni taqozo qilishidan boshqa jo‘yali javob berishmagan.

XS
SM
MD
LG