Линклар

O‘zbekistondagi eng yirik kimyoviy zavodlardan biri bo‘lgan “Ammofos-Maksam” ishchilariga to‘rt oydan beri maosh berilmayapti. Toshkent viloyatining Olmaliq shaharchasida joylashgan korxona “O‘zkimyosanoat” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi va unda 3200dan oshiq ishchi ishlaydi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, maoshdan qarzdorlikni kamaytirish maqsadida ishchilarga bir marta guruch tarqatilgan. Shunga qaramasdan O‘zbekiston-Ispaniya qo‘shma korxonasining maoshlardan qarzdorligi 5 milliard so‘mdan ortiqroqni tashkil etmoqda.


“Ammofos-Maksam” O‘zbekiston-Ispaniya qo‘shma korxonasi o‘z ishchilariga o‘tgan yilning noyabr oyi maoshlarini bergani yo‘q. Olmaliqdagi zavod ishchilaridan bir guruhi Ozodlikka murojaat qilib, korxona rahbariyati maoshlardan qarzdorlikni uzish bo‘yicha chora ko‘rmayotganidan arz qildi.

Ozodlik bilan telefon orqali gaplshgan ishchilardan biri, maoshlarni kechiktirish so‘nggi 2 yil ichida surunkali muammoga aylanganini aytadi.

“Noyabr oyidan beri oylik berilmayapti. O‘zi noyabr oyigacha ham bir necha oy bermay kelayotgan edi. Uch oylik, to‘rt oylik qilib berardi. Uni ham bo‘lib-bo‘lib berayotgan edi. Undan keyin umuman bermay qo‘ydi. Rahbarlarga aytsak, pul yo‘q, pul tushsa, beramiz, deydi. Bir ikki marta 10 foizdan berdi, lekin uning barakasi yo‘q”, deydi “Ammofos-Maksam” korxonasi ishchisi.

Uning yana aytishicha, zavod deyarli to‘la quvvat bilan ishlamoqda, ishsiz turgan tsexlar yo‘q. Zavodda ishlab chiqariladigan o‘g‘it mahsulotlarining bozori chaqqon, lekin shunga qaramasdan, puldan darak yo‘q, deydi suhbatdosh.

Pul o‘rniga guruch

51 foizi “O‘zkimyosanoat” davlat shirkatiga, 49 foizi Ispaniya investorlariga qarashli qo‘shma korxonada 3200dan oshiq odam ishlaydi. Korxonada oylik ish haqi 500 mingdan 1,5 million so‘mgachani tashkil etadi. O‘rtacha hisob-kitob chiqarilganda, korxonaning maoshlardan qarzdorligi 10 milliard so‘mdan oshiqroqni tashkil qilishi mumkin.

“Ammofos-Maksam” korxonasi direktori Bahodir Sodiqovdan bu holat yuzasidan izoh olish urinishlarimiz natija bermadi. Lekin korxona ma’muriyati vakillaridan biri shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka vaziyatni tushuntirgan bo‘ldi.

“Korxonamizning mahsuloti qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liqligini bilasiz. Shu qishloq xo‘jaligi korxonalari aksar hollarda bizdan olgan mahsulotlar uchun pulning 30 foizini o‘tkazib, qolganini to‘lay olmayapti. So‘nggi bir necha yildan beri shu. Oyliklarni kredit hisobidan berib keldik. Shu sababdan hozir vaziyat yanada qiyinlashdi, chunki hozir korxona hisobiga tushgan pul birinchi navbatda o‘sha kreditlarni yopishga ketmoqda. Mana hozir direktor “O‘zkimyosanoat”ga ketdi. Hozir 600 million so‘m pul tushgan ekan, o‘shani oylikka beramiz, deb turgan edik, Markaziy banki unamayotgan ekan, avval kreditni yopinglar, deb. Vaziyat shunaqa og‘ir”, deydi “Ammofos-Maksam” ma’muriyati vakili.

Suhbatdosh noyabr oyidan beri maoshlardan to‘planib qolgan umumiy qarzdorlik miqdorini aniq bilmasligini, lekin bu yo‘q deganda 5 milliard so‘mdan ortiqroqni tashkil etishini e’tirof etdi.

“Qarzdorlik siz aytgandek, 10 milliard bo‘lmasligi kerak. Chunki bir ikki marta oyliklarning oz qismini berdik. Undan tashqari Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi uyushmasi pulini berolmagani uchun guruch berdi dekabr oyida. O‘shanda oyliklarning bir qismini ishchilarga guruch tarqatish hisobidan qopladik. Pul yo‘qligi uchun odamlarga guruch tarqatish orqali qarzdorlikni kamaytirishga harakat qildik. Shu oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorlik besh milliarddan ortiqroq edi, menimcha”, deydi “Ammofos-Maksam” ma’muriyati vakili.

“O‘zkimyosanoat” davlat hissadorlik shirkati tarkibiga kiruvchi “Ammofos-Maksam” korxonasi O‘zbekistondagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi. 1969 yilda ishga tushirilgan zavodning 49 foizlik ulushi 2009 yilda Ispaniyaning “Maxam Corp, S.A.U” shirkatiga sotilib, qo‘shma korxona tashkil etildi. Zavodning 51 foiz ulushi O‘zbekistonga qarashli. “Ammofos-Maksam” yiliga 500 ming tonna sulfat kislotasi, 220 ming tonna fosfor kislotasi va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqaradi.

“Ammofos-Maksam” qo‘shma korxonasi va O‘zbekistondagi boshqa yirik ishlab chiqarish korxonalarida maoshlarning bir necha oylab kechiktirilishi Ozodlik tez-tez yoritib boradigan mavzuga aylangan.

XS
SM
MD
LG