Линклар

Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 33-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari viloyat markazidagi "Navbahor" stadioni uchun 16 ming 500 so‘mdan pul yig‘ishga majburlanayotganidan shikoyat qildi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi bu summa tuman hokimining farmoyishiga ko‘ra, barcha maktab o‘qituvchilaridan yig‘ilayotganini tasdiqladi, ammo buning ixtiyoriy yig‘im ekanini iddao qildi. Ammo, o‘qituvchilar pulni bermasalar, ishdan bo‘shatilishidan ogohlantirilayotganini aytmoqda.

Ozodlikka bog‘langan va ismini oshkor etmagan chortoqlik o‘qituvchi hamkasblari oylik maoshidan 16 ming 500 so‘mni stadion hisobiga o‘tkazishga majburlanayotganidan norozi ekanini aytdi:

"​Kechagi kuni esa 16 ming 500 so‘mdan "Navbahor" jamoasiga yig‘asizlar, deyishdi. Agar bermasak, ishdan bo‘shashga arizangizni yozing, mehnat shartnomasini bekor qilamiz, deyishyapti. Bu to‘lovni faqat 6 kishi to‘lagan, ko‘pchilik norozi. Shanba kuni yig‘ilish qilib hamma to‘lasin, bo‘lmasa ishni bo‘shatib qo‘ysin, deb rosa gapirdi direktor", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari nomidan gapirgan pedagog.

Uning aytishicha, hamkasblari "Agrobank"dan olingan plastik kartochkalari orqali pul o‘tkazishga zo‘rlanmoqda:

"O‘z ixtiyorim bilan shu pulni mening plastigimdan xayru-ehson qilib, o‘tkazib beringlar, deb yozinglar deyapti. Bank raisiga yozishimiz kerak, ular o‘tkazib yuborarkan. Oyligi ko‘pmi-kammi, demasdan hammadan bir xil olayapti. Yanvar oyida 50-60 ming to‘ladik shunaqa to‘lovlar uchun. 21 ming bolalar sportiga, 3 ming sog‘lom avlodga, 3 ming kottejga (namunaviy uylar qurilishi-tahr), 1 ming ekologiyaga, deb yig‘ishdi. Yana 3 ming xayru-ehsonga, deb alohida yig‘ishdi. Bundan boshqa yig‘imlar ham bor. O‘tkazmayman, deganlar ko‘p bo‘ldi. Lekin, arizangizni yozing, deb do‘q qilishyapti", deydi ismini sir saqlashni so‘ragan o‘qituvchi.

Ozodlik bu shikoyat ortidan 33-sonli maktab direktori Asila Rahmonova bilan bog‘landi. Direktor maktabda yig‘imlar bo‘layotganini inkor qilmadi, ammo bu borada biror izoh bermasdan telefon go‘shagini ilib qo‘ydi.

So‘ngra Ozodlik muxbiri Chortoq tumani Xalq ta’limi bo‘limiga bog‘landi. O‘zini mudir o‘rinbosari Anvarxon Akbarov, deb taqdim etgan mulozim ham yig‘imlar bo‘layotganini tasdiqladi.

Mulozimning muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, "Navbahor" stadioni uchun belgilangan 16 ming 500 so‘m miqdoridagi pul tuman hokimining farmoyishi asosida tumandagi barcha maktablar o‘qituvchilardan yig‘ilmoqda. Ammo bu ko‘ngilli ravishda amalga oshirilmoqda, deya iddao qildi mulozim.

Akbarov o‘qituvchilarni pul o‘tkazishga majburlash mumkin emasligi, qaerdadir shunday holat mavjud bo‘lsa, unga zudlikda chora ko‘rilishini ta’kidladi.

Bu mulozim maktab o‘qtuvchilaridan olinayotgan boshqa yig‘imlar - "Bolalar sporti", "Sog‘lom avlod" jamg‘armalari, namunaviy uylar qurlishi uchun o‘qituvchilardan pul yig‘ilayotganiga oid shikoyatni to‘liq inkor qildi.

(Namangan viloyatining boshqa tumanlarida ham o‘qituvchilar yoki davlat tashkilotlari xodimlaridan stadion uchun pul yig‘ilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ozodlik ixtiyorida mavjud emas.)

Ammo, Namangan viloyatida nafaqat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, balki shifoxona va boshqa byudjet tashkilotlari ishchilaridan "Navbahor" stadioni qurilishi va "Navbahor" futbol jamoasining o‘zi uchun majburiy tartibda "xayru-ehson" yig‘ilgani bir necha bor kuzatilgan.

2013 yili “Navbahor” klubiga atalgan zamonaviy talablar darajasidagi stadion qurilishi uchun ham viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan o‘qituvchilardan tortib “Damas” haydovchilarigacha “soliq” solingan va bu ham aholi orasida yashirin norozilik kuchayishiga sabab bo‘lgan edi.

Eski stadion o‘rnida qayta tiklangan yangi stadionni O‘zbekiston mustaqilligining 22 yilligiga taqdim qilish uchun 40 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ sarflangan va bu summaning asosiy qismi davlat idoralari hamda mahalliy tadbirkorlardan yig‘ib olingani haqida shikoyatlar ko‘p.

1974 yilda tashkil topgan “Navbahor” futbol klubining o‘zi esa 1992 yildan beri O‘zbekiston oliy ligasida muntazam ishtirok etib keladi. "Navbahor" o‘tgan davr mobaynida birgina 1996 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Qolgan chempionat bahslarida ko‘proq bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Jamoa 1992, 1995 va 1998 yillarda O‘zbekiston kubogini, 1999 yili O‘zbekiston superkubogini qo‘lga kiritgan.

“Navbahor” jamoasi 1999-2000 yillarda o‘tkazilgan Osiyo kubok egalari kubogining final bosqichida ishtirok etib, qit’ada to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

XS
SM
MD
LG