Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:58

O‘zbekiston qora bozorida dollar 6 ming 400 so‘mga chiqdi


O‘zbekiston qora bozoridagi bir muddat mo‘’tadillikdan so‘ng AQSh dollari yana rekord darajada qimmatlab, 6400 so‘mga chiqdi. O‘tgan yil oktyabrda 6000 so‘mlik cho‘qqini zabt etgan dollar bir haftadan so‘ng yana pastlagan va ikki oy davomida 5200-5800 so‘mlik me’yorni ushlab turgan edi. Iqtisodchilar buning sababini, odatdagidek, mamlakatda iqtisodiy ahvolning og‘irligi bilan izohlamoqda.

Toshkentning Oloy bozoridagi sarroflar seshanba kuni bir AQSh dollarini 6300 so‘mdan sotib olib, 6400 so‘mdan sotishdi. Shaharning boshqa tumanlaridagi qora bozorlarida ham kun bo‘yi dollar 6360-6410 so‘m miqdorida o‘ynab turdi.

Dollar.uz sayti esa 23 fevralda dollarning Toshkentdagi kursi 6400-6430 bo‘lgani haqida yozdi.

O‘tgan yilning bahorida bir AQSh dollarining qora bozordagi narxi 4000-4200 so‘m atrofida bo‘lgan va avgust oyida bu ko‘rsatkich 4600-4700 so‘mga chiqqan edi.

Kuzga borib besh ming so‘mlik chegaradan o‘tgan dollar, 2 oktyabrda birdaniga 5500 so‘mdan 6000 so‘mga chiqib ketdi. Qora bozorda, taxminan bir hafta shu narxda hukm surgan dollar, yana asta-sekin pastlab 5200 so‘mga tushdi.

Lekin so‘nggi ikki oy davomida dollarning narxi asta-sekin oshib borib 6430 so‘mga chiqdi.

Toshkentlik iqtisodchi Toshbekning aytishicha, o‘zbek so‘mining qadrsizlanib borishi eng avvalo mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq:

- Hozir dollar kursining ko‘tarilishi hamma mamlakatlarda umumiy tendentsiya bo‘lib qoldi. O‘zbekiston ham bundan xoli emas. Eng avvalo, iqtisodiyotning ahvoli yaxshi emasligi, xorijdan mehnat muhojirlari yuboradigan valyutaning kamayishi sabab bo‘lyapti. O‘zbekistonda esa buning mavsumiy xarakteri ham bor. Misol uchun, moshinaga savdoni so‘mda ochib yuborishsa, hamma dollar sotishga tushib ketadi va dollar arzonlaydi yoki har yili Haj mavsumida dollar ko‘tariladi, deydi Toshbek.

Iqtisodchi fikricha, bahor arafasida O‘zbekistonda dollar ko‘tarilishining o‘ziga xos ikki sababi bor:

- Birinchisi, qishda O‘zbekistonda kiyim-kechak yoki xomashyo tovar aylanmasi qisqaradi. Odamlar, asosan oziq-ovqatga sarflaydi topganini. Bahor kelishi bilan savdo jonlanadi, chunki yangi kiyim-kechakka xarajat ko‘p bo‘ladi. Shu paytda xorijdan tovar olib keladigan tadbirkorlarda dollar sotib olishga ehtiyoj kuchayadi. Ikkinchidan esa qurilishlar ko‘payadi. Bu esa o‘z-o‘zidan dollarning qimmatlashishiga sabab bo‘ladi, deydi iqtisodchi Toshbek.

O‘zbekistondagi dollar qora bozorining hayoti erkin. Toshkentning har bir hududida bunday norasmiy bozorlar faoliyat yuritadi. Bu bozorlarning ma’muriyati ham, o‘sha yerdagi militsiya xodimlari ham, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ham bu bozorlardagi valyutafurushlarni yaxshi biladi.

Hukumat odamlari valyutafurushlarning g‘ayriqonuniy tarzda faoliyat yuritayotganini ham yaxshi biladi, biroq ularga hech kim tegmaydi. Asosan O‘zbekiston viloyatlaridan bo‘lgan bu valyutafurushlarning o‘z tillari bilan aytganda “krisha”lari, ya’ni “tom”lari bor.

Bu “tom”lar kimligini ham hech kim bilmaydi. Ora-sirada valyutafurushlardan kimlardir yoki ularning “krisha”lari qamoqqa olingani haqida xabarlar paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonda dollarning rasmiy va qora bozordagi narxi orasida ikki baravardan ko‘p tafovut bor. O‘zbekiston Markaziy bankining 1 AQSh dollariga 23 fevralga belgilagan kursi 2851 so‘mni tashkil qildi.

O‘zbekistonda aholining banklardan erkin valyuta almashtirish imkoni yo‘q. Faqat xorijga boradigan fuqarolarga samolyot chiptasini ko‘rsatganidan so‘ng har kvartalda bir marta 2000 AQSh dollari miqdorida almashtirishi imkoni berilgan. Lekin so‘nggi paytlarda o‘zbekistonliklar buning ham imkoni bo‘lmayotganidan, banklar valyuta sotmay qo‘yganidan shikoyat qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG