Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:59

Chilonzor chinorlari Toshkent hokimi ruxsati bilan kesilgani ma’lum bo‘ldi


O‘zbekiston Tabiatni muxofaza qilish davlat qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan mulozimi Chilonzorning 6-mavzesidagi azim chinorlar Toshkent shahar hokimining 2015 yil 9 oktyabr kungi 876-sonli qarori asosida kesilganini aytdi. Hokimlik esa Vazirlar Mahkamasi ko‘rsatmasi asosida shunday qaror qabul qilinganini ta’kidlamoqda. Natijada, “Murod Buildings” ​chinorlar kesilishiga mas’ul idoralar zanjiridagi so‘nggi halqa bo‘lib chiqmoqda.

O‘zbekiston Tabiatni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiylari Chilonzorning 6-mavzesidagi azim chinorlarni kesishga ruxsat bermaganini ta’kidlamoqda.

Qo‘mita mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda daraxtlar Toshkent shahar hokimining qarori asosida kesilganini aytdi.

- Biz kesmanglar, deb aytolmaymiz. Sababi, Vazirlar Mahkamasini komissiyasi orqali “Priority Standard” firmasiga bir gektar joy ajratib berilgan ekan. Besh qavatli uylar va avtomobil qo‘yish joyi qurish uchun. Shu asosda ular qurilishni boshlagan. Hamma hujjatlarni to‘plab, bizga xat bilan chiqishdi. Katlavanga tushadigan daraxtlarni aktlashtirib, to‘lovlarini to‘latib, o‘zimizning xulosani hokimiyatga qaytarib berganmiz. Oxirgi ruxsatnomani hokim bergan. Biz ularga kesmanglar, deb aytishga haqqimiz yo‘q, chunki Vazirlar Mahkamasi komissiyasining qarori turibdi, - dedi O‘zbekiston Tabiatni muxofaza qilish davlat qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

Buxorolik rassom Bahrom Kalonov Toshkentda daraxtlar kesilishini hajv qildi.
Buxorolik rassom Bahrom Kalonov Toshkentda daraxtlar kesilishini hajv qildi.

Hozir "Priority Standard" buyuritmasi asosida qurilish ishlarini "Murod Buildings" developerlik shirkati amalga oshiryapti.

Shirkat rahbari Murod Nazarov 20 fevral kungi o‘z bayonotida daraxtlar kesilgan hududda “Priority Standard" MChJ buyurtmasi bilan qurilish ishlari olib borayotganini tan oldi, u yerda mavjud 182 daraxtdan 66tasini kesishga Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan ruxsatnoma bo‘lgani, shulardan 40tasi kesilganini bildirgandi.

Arra hokimiyatning qo‘lida

O‘zbekiston Tabiatni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiylariga ko‘ra, hozirda daraxtlarni kesishga faqat hokimiyat ruxsat beradi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrda chiqqan 290-sonli qaroriga asosan mahalliy hokimiyat organlari daraxtlarni kesishga ruxsat berishi lozim.

Shu qaror chiqmasidan oldin daraxtlar Tabiatni muxofaza qilish qo‘mtiasi nazoratida edi.

Buxorolik rassom Bahrom Kalonov Toshkentda daraxtlar kesilishini hajv qildi.
Buxorolik rassom Bahrom Kalonov Toshkentda daraxtlar kesilishini hajv qildi.

​- Hozir bizni qiladigan ishimiz, daraxtlarni hisob-kitobini qilish, kesilgan daraxtlarni aktini tuzish bo‘lib qolyapti, - deydi O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mulozimi.

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Chilonzorda ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashlab, o‘rniga avtomobillar turish joyi qurilayotganini qattiq qoralamoqda.

Xususan¸ Facebook tarmog‘idagi “Potrebitel plyus” guruhi foydalanuvchilari ana shu norozilik ortidan chinorlarni kim kesayotganini aniqlashga kirishgan.

"Priority Standard"​ qobiq shirkat bo‘lib chiqdi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi bir gektar yer ajratib, Chilonzorning 6-mavzesida besh qavatli uylar va avtomobil qo‘yish joyi qurilishiga ruxsat bergan "Priority Standard" MChJ faqat qog‘ozda qayd etilgan shirkat bo‘lib chiqdi.

Facebook tarmog‘idagi “Potrebitel plyus” guruhi foydalanuvchilari mas’uliyati cheklangan shirkatning manzili Toshkentning Sirg‘ali mavzesidagi eshigi qulflangan kvartira ekanini aniqlagani haqda yozdi.

Chilonzorning 6-mavzesida daraxtlar kesilishi norozilikka sabab bo‘ldi.
Chilonzorning 6-mavzesida daraxtlar kesilishi norozilikka sabab bo‘ldi.

"Priority Standard" soxta shirkat bo‘lib chiqdi. Sirg‘alidagi adresiga borsak, eshigiga qulf solingan kvartira bo‘lib chiqdi", deb yozdi “Potrebitel plyus” guruhi foydalanuvchilaridan biri Natalya Osipova.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Toshkent hokimiyati mulozimlari ham O‘zbekiston Tabiatni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiylari "Priority Standard" firmasi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytishdi.

- Biz bilan Sanjar, degan odam shu firmani nomidan ish olib bordi. Qanaqa firma, u tomonini bilmaymiz, - dedi Toshkent shahar hokimligining Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mulozimi.

Londonda yashovchi o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomovga ko‘ra, bu yerda korrupsiyaning hidi kelyapti:

-Ushbu qurilish proektidan manfaatdor odamlarning, aftidan Vazirlar Mahkamasida qo‘li bor. O‘zbekistonda qaror berish jarayonlari bunday korrupsion sxemalarga yo‘l qo‘yib bermoqda. Hukumat qaror berishdan oldin u yerdagi vaziyatni obdon tekshirishi kerak edi. Chunki bu yerda gap nafaqat shahar ekologiyasi, balki shu tumanda yashovchilarning manfaatlari ham e’tiborga olinishi kerak edi, - deydi Alisher Ilhomov.

Eslatamiz, o‘tgan haftada Chilonzor tumanining 6-mavzesida ko‘p qavatli uylar orasidagi ulkan chinorlarning kesilishi u yerda yashovchi aholi noroziligiga sabab bo‘ldi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 18 fevral kuni Chilonzor tumanida yashovchi yuzlab toshkentlik daraxtlarning noqonuniy kesilishi yuzasidan petitsiya imzolab¸ Toshkent shahar hokimiga topshirgan.

Petitsiyada Chilonzorning 6-mavzesida daraxtlarning kesilishi qanday normativ hujjat asosida amalga oshirilgani va qarorning kim tomonidan chiqarilgani haqida hokimiyatdan tushuntirish talab etilgan.

Hokimiyat hozircha mazkur masala borasida jamoatchilikka na yozma¸ na og‘zaki tushuntirish bergan emas.

XS
SM
MD
LG