Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:12

Farg‘onada pichoqlangan militsiya xodimi shifoxonaga yotqizildi


Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi “Qo‘riqlash” boshqarmasi xodimi Tohir Haydarov “Farg‘ona Azot” korxonasi oshpazi tomonidan pichoqlandi. O‘nga yaqin joyidan pichoq yegan militsiya zobiti og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, oshpaz yigit 43 yashar qo‘riqchini o‘zaro janjal payti pichoqlangan.


18 fevral kuni erta tongda “Farg‘ona Azot” korxonasida sodir bo‘lgan ushbu voqea Ozodlikka 23 fevral kuni yetib keldi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor manbaning aytishicha, o‘sha kuni korxona oshxonasida ishlaydigan I.U. (tergov jarayoni ketayotgani bois ushbu shaxs shaxsi ochiqlanmayapti. –tahr.) militsiya xodimi Tohir Haydarovning o‘nga yaqin joyiga pichoq urgan:

“Tohir Haydarovni pichoqlagan yigit xotini bilan korxona oshxonasida ishlaydi. Militsioner bilan oshpaz o‘rtasida adovat bo‘lgan ekan. O‘sha kuni o‘zaro janjal chiqqan va oshpaz yonidagi pichoqni chiqarib, militsiya formasida bo‘lgan Haydorovga bir necha marta urgan. Militsioner yigit qo‘l, yelka va qorin qismlariga o‘ta og‘ir tan jarohati olgani bois hushidan ketgan”, dedi voqea tafsilotlaridan xabardor manba.

Tohir Haydarov Farg‘ona viloyat shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizilgan. Uni pichoqlagan oshpaz yigit esa hibsga olingan.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Farg‘onadagi huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, Haydarov o‘nga yaqin joyidan jarohat olgan:

“Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi “Qo‘riqlash” boshqarmasining 1-alohida militsiya batalyoni militsioneri Haydarov Tohirga oshxona pichog‘i vositasida jarohat yetkazilgan. Pichoq uning bo‘yin sohasiga urilgan, chap ko‘krak va o‘ng ko‘krak sohasiga urilgan. Pichoq o‘pkaning chap tomonidan teshib o‘tgan. O‘ng ko‘krak qafasiga ham pichoq tekkan. Diafragma teshilgan, jigar yaralangan. U o‘sha kuni ertalabki 7larda shifoxonaga zudlik bilan yetkazilgan”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

Suhbatdoshga ko‘ra, militsiya xodimi Haydarovning vaziyati hozirda yaxshilangani bois u jonlantirish bo‘limidan boshqa bo‘limga o‘tkazilgan.

Ayni pyatda oshpaz yigitga nisbatan jinoyat ishi ochilib tergov-surishtiruv ishlari davom etayapti.

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan kuch qo‘llash holatlari kam bo‘lsada uchrab turadi.

Jumladan, o‘tgan yili Navoiy kon metallurgiya kombinati qo‘riqchisini o‘ldirib, o‘g‘irlik qilgan yetti kishi sud hukmiga ko‘ra, 6 yildan 19 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan.

O‘tgan oy esa Namanganning Haqqulobod shahrida militsiya xodimining oila a’zolarini o‘ldirgan 4 shaxs 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

XS
SM
MD
LG